O‘qituvchilar 1 yanvardan boshlab ustama olishlari mumkin
Maktablarda ishlaydigan xodimlarga direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblash yangi yildan davom etadi.
2021 yil 1 yanvardan boshlab, o‘qituvchilarga direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi davom etadi.
Chunki byudjet tashkilotlarida ishlaydigan xodimlarga direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lovlar hisoblanishi to‘xtatib turilishiga oid hukumat qarori loyihasi tayyorlanmadi. Ya’ni, qo‘shimcha to‘lovlarni to‘lamaslik bo‘yicha hech qanday ko‘rsatma berilmadi.
Xabaringiz bor, dastlab Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 16 apreldagi 232-sonli qarori bilan o‘qituvchilarga beriladigan qo‘shimcha ustamalarni 2020 yilning 16 aprelidan 1 oktyabriga qadar to‘xtatib turish belgilangan edi.
Keyinroq esa “2020 yil uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va xarajatlarini maqbullashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Hukumat qarori bilan bu muddat 1 yanvargacha uzaytirildi.
Umumiy qilib aytganda o‘qituvchilar aprel oyidan buyon qo‘shimcha ustamalarni olmayotgan edi.
Ayni paytda muddatni yana uzaytirish bo‘yicha biror harakat yo‘q. Demak, hukumatning amaldagi qarori bo‘yicha to‘lovlar hisoblanishini to‘xtatib turish 1 yanvardan boshlab o‘z kuchini yo‘qotdi.
Endi pedagog xodimlar 2021 yil 1 yanvardan boshlab direktor jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lanadigan qo‘shimcha to‘lovlarni olishlari mumkin.