O‘zbekistonda koronavirusdan sog‘ayish ko‘rsatkichi 32 foizdan yuqori, o‘lim ko‘rsatkichi 0,4 foizga yetmagan
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov koronavirusga chalingan bemorlar haqida ma’lumot berdi:
– Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan 1778 bemor ro‘yxatga olingan. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 95 bemorning 30 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy-tekshirish institutida davolanayotgan 75 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir. Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 151 bemordan 46 nafarida pnevmoniya klinik belgilari bor, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti.
Karantin tadbirlari davom etyapti. Hozirgi vaqtga kelib, kasallikdan to‘liq forig‘ bo‘lib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazilganlar soni 561 nafarni tashkil etyapti. Kechaning o‘zida 111 nafar fuqaromiz sog‘ayib, reabilitatsiya markazlariga o‘tkazildi.
Dunyo hamjamiyatida kasallikka chalinganlarning sog‘ayish ko‘rsatkichi 27 foiz bo‘lgan bir paytda O‘zbekiston Respublikasida 32 foizdan yuqori ekani qayd etilyapti. Kasallanganlar orasida o‘lim ko‘rsatkichi dunyoda 7 foiz bo‘lgan bir paytda mamlakatimizda 0,4 foizga yetmagani quvonarli hol, albatta.
Lekin bundan xotirjamlikka tushishimiz kerak emas. Hozirgi paytda 1190 fuqaromiz davolash diagnostika muolajalarini olyapti. Shunday ekan, karantin tadbirlariga rioya etishimiz shart. Ko‘p davlatlarda jiddiylashib ketgan vaziyat har birimizga saboq bo‘lsin!