O‘rindiqlari olib tashlangan avtobuslar. Barcha bilgan bu holat mas’ullarga nega yetib bormaydi?

Keyingi vaqtlarda avtobus haydovchilari o‘zboshimchalik bilan avtobus saloniga o‘zgartirishlar kiritayotgani kuzatilmoqda. Bugun qaysi bir avtobusga minmang ularda o‘rindiqlar soni kam ekanligini ko‘rasiz. Ayniqsa, 51, 52, 64, 6 kabi yo‘nalishlarda avtobuslarning o‘rindiqlar soni avtobus ishlab chiqarilgan paytdagidan ancha kam, ya’ni 9 yoki 10 tani tashkil etadi.

Har bir texnikaning ishlab chiqarilishida ma’lum texnik me’yorlar bo‘lgani singari, avtobus ishlab chiqarilishida ham o‘sha me’yorlarga amal qilingan. Ko‘p haydovchilar esa bu muhim texnik qoidalarni o‘zboshimchalik bilan buzib, nafaqat o‘zining, balki yo‘lovchilarning ham hayotini xavf ostiga qo‘yadi.

Keksa, homilador va yosh bolali onalar jamoat transportidagi o‘rindiqlar sonining kamligidan aziyat chekishadi. Kamiga ayrimlar yoshi ulug‘larga o‘rin yetmay qoladi ko‘pincha. O‘zboshimchalik bilan qilingan texnik o‘zgarishning xavf xatarini yuqorida aytdik. Bu masala transport sohasi mutasaddilarini e’tiborsiz qoldirayotgani qiziq...

Avtobusda har bir olingan o‘rindiq joyiga o‘rtacha 3 kishi tura oladi. Har ikki bekatda ular almashsa ham, oxirgi nuqtaga yetganda o‘sha yerda 30 yoki undan ham ortiq kishi turganiga guvoh bo‘lasiz. Aslida, har bir avtobusda bir vaqtda 36 nafargacha yo‘lovchi olinishi kerak. Shuning uchun ham o‘rindiqlar soni 18 tani tashkil etadi. Birgina misol qilib 6-yo‘nalishda yuradigan avtobusni olsak, har kuni ertalab soat 7:05 va 8:20 oralig‘ida shu avtobusda 60 tagacha yo‘lovchini ko‘rish mumkin.      

Uydan chiqishimizda manzilga sog‘-salomat yetib borishni istaymiz. Ammo, ikki raqobatchi avtobus o‘rtasidagi “poyga”da haydovchidan ko‘ra yo‘lovchilar ko‘proq aziyat chekadi. Ayniqsa, 51 va 52- yo‘nalishdagi ikki raqobatchi avtobuslar yo‘nalishlarining boshlanishi alohida nuqtada bo‘lishiga qaramay, keyingi bekatlarda yo‘nalishlar tutashgani tufayli ular raqibga aylanib, bir-biridan o‘zishga va ko‘proq yo‘lovchi olishga kirishadi. Ana endi shu “poygachi” avtobuslarning ichida, o‘rindiqlar ham olib tashlangan salonda omonatgina ilashib turgan 50-60 kishining holatini tasavvur qilavering.

Bu avtobuslar 1 yarim soatgacha vaqt ichida yo‘nalish oxirigacha boradi. Ularning kechga qolishiga asosiy sabab ayrim bekatlarda uzoq muddat mobaynida yo‘lovchi kutishidir.

Jumladan, Mirzo Ulug‘bek va Beruniy ko‘chalarining kesishmasida, odamlar tilida “Pavorot”, “Zebo” savdo markazi va “Siyob” dehqon bozori oldidagi bekatlarda shunday holatni kuzatish mumkin. 5-8 daqiqa atrofida to‘xtalish esa yo‘lovchilar vaqtini bekorga sarflashga olib keladi. Bu yerda ham o‘sha muammo oldingizdan chiqadi: o‘rindiqlar olib tashlangan avtobuslarda yo‘lovchilar salon to‘lishini tik oyoqda kutishga majbur.

Yana bir gap. Aksariyat avtobuslar saloni antisanitar ahvolda. Ba’zilarining saloni haftalar mobaynida tozalamaganligi tufayli chang va badbo‘y hid anqib turadi. Har kuni ertalab texnik nazoratchilar bu holatni qanday ko‘rmay qolishi ham taajjubga soladi kishini. Uzrku-ya, ayrim haydovchilarning ahvoli avtobusnikidan qolishmaydi... Eng asabni buzadigani haydovchini boshqaruv paytida telefonda haddan tashqari ko‘p muloqot qilishidir.

Viloyat transport sohasi mutasaddilari, albatta, yuqoridagi muammolarga yechim topadi degan umiddaman. Chunki jamoatchilikning xolis fikrlari yo‘lovchi transportidagi uchrayotgan kichik muammolarni hal etishda yordam berishi shubhasiz.

Hikmatullo TOHIROV.