“Oxranka”ni titratgan maqola

Haqiqiy publitsistni “jamiyat tabibi” deydilar. U jamiyatning qayerida qanday “dard”i borligini bilishi va “davolash” yo‘lini ko‘rsatib berishi lozim. Aks holda, tabib degan nomga noloyiq hisoblanadi. Mahmudxo‘ja Behbudiy xuddi shunday “tabib”lardan biri edi.

U o‘zi yashagan jamiyatdagi barcha illatlarni, jumladan, Turkistonning mustamlaka bo‘lish sabablarini ham o‘z maqolalari, nashrlari orqali ko‘rsatib bergan publitsistdir. Uning o‘sha qattol zamondagi quroli hech eskirmaydigan ma’rifat edi.

Behbudiy barcha fikrlarining tanachalarini, qonini ma’rifat bilan to‘ldirdi. Ma’rifatni esa hech kimsa inkor eta olmasligini u bilardi. Shuning uchun bu bayroqni baland ko‘tardi.

Uning ilk chiqishlarida “jug‘rofiya” mavzui ko‘p uchraydi. Bora-bora yangi maktablarda uni fan sifatida o‘tish lozimligini uqtiradi. O‘zi esa birinchilardan bo‘lib bunday darslikni yaratadi. Behbudiyning jug‘rofiyaga oid kitoblarini ham ma’rifiy publitsistik asarlari qatoriga qo‘shish mumkin.

Misol tariqasida 1906 yili Sankt-Peterburgda chop etilgan “Muntaxabi jug‘rofiyai umumiy” kitobiga murojaat qilamiz. Behbudiy nega jug‘rofiya darsining yangi maktablarda o‘qitilishida sobit turib oldi? Bu darsning zamirida nima bor edi?

Keling, avvalo so‘zning ma’nosini Behbudiyning mazkur kitobidan olamiz: “Jug‘rofiya” degan so‘z yunon lug‘ati arabiyg‘a ta’rif arzi ma’nosiga, ya’ni yer va tufroqni bayon qilaturg‘on ilmning otidur. Jug‘rofiya ilmini necha naf’ foyda va bayonlari bo‘ladur”, deb bu fanning siyosiy, tarixiy, diniy foydalarini batafsil ochib beradi. Behbudiy jug‘rofiya va tarix haqidagi fikrlarini matbuotda ham davom ettiradi. Xususan, bir maqolasi “TVG”ning 1905 yilgi 12-13-sonlarida “Jug‘rofiya ilmi” sarlavhasida bosilib chiqdi. Bu paytdan boshlab biz Mahmudxo‘ja Behbudiyning matbuotda faol qatnasha boshlaganining guvohi bo‘lamiz. Ushbu maqola jadid maktabida o‘qitilayotgan va ko‘p tazyiqqa uchrayotgan jug‘rofiya darsi haqida yozilgan bo‘lib, uning hayot uchun muhimligini muallif juda ishonarli faktlar bilan isbotlab berdi: “3 ming sanadan beri yildan-yilga rivoj topib bir necha asrdin beri nihoyat martabada taraqqiy qilib, naf’ bo‘lib, hatto hozirgi sanag‘a bolalar maktabig‘a ham ushbu ilmni muqaddimasidan boshlab dars beradurlar. Dunyoda turguvchi odamni al-fununlarig‘a o‘qiladurg‘on mo‘’tabar va keraklik ilm va fununlarni biri ushbu jug‘rofiya ilmidur”.

