Oqila qaynona keliniga zulm qilib, o‘g‘lining baxtsizligiga sababchi bo‘lmaydi
Keyingi yillarda mamlakatimizda oilaviy ajrimlar ko‘payib borayotganligini kuzatish mumkin. Masalan, 2022 yilning yanvar-iyul oylarida respublika bo‘yicha 28,5 mingta nikohdan ajralish holatlari qayd etilgan. Viloyatlar kesimida oilaviy ajrimlarning eng ko‘pi – 3 mingtadan ziyodi Samarqandda ro‘y bergan.
Tahlillar oilalar buzilishiga asosan, oilaviy kelishmovchiliklar, moddiy qiyinchiliklar, spirtli ichimliklarga ruju qo‘yish, befarzandlik, er yoki xotinning kasalligi, jufti haloliga xiyonat, uzoq vaqt birga yashamaslik, o‘zaro bir-birini tushunmaslik, yoshlarning turmushga tayyor emasligi, mustaqil mehnat qilib, ro‘zg‘or tebratishdan bexabarligi, turmushda vujudga keladigan qiyinchiliklarga irodasizlik va uchinchi shaxslarning aralashuvi sabab bo‘layotganini ko‘rsatmoqda.
Afsuski, uchinchi shaxs aralashuvi nafaqat kuyovning aka-ukalari, opa-singillari, qo‘shnilari, kelinning ovsinlari, balki qaynonasi timsolida ham ko‘rinmoqda. Ma’lumotlarga qaraganda, oilaviy ajralishlarning yarmidan ko‘prog‘iga aynan qaynonalar sababchi bo‘layotgan ekan.
Bu xususda kamina qator hayotiy misollar keltirishim mumkin. Mahalla raisi sifatida haftasida bir necha marta oilaviy janjalu kelishmovchiliklarni o‘rganib chiqishga to‘g‘ri keladi. Yillar davomida o‘g‘liga jufti halol qidirib, uyma-uy yurgan, qancha odamlardan so‘rab-surishtirish natijasida bir xonadonning qizini tushirgandan so‘ng ko‘p vaqt o‘tmasdan, u kelin qaynonaga “yoqmay” qoladi. Bir tiyinga arzimaydigan, jo‘yali bir sababsiz qaynona-kelin munosabatlari yomonlashadi va bu oxir-oqibat oilaning buzilib ketishiga olib keladi.
Oila qurishdan asosiy maqsad bolali bo‘lish, naslni davom ettirish, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanib, ularning yaxshi insonlar bo‘lib ulg‘ayishi uchun bor kuch-g‘ayratni sarflashdan, baxtli hayot kechirishdan iborat emasmi? Agar shunday bo‘lsa, oilada eng asosiysi er va xotin munosabatlari va ularning risoladagidek bo‘lishiga erishishdan iborat. Bu yo‘lda er va xotinga ularning ota-onalari, yaqinlari yordam berishi kerak. Chunki tinch oilada sog‘lom munosabatlar hukmron bo‘ladi, bolalar har tomonlama kamol topishi uchun sharoit muhayyo bo‘ladi.
Ajrimlar kattalarning ham, bolalarning ham asab tizimiga salbiy ta’sir qiladi. Ma’lumotlarga qaraganda, mamlakatimizda o‘lim sabablarining aksar qismi yurak, qon-tomir kasalliklariga to‘g‘ri kelmoqda. Bu xastaliklarning asosiy sababi esa asab tizimi bilan bog‘liq.
Shunday ekan, katta umidlar bilan, ko‘p hollarda juda katta xarajatlar evaziga tuzilgan oila buzilishiga sababchi bo‘layotgan qaynonalarni qanday tushunish mumkin? Nega keliniga zulm qiluvchi qaynonalar bo‘lmag‘ur urf-odatlar asirasiga aylanadi-da, “odamlar nima deydi” degan fikrga mahkam yopishib olib, o‘z farzandi baxtini o‘ylamaydi? Bunday qaynonalar ortiqcha hoyu-havasga berilgan bo‘ladi.
Xalqimizda “ko‘rmaganning ko‘rgani qursin” degan gap bor. Samarqandda “peshindan keyin boy bo‘lgan” degan gapni eshitsangiz, hayron bo‘lmang. Avvalari kamtarona hayot kechirgan va Ollohning inoyati bilan davlatmand bo‘lib, boylikni ko‘tarolmagan, manmanlikka berilib ketganlar peshindan keyin boy bo‘lganlar deyiladi.
Ana shunday oilada qaynona o‘zini go‘yo qirolichadek his qiladi, bosar-tusarini bilmay qoladi. Natijada bechora kelinga zulmu zuqum o‘tkazadi, uning hech bir ishi qaynonaga yoqmay qoladi. Janjal bo‘ladi va bechora o‘g‘il ikki o‘t orasida qoladi. Bir tomonda onasi, ikkinchi tomonda sevgan yori, bolalarining onasi. Nima qilsin? Ana shunday vaqtda o‘zidan ketgan “qirolicha” o‘g‘liga “yo meni deysan yoki shu xotinchangni” deb tursa, u nima qilishini bilmay qoladi. Ko‘p hollarda oilada o‘rni bo‘lmagan er, ya’ni kuyovning otasi, oraga tusholmaydi va onaning “aks holda oq qilaman” degani masalani o‘g‘il foydasiga hal qiladi. Oila buziladi.
Bunday holatda insoniy va islomiy nuqtai nazardan o‘g‘il qanday yo‘l tutish kerakligi xususida oilaviy munosabatlar haqida e’lon qilingan qator maqolayu chop etilgan risolalarda batafsil so‘z yuritilgan. Bu yerda faqat shuni uqtirmoqchi edikki, albatta, onaning o‘g‘li uchun qadri baland, uning farzandi ustida ko‘p haqlari mavjud. Shu bilan birga, kelinning ham erida o‘ziga yarasha haqlari bor. Uni boshqa oila ostonasiga qatnab, va’dalar berib, to‘y qilib olib kelgandan so‘ng uning haq-huquqini poymol qilmaslik kerak-ku! Er ham tarafkashlik qilmasdan, bir tomonga qattiq yon bosmaslikka harakat qilmog‘i lozim.
Ko‘p hollarda qaynona va kelin o‘rtasidagi kelishmovchilikni yechish uchun yoshlarni mustaqil yashashiga imkon berish, alohida hovliga chiqarish kerak bo‘ladi. Shu yo‘l bilan biz mahallamizda bir nechta oilani buzilishdan saqlab qoldik. Ammo hamma qaynona ham o‘g‘lining oldidan chiqib ketishiga rozi bo‘lavermaydi. Shunda ahvol jiddiy tus oladi va agar o‘g‘li onasining “onaizor topilmaydi, xotin esa qalashib yotibdi. Senga hali onasi o‘pmagan qizni olib beraman” degan gaplariga mahliyo bo‘lib, taqdiriga tan bersa, nafaqat bu oilasini, balki bundan keyingilarini ham saqlab qola olmaydi.
Biz maqolada faqat qaynonaning ortiqcha hoyu-havasga berilishi oqibatida yuzaga keladigan holat haqida so‘z yuritdik. Qaynona-kelin munosabatlarining yomonlashuviga ta’sir qiluvchi boshqa qator omillar mavjud. Ular haqida alohida so‘z yuritish niyatimiz bor.
Toshpo‘lat Rahmatullayev,
Samarqand shahar Bog‘imaydon mahallasi raisi.