Oqdaryo tumani parrandachilikka ixtisoslashadi(mi?)
Parrandachilik qishloq xo‘jaligida va aholi daromadlarini oshirishda iste’mol bozorini sifatli parhez go‘sht va tuxum mahsuloti bilan ta’minlashda muhim tarmoqlardan hisoblanadi. Shu bois, sohani rivojlantirishga alohida yondoshuv asosida e’tibor qaratilmoqda.
Toshkent agrar universiteti Samarqand filialida Oqdaryo tumani aholisini bosqichma-bosqich parrandachilikning go‘sht va tuxum yo‘nalishiga jalb etish mavzusida o‘tkazilgan viloyat seminarida soha istiqbollari muhokama qilindi.
Viloyat hokimi o‘rinbosari F.Abilov, viloyat prokurori o‘rinbosari S.Usmonov tumanlardagi soha mas’ullari, tadbirkorlar, tomorqachilar ishtirok etgan seminarda parrandachilik sohasiga oid vositalar ko‘rgazmasi tashkil etildi. Ko‘rgazmada namoyish etilgan parrandachilik xo‘jaliklari uchun zarur barcha uskunalar viloyatimizning o‘zida ishlab chiqarilmoqda.
- Yil boshida viloyatimizdagi parrandalar bosh soni 13 million 448 mingdan ortiq edi, - deydi viloyat hokimi o‘rinbosari F.Abilov. – Bu 2019 yilga nisbatan 584 mingga yoki 4,5 foizga ko‘p. Xo‘jaliklar toifalari bo‘yicha sohani tahlil qilsak, jami parrandaning 47,5 foizi dehqon (shaxsiy yordamchi) xo‘jaliklarda, 33 foizi fermer xo‘jaliklarida, 19,5 foizi qishloq xo‘jaligi faoliyatini amalga oshiruvchi tashkilotlar hissasiga to‘g‘ri keladi. Aslida sohani yanada rivojlantirish uchun bundan-da katta imkoniyat mavjud. Chunki parrandachilik har bir xonadonda yo‘lga qo‘yish va yuqori daromad olish mumkin bo‘lgan serdaromad soha. Bugungi seminar ham xonadonlarda parrandachilikni yo‘lga qo‘yish orqali avvalo, aholi daromadini oshirish, qolaversa, bandlikni ta’minlash, bozorlarda narx barqarorligini ta’minlash maqsadida tashkil etilmoqda.
Seminar ishtirokchilari institutda tashkil etilgan Fermerlar maktabi faoliyati bilan ham tanishdi, mutaxassislardan parrandachilikni yo‘lga qo‘yish, boqish va daromad olish borasidagi savollariga javob olishdi.
Shundan so‘ng seminar ishtirokchilari tumanning ikkinchi sektor hududida joylashgan Dahbed mahallasida parrandachilikni yo‘lga qo‘yib daromad olayotgan xonadonlarda bo‘lishdi. Masalan, shu mahallada yashovchi Munavvar Usmonova 30 yildan ortiq vaqtdan buyon parranda boqadi va mehnatining ortidan oilaga yaxshigina daromad keladi.
- Xonadonimizda 10 xilga yaqin parranda, kichikroq hovuzda baliq, 15 oila asalari, quyon, chorva mollari boqamiz, 2 sotix yerga limon ekib, issiqxona tashkil etganmiz, - deydi M.Usmonova. – 3 o‘g‘lim, qizim va kelinlarim parrandaga qarash bilan band. O‘tgan yili o‘g‘lim qo‘lbola inkubator yasadi, hozir shu qurilma yordamida turli xil parranda tuxumlaridan jo‘ja ochtiryapmiz. Mehnatimiz ortidan yiliga 40 million so‘mgacha foyda olyapmiz.
Ushbu mahalladagi aksariyat xonadonlar tomorqachilikni daromad manbaiga aylantirib, ekin ekish, chorvachilik, ayniqsa parrandachilikdan daromad olishni yo‘lga qo‘ygan. Seminarda ushbu mahallaning tajribasini ommalashtirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.
O‘ktam XUDOYBERDIYeV,
Baxtiyor MUSTANOV (foto).