O‘zbekiston delegatsiyasi paxta ishi bo‘yicha Bryusselda o‘tadigan forumda ishtirok etadi
2019-yilning 1-3-aprel kunlari O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Tanzila Norboyeva, Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Sherzod Kudbiyev hamda “O‘zto‘qimachiliksanoat”, “O‘zbekiston ipagi” uyushmalari va Kasaba uyushmalari Federatsiyasi rahbarlaridan iborat Hukumat delegatsiyasi amaliy tashrif bilan Yevropa Ittifoqi poytaxtida bo‘ladi.
Bu haqda Tashqi Ishlar vazirligi sayti xabar bermoqda.
O‘zbekistonning Yevropa Ittifoqidagi missiyasi ma’lumotlariga ko‘ra majburiy mehnatga barham berish masalalariga mas’ul mamlakatimiz Hukumati vakillari Bryussel shahrida “O‘zbekiston paxta terimida bolalar mehnati va majburiy mehnatga qanday barham bermoqda” mavzusidagi munozara forumida ishtirok etadi.
Mazkur tadbir Xalqaro mehnat tashkiloti, Jahon banki, O‘zbekiston, Amerika Qo‘shma Shtatlari va Shveysariya elchixonalari tomonidan tashkillashtirilmoqda. Forum ishida Yevropa komissiyasi, xalqaro nodavlat tashkilotlar vakillari, mehnat va huquqni himoya qilish masalalari bilan shug‘ullanuvchi nodavlat tashkilotlari, paxta ishlab chiqarishda bolalar mehnati va majburiy mehnatga qarshi bo‘lgan turli kompaniyalar ishtirok etadi.
Tashrif dasturidan Yevropa Ittifoqi, Belgiya Qirolligi, huquqni himoya qiluvchi tashkilotlari, Yevropaning yirik ishlab chiqaruvchilari, riteylerlari va kasaba uyushmalari birlashmalari hamda yetakchi Yevropa brendlari vakillari bilan uchrashuvlar o‘rin olgan.
Hukumat delegatsiyasi Kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi bosh kotibi Sharan Barrou, “Human Rights Watch” xalqaro nohukumat tashkiloti va boshqa xalqaro institutlar vakillari bilan ham muzokaralar olib boradi.
Eslatma: Aynan shu delegatsiya 4-6 fevral kunlari AQShga tashrif buyurib, o‘zbek paxtasini "bolalar mehnati bilan yetishtiriladigan mahsulotlar" ro‘yxatidan o‘chirish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazgan edi. O‘sha muzokaralarning samarasi o‘laroq AQSh yaqinda o‘zbek paxtasini "bolalar mehnati bilan yetishtiriladigan mahsulotlar" ro‘yxatidan o‘chirgan edi.