OTMlarda xotin-qizlar uchun alohida grantlar ajratiladi

Farmon bilan 2017–2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi tasdiqlandi. Bu haqda "Huquqiy axborot" kanalida ma’lum qilindi.

Davlat dasturida Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha amalga oshiriladigan qator vazifalar belgilandi.

Jumladan, Davlat boshqaruvi akademiyasi magistraturasi va qayta tayyorlash kurslariga har yili davlat grantlari bo‘yicha umumiy qabul kvotalarining kamida 30 foizi ayollar uchun ajratiladi.

Shuningdek, xalq bilan muloqot qilishning "qayta aloqa" vositalari joriy qilinadi. Hukumat qarorlari ijrosini tashkil etishda keng jamoatchilik fikri o‘rganiladi.

Davlat va jamiyat o‘rtasida o‘zaro yaqin hamkorlikni o‘rnatish, jamoatchilik nazoratini yanada kuchaytirish maqsadida Jamoatchilik palatasi tashkil etiladi.

Bundan tashqari, ekologiya sohasidagi huquqbuzarliklar hamda hayvonlarga shafqatsiz munosabatda bo‘lganlik uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Ma’muriy huquqbuzarliklar va jinoyatlar to‘g‘risida yagona va ochiq statistik ma’lumotlar bazasi yaratiladi.

Gastrol-konsert faoliyatida elektron bilet tizimi joriy etiladi.

Tadbirkorlar uchun yer uchastkalariga oid ma’lumotlarni haqqoniy yetkazish maqsadida Axborot dasturi va maxsus portal yaratiladi.

Tadbirkorlik faoliyati va raqobat muhitiga ta’sir ko‘rsatuvchi qonun hujjatlari va texnik hujjatlar soni 25 foizgacha qisqartiriladi.

OTMlarda xotin-qizlar uchun alohida grantlar ajratiladi.

Arzon uy-joylar qurish dasturi izchil davom ettirilgan holda, jami 12 256 ta qishloq va shaharlarda arzon uy-joylar quriladi.

“Xalqlar do‘stligi va umumxalq birdamlik kuni” joriy etiladi.

“Xalqlar do‘stligi” ko‘krak nishoni ta’sis etiladi.