O‘zbekistonda 896 fuqaro koronavirus kasalligiga chalingan, 12 bemorning ahvoli og‘ir

Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov mamlakatdagi epedimiologik vaziyat haqida ma’lumot berdi:

– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 896 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 97 bemorning 30 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 6 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli nisbatan og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 104 bemordan 5 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti.

Mamlakatimizda koronavirus kasalligiga chalinganlarni davolash bo‘yicha samarali ishlar amalga oshirilyapti. Shu paytga qadar 66 bemor sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi. Bu kabi tadbirlar davom etadi, degan umiddamiz.

Bir jihatni yodingizga solmoqchiman: hozirda 80 mingdan ko‘proq fuqaro tibbiy kuzatuv ostiga olingan. Ulardan olingan namunalar Virusologiya laboratoriyalarida tekshirilib turibdi.

Lekin biz xotirjamlikka berilishimiz kerak emas. Kasallik kun sayin ortib borayotganini kuzatib turibsiz. Demak, sizga ko‘chaga chiqmaslik, uyda qolish tavsiya etiladi. Qandaydir zarurat yuzasidan ko‘chaga chiqib, muloqot qilsangiz masofani saqlang. Prokuratura xodimlarining tavsiyasiga ko‘ra, kim bilan muloqotda bo‘lganingizni yozib boring. Bu bilan siz mutaxassislarga kasallik tarqalganlik darajasini aniqlashda ko‘maklashgan bo‘lasiz.

Koronavirusga qarshi kurashishga jalb qilingan barcha soha mutaxassislari mehnatini qadrlaylik!

Qachonki, karantin tadbirlariga so‘zsiz itoat qilar ekanmiz, vaziyatni barqaror ushlab qolishimiz mumkin bo‘ladi.