Oliy ta’limda korrupsiyani qanday to‘xtatish mumkin?

25 yil davomida ta’limga yetarlicha e’tibor berilmagani uchun eng yetakchi soha bo‘lishi lozim bo‘lgan oliy ta’lim tizimi ancha orqada qolib ketdi. Yillar davomida oliy ta’lim muassasalari bitiruvchilarining aksariyati o‘z ish o‘rniga ega bo‘lolmadi. Bir eslab ko‘raylik, 20 yil oldin turizm tushunchasining qamrovi bu qadar ahamiyatli emasdi.  Hozir esa talab butunlay boshqacha, lekin bizda hali ham ta’lim eski texnologiya bo‘yicha o‘qitilmoqda, ya’ni o‘qituvchi va o‘quvchining asosiy o‘quv quroli daftar va ruchka. Chunki hali ham oliy ta’limda zamonaviy jihozlar, laboratoriyalar, kompyuter va boshqa jihozlar yetarli emas va uni o‘rgatadigan malakali kadrlar yetishmaydi.

Bu fikrlar bugun Samarqand davlat universitetida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Abdujabbor Abduvohidov bilan viloyatimizdagi oliy ta’lim muassasalarining rahbar xodimlari, o‘qituvchi va professorlari ishtirokida oliy ta’lim sifatini ko‘tarish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash bo‘yicha Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan 5 tashabbus va 24-28 may kunlari o‘tkazilgan yig‘ilishda berilgan topshiriqlar ijrosiga bag‘ishlangan tadbirda bildirildi.

Tadbirda oliy ta’limda shaffoflikka erishish, internet va o‘quv laboratoriyalaridan foydalanish, imtihonlar jarayonida inson omilini kamaytirish, ta’limda korrupsiyaga chek qo‘yish, kitoblar va o‘quv adabiyotlari fondini mustahkamlash bo‘yicha fikrlar bildirildi.

- Oliy ta’lim muassasalarining o‘zini o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tishi sohada korrupsiyani kamaytirish va ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiladi, - deydi A.Abduvohidov. – Tuzilayotgan reytinglarda oliy ta’lim muassasasining nufuzi unda qancha talaba o‘qishiga qarab emas, balki bitiruvchilari qanchasi qayerda ishlayotganiga qarab belgilanishi kerak. Mashhur ta’lim dargohlarini dunyoga tanitgan jihat mana shu. Bizda esa avval rektorlar yana kvota qo‘shib berishni so‘rashardi, bu korrupsiyaga yo‘l ochadi. Joriy yildan rektorlar qabulga aralashmaydigan bo‘ldi. Qolaversa, oliy ta’limda sifatli kadrlar tayyorlash va raqobatni shakllantirish uchun Germaniya davlati bilan hamkorlikda 2020 yildan boshlab bizda o‘qitilmaydigan meditsina injeneriya, bio injeneriya kabi 20 tadan  ortiq yo‘nalishda kadrlar tayyorlashni boshlayapmiz.

Tadbirda Samarqand davlat tibbiyot instituti, Samarqand iqtisodiyot va servis instituti, Samarqand davlat universiteti va Samarqand davlat arxitektura-qurilish institutida talabalar yotoqxonasi yetishmasligi, laboratoriya jihozlarining qarovsizligi, o‘quv binolarining xarobaligi kabi holatlar aks etgan lavha namoyish etildi. Mutasaddilarga bu muammolarni bartaraf etish, ta’limda sifatga erishish bo‘yicha aniq vazifalar topshirildi.  

O‘ktam XUDOYBERDIYeV.