Yangilikni mutaassiblar qabul qila olmas, uni turmushga olib kirish uchun esa tushunarli, ishonchli va mo‘’tabar faktlar ko‘rsatilishi lozim edi. Bu ishni Behbudiy juda oddiy va ibratli dalillar orqali uddalagan, ya’ni o‘sha paytda arablar qiladigan ishlar yerli xalq uchun juda ibrat bo‘la olardi: “Hatto Arabiston ahli o‘qiydur. Kamina raqami huruf vaqtiki Madinai munavvara va harami Nabaviyya ziyoratig‘a musharraf edim, ko‘rdumki, maktablarig‘a ilmi diniya ila barobar zamoni holiyani ko‘rgan ilm va fununlari ushbu jug‘rofiya fani o‘qiladur. Harami sharif ichidaki maktab ibtidoi arab shogirdlari bizni Russiya mamlakatidaki bahri Hazar — Kaspiy dengizi, ya’ni Krasnovudsk ila Boku oralaridaki ko‘l, dengizni ahvoli jug‘rofiya, tul arz umq (chuqurlik - H.S.) mavqei atrofidagi mamlakati va havosidan bahs qilub, o‘qub turg‘onlarini ko‘rgan shohidlardan bizni Samarqandda bordur. Har shaharda ham ko‘rgan kishi bo‘lsa kerak. Arablar yunon tillaridan tarjima qilib, so‘ngra o‘zlaridan qo‘shibdurlar. Taraqqiylariga barcha qatoriga ushbu ham rivoj berib, musulmon ulamo va sayyoh donishmandlari bir necha kitoblar ushbu ilmg‘a tasnif qilib ham naf’ olganlari tarix va jug‘rofiya kitoblari ila sobitdur”.

Publitsist xalqqa ta’sir etishning barcha yo‘llaridan foydalanadi. Chunki tanbal ulamoning hech bo‘lmaganda ushbu kitobni bir o‘qib chiqishlarini istaydi. Tanballik shu darajada ediki, bid’atchilarning birgina gaplari bilan har bir musulmon cho‘chqa go‘shti ushlagandek, taqiqlangan kitobdan hazar qilardi. Kerakli yoki keraksiz jihatlarini ko‘rsatib berishdan avval uni odamlar o‘qishlari lozim edi.

Demak, ulamoni uyg‘otish uchun u matbuot orqali chiqish qilishi, chiqqandayam ishonarli misollar bilan uning afzalligini ko‘rsatib berishi zarur edi. Jumladan, mahalliy xalqning payg‘ambarimiz Muhammad s.a.v. vataniga bo‘lgan muhabbatini bilgan Behbudiy u yerdagi yangiliklar orqali o‘z xalqini ushbu fanga, ya’ni o‘z yurtini bilishga qiziqtiradi, chorlaydi.

“Yer yuzidagi tamomi podsholar, millatlar, firqa barcha podsholarni mamlakatini va sa’tiy va hududiy fuqarosini(ng) adadini quvvai ahvolidan mazhabi oyan, quvvai tijorat, sanoat va boshqa odamizotga taalluq ishlar jamiyat bashariyasi, paydo havodis (hodisalar - H.S.) va muxtariotlarni (ixtirolar - H.S.) aksari ushbu ilmga bayon bo‘lub, jug‘rofiyai imroniy, jug‘rofiyai siyosiy va boshqa ismlar ila ataladur. Inchunun, yerni, dengizlarni ahvoli bu masohati umqiy, sahni, yer va shakl vahiyyatg‘a ekanligi, osmon, oftob, oy va butun yulduzlar ila orasiga bor munosabati, yer nima ustiga va qanday turganligi, kecha va kunduzni ixtilofi, to‘rt faslni(ng) sababi va judi (saxovati - H.S.) bizg‘a kunduz bo‘lub turganda... muqobildaki Amerika qit’asig‘a oqshom hukm qilib turgani yerni bir nuqtasi” ekanligini ta’kidlaydi.

Shu kabi ma’lumotlar avom uchun juda katta axborot hisoblanardi. Behbudiy bu ilmni o‘rganish uchun nega jon kuydirdi? Bu haqdagi fikrlarini doim parda ostida aytib yurgan publitsist 1908 yili jadid maktablariga qoloq ulamo tomonidan hujumlar kuchaygach, ochig‘ini yozishga majbur bo‘ldi. Bu maqola haqida fikr yuritishdan avval Behbudiy hayotidagi ayrim voqealar xususida ham to‘xtalamiz.

