Oromgohlar mavsumga shaymi?: Ma’nan eskirgan bino, xonalarning kamligi, lager va fermer yer maydoni masalasi

Bugungi kunda Samarqandda 74 ta yozgi oromgoh mavjud. Bu yil ularda 21 ming 100 nafar bola sog‘lomlashtirilishi rejalashtirilgan. Jumladan, 18 ta doimiy oromgoh 9630 nafar, 56 ta kunduzgi oromgoh 11 ming 370 nafar bolani qabul qiladi.

Ayni vaqtda oromgohlarni mavsumga tayyorlash, bolalarning sifatli sog‘lomlashtirilishi va dam olishi uchun sharoit yaratish borasida qilinayotgan ishlar yakuniy bosqichga keldi. Jarayon bilan tanishish maqsadida oromgohlarni ko‘zdan kechirdik.

Jomboy tumanining Ko‘kgumbaz  mahallasida joylashgan “Qaldirg‘och” oromgohi 100 o‘ringa mo‘ljallangan. Aytish joizki, oromgohning 1974 yilda qurilgan binolari talabga javob bermas edi. Joriy yil binolarni mukammal ta’mirlash uchun mahalliy byudjetdan 732 million so‘m mablag‘ ajratildi.

- Bu yilgi mavsumda to‘rt navbatda 400 nafar bolajonni qabul qilamiz, - deydi oromgoh direktori Laziz Pirmatov. – Har bir navbatga 15 nafardan tajribali pedagog, trenerlar jalb qilinadi. Rekonstruksiya qilinayotgan oromgohimizda 4 ta yotoqxona, sport maydonchasi, basseyn, ma’naviyat zali, to‘garaklar hamda yuvinish xonalari mavjud. Ta’mirlash ishlari yakunlanishi bilan xonalarni jihozlashga kirishamiz.

E’tiborimizni tortgani, oromgohning 4 gektarga teng hududida bir qarich ham bekor yotgan joy yo‘qligi bo‘ldi. Futbol o‘ynash, dam olish uchun maydoncha, konsert uchun sahna deysizmi, barchasi hisobga olingan. “Bulung‘ur Dobil Quruvchi” MChJ tomonidan amalga oshirilayotgan qurilish-ta’mirlash ishlari 1 iyunda yakunlanishi ma’lum qilindi.

Toyloq tumani Adas mahallasidagi “Amir Temur” oromgohining umumiy maydoni 1,7 gektarni tashkil etadi. Tuman xalq ta’limi bo‘limi tasarrufidagi bu oromgohda ham mavsumga qizg‘in tayyorgarlik ko‘rilmoqda.

- Oromgoh 2015 yilda xalq ta’limi tizimiga o‘tgan, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri Xurshid Xo‘jaqulov. - Mavsum oldidan binolar joriy ta’mirlandi. Bolajonlar vaqtini yanada mazmunli o‘tkazishi uchun sahna tashkil etildi. Cho‘milish havzasi ham ta’mirlanmoqda. Birinchi navbat uchun 15 nafar xodim ro‘yxati shakllantirilgan.

Oromgohni ko‘zdan kechirish jarayonida yaqinda yog‘gan yomg‘ir oqibatida yotoqxona uchun ajratilgan xonalarning bir nechtasi shiftidan suv o‘tib, birida devor nuraganligiga guvoh bo‘ldik. Bunga izoh so‘raganimizda, mas’ullar bino 1968 yilda qurilganligi, shundan beri mukammal ta’mirlanmaganligini aytishdi. Hozirda tomning suv o‘tgan qismi ta’mirlanibdi.

Unda to‘garaklar uchun alohida xona ajratilmagan. Oromgoh direktori Dilorom Rustamova buning uchun bino umumiy zalidagi bo‘sh burchakdan joy qilishlarini aytdi. Ammo bolalar shovqinda biror nimani o‘rgana olarmikan? Qolaversa, oromgoh hovlisi fermer xo‘jaligining yeri bilan tutashib ketgan. Fermerning yeri qarovsiz, o‘t-o‘lanlar ichida mollar o‘tlab yuribdi. Ikki o‘rtada devor yoki boshqa biror to‘siq yo‘q. Fermerning yeri oromgoh ichigacha kirib kelganiga taajjublanib, mas’ullarni savolga tutganimizda, bu masala sudda ham ko‘rilgani, ilojsiz ekanliklarini aytishdi.

Albatta, bu kamchiliklarni oromgohga jalb qilingan pedagoglar bartaraf eta olmaydi. Ular vijdonan mehnat qilib, borini oshirib, yo‘g‘ini yashirib kelmoqda. Ma’nan eskirgan bino, xonalarning kamligi, fermer masalasi mutasaddilarni o‘ylantirishi kerak. Toki, bolalar oromgohdan faqat yaxshi taassurotlar bilan qaytsin.

Fazliddin Ro‘ziboyev,

Asqar Barotov.