Oliy Majlis deputati Past Darg‘omning besh mahallasida sayyor qabul o‘tkazdi

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati To‘lqin Eshnazarov tumandagi Oshiq ota, Qorasuv, Qoqsoy, Navbahor va Po‘latchi mahallalaridagi sayyor qabullarida ahlining 20 ga yaqin murojaatlarini tingladi.

Qoqsoy mahallasidagi uchrashuvda bir guruh nuroniylar mahallada uyali telefon aloqasi yo‘qligidan shikoyat bildirdi. Murojaat yuzasidan deputat Axborot texnologiyalari va komunikatsiyalarni rivojlantirish vazirligiga so‘rovnoma yo‘llashini ma’lum qildi.

To‘qboy mahallasida yashovchi Yulduz Nomozova onkologik kasalligi bo‘yicha jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga moddiy yordam so‘radi. Deputat bemorga Sog‘liqni saqlash vazirligi orqali order olishda ko‘maklashishga va’da berdi.

Hovuzak mahallasida yashovchi Osiyo Raimovaning hududdagi maktabgacha ta’lim muassasasiga ishga joylashishga ko‘maklashildi.

Shuningdek, aholi bilan o‘tkazilgan muloqotlarda elektr-energiyasi ta’minotidagi uzilishlar, eski maktab binolarini ta’mirlash va qayta qurish, kam ta’minlangan oilalarga uy-joy ajratishga ko‘maklashish masalalariga doir murojaatlar ham ko‘rib chiqildi va tegishli tashkilotlar, mutaxassislar bilan hamkorlikda masalalarga yechim izlandi.

Baxtigul QARSHIYEVA,

O‘zLiDeP viloyat kengashi matbuot kotibi.