1908 yil Behbudiy maqolanavisligining eng sermahsul davridir. Bunga 1907 yil uning uchun sayohat yili bo‘lganligi, xususan, Rossiyaning Sankt- Peterburg, Qozon shaharlariga borganligi, shuningdek, Farg‘ona viloyatidagi ahvol bilan tanishib, taraqqiyparvar, yurt ozodligi uchun kurash istagida yongan insonlar bilan fikr almashganligi bu ijodga zamin yaratadi. Ushbu sayohatlar ta’siri va Turkiya davlatida sodir bo‘lgan ichki inqilob Behbudiyning kelajakka bo‘lgan ishonchini bir qadar kuchaytiradi. “Muhoraba musulmonlarga yoqarmu?» (1908 yil, 15-son), “Bayoni ma’zurat” (1-son), “Bayoni hol” (19-son), “Bir afsuslik xabar” (30-son), “Majlisi imtihon” (33-son), “Mutolaaxona” (48-son), “Qabristoni muslimin” (51-son), “Qonun” (63-65-sonlar), “Ta’rix va jug‘rofiya” (90-son), “Tavzeh” (94-son) kabi yigirmaga yaqin maqolasi “Turkiston viloyatining gazeti”da bosilib chiqadi. Mahalliy tilni yaxshi bilgan gazeta muharriri N.Ostroumov shu yili taraqqiyparvarlar bilan qadimchilar o‘rtasida nifoq uchun maydon ochadi. Bunda muharrir ikki tomonning ham fikrini ochiq beradi. Masalan, Rahmatullo Rahim jadid maktablariga qarshi “Buzuq maktab bolasi usuli jadida” sarlavhali maqolasi bilan chiqadi.

Gazetada fikrini aytish uchun imkoniyat yaratib berganligi uchun muharrir sha’niga iliq so‘zlar aytish mumkindek ko‘rinadi. Lekin uning bu “hur fikrliligi” zamirida taraqqiyotga intilayotgan mahalliy ziyolilarni va ortodoksal musulmonchilikni saqlab qolishni o‘ylagan qadimchilarni bir-biriga zid qo‘yib, ular orasiga ixtilof solish niyati borligini ham sezish mumkin. Ikkinchi tomondan, u gazetasini musulmon ziyolilariga ochib berishga majbur edi. Chunki 1906-1907 yillarda chiqqan “Taraqqiy” gazetasi va izdoshlarining yopilishiga N.Ostroumovning shaxsiy mulohazasi asos bo‘lgandi.

Bahslar shu darajaga yetadiki, muharrir ayrim maqolalarga so‘zboshi yozib, muallif yoki uning maqolasining “popugini pasaytirib” o‘quvchi muhokamasiga tashlashga majbur bo‘ladi. Ulardan biri Behbudiyning “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasidir. Maqola katta shov-shuvga sabab bo‘lgan. U tezlikda “Oxranka” tomonidan tarjima qilingan. Bu tarjima va izoh O‘zbekiston Markaziy davlat arxivida saqlanmoqda. To‘g‘ri, Behbudiy maqolani juda murakkab tilda yozgan. Unda arab, fors so‘zlari ko‘p ishlatilgan, ustiga-ustak, jumlalar ham juda uzun. Behbudiy publitsistikasida atay murakkab tilda yozilgan bunday maqolalar, oz bo‘lsa-da, uchrab turadi. Masalan, “Samarqand” gazetasining oxirgi sonlaridan birida bosilgan “Millatning boshchisi talab kiromg‘a” maqolasi ham yuqoridagilar sirasiga kiradi. Ya’ni, ular millatning ilmli kishilariga qaratilgan murojaatdir. Xo‘sh, Behbudiyning “Ta’rix va jug‘rofiya” maqolasida nimalar yozilgan? Nega uni “Oxranka” tezlik bilan tarjima qildirdi?

Bunga sabab, jadid maktablariga qarshi yozayotgan, gapirayotganlar fikridan, aniqrog‘i, Behbudiy o‘zini nodonga chiqarishganidan ta’sirlanganidir. Shuncha yil xalqni uyg‘otish uchun o‘z mablag‘iga kitob va maqolalar yozib, mehnat qilib, pul sarflab maktablar ochsa-yu, ishining mohiyatini qadimchilar, ta’bir joiz bo‘lsa, xalqqa so‘zi o‘tadigan ziyolilar tushunmagach, u rus zug‘umidan ham qo‘rqmay jug‘rofiya fanining zarurati soyasida masalaning mohiyatini ochib beradi: “chunki bugungi talaba, ko‘ramiz, ertaga ilmli a’zomiz bo‘lurlar. “Kabirat bamuvt al-Kubarro” hukmincha oyandadaki kiborimiz — bugungi guruh sag‘irimizdin (yosh bolalar, kichkinalar — H.S.) tashkil topilur kerakki, bunlar va asl zamonadin va asl zamonamizni bizim bobdaki afgorlaridan (yara, jarohat — H.S.) ogoh bo‘lsunlar. Ahli zamonamizni yahudiy, armani va o‘zga ajnabiy hammamlakatlarimizni taraqqiyi milliy va ilmiy va madaniyalaridin va biz, musulmonlarga qayu yo‘l va sabab ila g‘alaba qilgonlaridan bexabar bo‘lub, alarg‘a balki mag‘lub bo‘lmasligimiz yo‘llarini, lozimdurki, bilsunlar, bilib muqobala bo‘lmaslik qoidasincha harakat qilub, din va millatimizni soxlasunlar”.

