O‘qituvchilarning uslubiy qo‘llanmalari viloyat miqyosida ommalashtirildi. Ular kimga, qanday naf beryapti?
Viloyatimizdagi bir qator maktablar o‘qituvchilari hamkasblarining kasb mahoratini mustahkamlash uchun uslubiy qo‘llanmalar yaratmoqda. Xususan, Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi umumta’lim maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchi-murabbiylar o‘zlarining boy tajribasi, amaliyoti va bilimlarini qo‘llab, uslubiy qo‘llanmalar ishlab chiqdi. E’tiborlisi, bu qo‘llanmalar nafaqat tuman, balki viloyatdagi maktablarda keng ommalashtirilmoqda.
Jumladan, 81-umumiy o‘rta ta’lim maktabining geografiya fani o‘qituvchisi I.Rahimovning “Urgutning geografik o‘rni”, 121-maktabning boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi D.Abloyorovaning “Boshlang‘ich sinf o‘qituvchilari uchun”, 7-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi Sh.Murodovning “Integrirovannie uroki russkogo yazika i literaturi”, 30-maktabning tarix fani o‘qituvchisi B.Ahmedovning “Urgutning muqaddas qadamjolari”, 5-maktabning rus tili fani o‘qituvchisi A.G‘ulomovning “Izucheniye chastey rechi na urokax russkogo yazika”, 136-ixtisoslashgan davlat umumta’lim maktabining matematika fani o‘qituvchisi T.Aminovning “PISA topshiriqlarini onlayn tarzda o‘tkazish va tahlil qilish” deb nomlangan uslubiy qo‘llanmalari tuman va viloyat miqyosida ommalashtirildi. Natijada yosh va tajribasiz o‘qituvchilar bu qo‘llanmalarni o‘z dars jarayonlarida qo‘llab, o‘quvchilarga saboq berishda yaxshi samaraga erishmoqda.
Muallimlar yana qator uslubiy qo‘llanmalar yaratib, ommalashtirishga bel bog‘lashgan. Masalan, 34-umumiy o‘rta ta’lim maktabining boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi U.Qosimovning uslubiy qo‘llanmasi, 22-umumiy o‘rta ta’lim maktabining tarix fani o‘qituvchisi A.Boboyevning “Tarix fanini o‘qitish metodikasi”, 8-umumiy o‘rta ta’lim maktabining kimyo fani o‘qituvchisi A.Rustamovning “Kimyo fanidan aql mashqi” kabi uslubiy qo‘llanmalarni tuman miqyosida ommalashtirish rejalashtirilgan.
E.Po‘latov,
Urgut tumani xalq ta’limi bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari.