Onlayn bog‘cha: Kim, nima o‘rgandi?
Respublikamizda e’lon qilingan karantin sabab bog‘chalar faoliyati vaqtinchalik to‘xtatilganiga bir oydan oshdi. Ammo ta’lim, mashg‘ulotlar to‘xtagani yo‘q. Farzandlarimiz uyda bo‘lsa ham, bog‘cha opalarining nazoratida, ular bergan vazifalar ota-onalari yordamida bajarilmoqda. Xo‘sh, onlayn bog‘cha bizga nima o‘rgatdi?
Tarbiyachilar o‘z ustida ko‘proq ishlayotganini aytsa, ota-onalar farzand bilan munosabatni, ularning qiziqishini o‘rgandim deydi. Aslida-chi?
- Karantin davrida ham farzandlarimiz e’tibordan chetda qolmadi, - deydi viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Dilfuza Azizova. - Maktabgacha ta’lim vazirligi tashabbusi bilan “Bolajon” telekanalida onlayn bog‘cha loyihasi ishga tushdi. Bunda bolajonlarimiz “Ilk qadam” va “Aqlvoy” davlat dasturlari asosida mashg‘ulotlarni kuzatmoqda. Bu ayniqsa, chekka tuman aholisi uchun ayni muddao. Chunki viloyatimizning barcha hududlarida internet yaxshi ishlamaydi. Shuningdek, viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi tomonidan onlayn guruhlar tashkil etilib, unga barcha tuman va shaharlarning maktabgacha ta’lim bo‘limlari, tarbiyachilar, metodistlar, ota-onalar jalb qilingan. Mazkur telegram guruhlarida maktabgacha ta’lim tashkilotining ta’til davrida, bolalar kun davomida uyda zerikmasligi va bilim ko‘nikmalarini mustahkamlashi uchun ota-onalarga tavsiya berilmoqda. O‘z navbatida ota-onalar ham bolalari bilan mashg‘ulotlar olib borib, buni guruhda joylashtirishi mumkin.
Har bir bog‘chaning o‘z telegram guruhi bor. Tarbiyachilar kundalik mashg‘ulotlarni ota-onalar bilan hamkorlikda bolalarga o‘rgatmoqda. Telegram guruhlari o‘zaro tajriba almashish, o‘rganish, izlanish maydoniga aylandi. Ustoz-shogird maktabi shakllandi. Bugungi kunda 11300 nafar ota-onalar va pedagoglar mazkur guruh a’zosi.
- Nevaram Narpay tumanidagi 1-maktabgacha ta’lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi, - deydi Gulchehra Qodirova. – Karantin davrida o‘tkazilayotgan mashg‘ulotlar biz, buvijonlarni ham qiziqtirib qo‘ydi. Shu vaqtgacha bog‘chada qanday ta’lim-tarbiya berilishini yaxshi bilmasdim. Endi o‘rganib oldim. Nevaram onlayn mashg‘ulotlarning aksariyatini mustaqil bajarayapti. Asosiysi, bolalarimiz ta’limdan uzilmadi. Ular bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bilan birga ta’lim-tarbiya ham olmoqda. Nevaram hayvonot olamiga qiziqar ekan. Buni mashg‘ulotlar davomida angladim. Onlayn mashg‘ulotlar farzandingizning qiziqishini o‘rganishga ham ko‘mak berar ekan
Onlayn mashg‘ulotlar tarbiyachilar bilan ota-onalar o‘rtasidagi masofani yanada yaqinlashtirdi, ularning o‘zaro hamkorligini mustahkamladi. Farzandlari qay tartibda, qaysi mezonlar asosida ta’lim-tarbiya olayotgani ota-onalarga ma’lum bo‘ldi.
- Onlayn guruhlar orqali tarbiyachilar fikr almashayapti, o‘z kamchiliklari ustida ishlayapti, ota-onalar ham faol, - deydi metodist Barno Asomiddinova. - Ular farzandlari tomonidan bajarilayotgan topshiriqlarni, mashg‘ulotlarni videorolik qilib guruhlarga tashlayapti. Shu o‘rinda ayrim ota-onalarimiz farzandlarining mashg‘ulotlariga befarq ekanligi kishini ranjitadi. Bugungi sinovli kunlarda bir-birimizni qo‘llagan holda ish olib borishimiz kerak-da. Ertalab 5 daqiqa badantarbiya bilan shug‘ullanish, surat chizdirish, rangli qog‘ozlarni turli shakllarda kesib, maydalangan bo‘laklarni qog‘ozga chizilgan hayvon suratiga yopishtirish bolaning aqliy qobiliyatini rivojlantiradi.
Viloyat maktabgacha ta’lim boshqarmasi shu kunlarda “Eng fidoyi pedagog”, “Eng ijodkor bolajon”, “Ijodkor oila” nominatsiyalari bo‘yicha onlayn tanlovlar o‘tkazmoqda. Shuningdek, videomashg‘ulotlar monitoring qilinib, "Eng faol tuman", "Eng ijodkor tuman", "Eng mashg‘uloti sifatli" nominatsiyalari bo‘yicha tanlovlar rejalashtirilgan.
Nasiba JONTO‘RAYeVA.