Din va millatni saqlash — asosiy vazifa. Buning uchun esa o‘zgalarga mag‘lub bo‘lganimiz sababini anglamoq, qolaversa, endi ularga yutqazmaslik, mute bo‘lmaslik yo‘llarini o‘ylamoq darkor. Buning uchun mustamlakachi hukumatga ochiq qarama-qarshi turmay, armon bo‘lib kelayotgan ilmli jamiyat qurish uchun qayg‘ursinlar, degan xulosani aytadi. Buning uchun o‘tmishda bobolar mavqei qay darajada bo‘lganligini ko‘rsatib beradi. “Zamoni sobiqda jismoniy va ruhoniy va ma’naviy qal’a va hududlarimiz bor ediki, alar sababi-la millat va dinimiz muhofaza va marosimi malfuf (himoyalangan, o‘ralgan) qolur edi.

Hozirgi zamonga na had qoldi, na hudud, na qal’a qoldi. Zamoni ilm va maorif bo‘ldi. Ilmsiz millat, ilmsiz qavm asir va zaif qolur. Ilmsiz davlatni foydasi yo‘q, ilmsiz dunyoni hayoti yo‘q, agar bo‘lsa-da, sabotsiz, bu ilmlardan yolg‘uz sarf va nahv, mantiq, kalom va fiqh emas, balki alar ustiga hikmat, siyosat, ta’rix, qadima va jadida ilm va ahvoli zamoni hozira va alsanai muhovara (suhbat — H.S.) ham prugrom ta’lim va tadrisimizg‘a kerak. Doxil bulsun, toki dunyoi ko‘hnamiz va dini mubayyini (bayon — H.S.) islom va oning ta’rixi taraqqiysi va tarvij va niyati va butun girehi (qeyinchilik — H.S.) arziga intishorini (yoyilish, tarqalish -H.S.) bilib va salafi kiromimizni ilm to‘g‘risindaki g‘ayrat va sarf himmatlaridan g‘ayrat hosil qilayluk. So‘ngra uch-to‘rt asrdan beri butun olami islomg‘a voqe’ bo‘lgan tanazzul va intihot (tushkunlik, sustlik — H.S.) va idborga (baxtsizlik, ishi olding‘a bormaslik — H.S.) voqif bo‘layluk va aning davo va chorasig‘a justijo‘ (qidirish — H.S.) etoyluk”.

Bu ko‘chirmani o‘qib, xuddi shu ahvolda qolgan va XX asrning o‘ninchi yillarida taraqqiyot uchun ilmiy zamin — maorifini rivojlantirishga intilgan Yaponiya ko‘z o‘ngimizda gavdalanadi. Behbudiyning bu yo‘li orqali harakat qilganimizda biz ham Yaponiyadan ortda qolmagan bo‘larmidik...

Behbudiy o‘zining jug‘rofiya kitoblarida ham, maqolalarining ko‘pchiligida ham mana shu ko‘chirmadagi fikrni turli shakllarda ifodalaydi, ya’ni “ilmsiz qavm, ilmsiz millat asir va zaif qolur” yoki “ilmsiz davlatni foydasi yo‘q, ilmsiz dunyoni hayoti yo‘q” va shu kabi tushuntirishlaridan so‘ng “shunday qudratli davlat nega o‘zga yurtning tasarrufiga qolganligi haqida o‘yla”, degan savol-o‘gitni o‘rtaga tashlaydi.

Halim SAIDOV,

filologiya fanlari doktori, professor.

(Davomi bor)