Oliy ta’lim faqat mutaxassis kadr tayyorlash emas, vatanini sevuvchi shaxsni ham tarbiyalashi kerak
Mamlakat rivoji bilimli yoshlarga bevosita bog‘liq. Insonning shaxs sifatida rivojlanishida esa bolalar bog‘chasi, maktab va oliy ta’lim muassasasining o‘rni juda katta. Demak, ta’limni tarbiyadan ajratib bo‘lmaydi, ular ikkisi birgalikda odamni shaxs darajasiga ko‘tarishga xizmat qiladi.
Aqlli inson, bu doimo yaxshi inson degani emasligini hayotda ko‘p bora uchratganmiz. Shu bois, professor–o‘qituvchilar talabalarga qaysi millatdan ekanimizni, yelkamizda yurtimiz sha’ni va g‘ururini ko‘tarib yurganimizni, milliy qadriyatlarga sodiq bo‘lib, dunyoning eng ilg‘or tajribalaridan foydalanish lozimligini, lekin o‘zligini yo‘qotmaslikni muntazam ta’kidlab keladilar. Oliy ta’lim shunchaki, o‘z yo‘nalishida mutaxassis kadrlar tayyorlab bermaydi, shuningdek, u o‘z vatanini sevuvchi sodiq fuqarolarni ham tayyorlashi kerak.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning 2021 yil 26 martdagi “Ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida ma’naviy-axloqiy mezonlar, milliy va umuminsoniy qadriyatlarning ustivorligi masalalarida aniq tavsiya va ko‘rsatmalar berilgan. O‘quv rejasi va dasturlariga ma’naviyat soatlarining kiritilishi, har bir oliy ta’lim muassasasida maxsus jihozlangan maxsus “Ma’naviyat va ma’rifat” maskanlarining tashkil etilishi talaba yoshlarimizni vatanparvar shaxs sifatida shakllantirishda muhim rol o‘ynashi mumkin.
2021 yil 19 yanvardagi ma’naviy-ma’rifiy ishlar tizimini tubdan takomillashtirish, bu borada davlat va jamoat tashkilotlarining hamkorligini kuchaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz “Agar jamiyat hayotining tanasi iqtisodiyot bo‘lsa, uning joni va ruhi ma’naviyatdir”, degan fikrni ilgari surgandi. Jamiyatimizda ma’naviyatning roli va ahamiyatini hech narsa bilan qiyoslab bo‘lmaydi.
Misol uchun, Yevropa mamlakatlarida ota-ona o‘z bolasiga kredit berishi tabiiy holat hisoblanadi. Farzand ulg‘ayib, voyaga yetgach, albatta, kreditni qaytarmasa, javobgarlikka tortilishi ham mumkin. Sud bu holatda ota-onaga o‘sha summani farzanddan olib beradi va bu ularda oddiy hol. Biz esa bu qarashlarni ongimizga singdira olmaymiz. Bu holat bizning mentalitetimizga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Demak, shunday xulosa qilish mumkin: har bir millatning tarbiya borasida o‘z qarashlari bor.
Hamma insonlarning tug‘ilishi, yashashi va boshqa tabiiy xususiyatlari tabiatan bir xil – 9 oy ona qornida yotamiz, och qolsak ovqatlanamiz, charchasak dam olamiz va hokazo. Ammo yashash tarzimiz har xil, qarashlarimiz turlicha va odatlarimiz ham shunday. Va hududlarga hos bo‘lgan mana shu jihatlar - odatlar, qarashlar, madaniyat bizni shaxs sifatida, millat sifatida shakllantiradi.
Ma’naviyatli insonni mag‘zi to‘q mevaga qiyoslash mumkin. Bunday odamlarni yo‘ldan ozdirish, maqsaddan qaytarish qiyin. Ular har qanday holatda ham o‘zligini unutmaydi, qaysi millatdan ekani yodida turadi.
Yaqinda talabalarimiz bir necha oy davomida Yevropadaning bir necha davlatlari, xususan, Germaniyada malaka amaliyotini o‘tab qaytishdi. Bu yerda qishloq xo‘jaligi, veterinariya sohasi butunlay avtomatlashtirilgan. Inson omili bu yerda faqat boshqarish uchun kerak, ya’ni asosiy ishlarni mashinalar amalga oshiradi. Lekin talabalarimizning bir holati nemislarni ta’sirlantirdi. Ular tarixiy joylarga sayohat davomida boshlarida o‘zbekona do‘ppi bilan suratga tushishdi. Bu ko‘p narsani anglatishi mumkin.
O‘zbekiston - ulug‘lar makoni, bu yerdan buyuk insonlar yetishib chiqqan. Xalqimiz azaldan oilaparvarligi, vatanparvarligi, go‘zal e’tiqodi bilan yuksak ma’naviyatli millat sifatida dunyoda tan olib kelingan. Yangi O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa yoshlari ana shu jihatni hamisha yodda tutishlari lozim. Ma’naviyatsiz jamiyat esa baribir tanazzulga yuz tutadi. Biz yoshlarimiz ongiga ana shu haqiqatlarni singdira olsak, Renesans shu degani.
Xudoynazar Yunusov,
SamVMI rektori, biologiya fanlari doktori, professor.