Oliy Majlis deputati tadbirkorlarning e’tirozi o‘rinsiz ekanligini tushuntirdi

Samarqand shahridagi “Marmar” dehqon bozorida faoliyat yuritayotgan bir guruh tadbirkorlar 2018 yilning avgust oyida bozor ma’muriyatining qo‘shimcha yig‘imlaridan norozi bo‘lib, O‘zLiDeP viloyat kengashi raisiga murojaat qilgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, bozor ma’muriyati tadbirkorlardan (mol-mulk, elektr energiyasi, gaz, suv, kanalizatsiya, chiqindi chiqarish, qorovul xizmati va boshqa to‘lovlarni ichiga oladigan) bozor infratuzulmasidan foydalanish bo‘yicha savdo maydoni ijara shartnomasini tuzishni talab qilgan.

Mazkur murojaat yuzasidan 2018 yilning 29 avgust kuni ekspertlar va O‘zLiDeP deputatlik guruhi a’zolari, soliq va moliya idoralari xodimlari ishtirokida muhokama qilinib, ijrosi bo‘yicha tegishli tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yuborilgan edi.

2019 yilning yanvar oyi oxirida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining Samarqanddagi saylovchilari bilan uchrashuvida ushbu muammo yana bir bor o‘rtaga tashlandi.

Tadbirkor Bashorat Rahmatova O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari vazifasini bajaruvchi Adham Shodmonovga yuqoridagi masalaga oydinlik kiritishda amaliy yordam so‘rab murojaat qildi.

Uning murojaati xalq noibi tomonidan o‘rganilib, tadbirkorlarning bozor ma’muriyatiga e’tirozi o‘rinsiz deb topildi.

– To‘g‘ri, biz tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz. Ammo qonun oldida barcha teng huquqlidir. Ilgari hududdagi tadbirkorlar faqat yagona soliq to‘lash bilan kifoyalangan. Sir emas, ba’zi hollarda to‘langan soliqlar davlat g‘aznasiga emas, aksincha kimningdir cho‘ntagiga borib tushgan. Bugungi kunda barcha sohalarda bo‘lgani kabi soliq tizimida ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Samarqand shahridagi “Marmar” bozor ma’muriyati o‘z-o‘zidan emas, balki viloyat hokimining 2018 yil 17 fevraldagi 100-sonli qaroriga muvofiq yig‘imlarni talab qilgan – deydi xalq vakili A.Shodmonov.

Baxtigul QARSHIYEVA,

O‘zLiDeP Samarqand viloyat

kengashi matbuot kotibi.