O‘zbekistonda qishloq xo‘jaligi sohasini barqaror rivojlantirishga nemis olimlari befarq emas

Samarqand veterinariya meditsinasi institutida “Agrar tarmoqda innovatsion iqtisodiyotni rivojlantirish masalalari” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya ish boshladi.

Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti Samarqand filiali, Germaniyaning Vayenshtefan – Triyezdorf amaliy bilimlar universiteti hamda Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda tashkil etilgan mazkur anjumanda qishloq xo‘jaligi sohasini barqaror rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy tadqiqotlar, amalga oshirilayotgan islohotlar va ularning ijobiy samarasi, qo‘lga kiritilayotgan yutuqlar va yechimini kutayotgan muammolar, shuningdek soha uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlash masalalari muhokama qilindi. 

Xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtiriladigan “Erasmus +” dasturi doirasidagi “TOPAS” loyihasi asosida tashkillashtirildi. Ushbu loyiha respublikamizda 2017 yilda boshlangan va ayni kunda yakuniga yetib bormoqda.

- Loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan OTMlar o‘quv dasturlarini ishlab chiqarishga, amaliyotga yaqinlashtirish va agrar soha uchun malakali va raqobatbardosh kadrlar tayyorlashdan iboratdir, - dedi loyiha koordinatorlaridan biri Farhod Ahrorov. - Loyiha 5 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, o‘tgan davr mobaynida Samarqand veterinariya meditsinasi institutining 9 nafar professor-o‘qituvchi va 6 nafar talaba-yoshlari Yevropaning rivojlangan malakatlarida malaka va amaliyot o‘tadi. Xorijlik professor-o‘qituvchilar tomonidan o‘qituvchilar uchun seminarlar tashkil qilindi. Institutga 24 ming yevro qiymatidagi kompyuter jihozlari, serverlar keltirildi. 300 (+150) nusxada o‘zbek va ingliz tillarida o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar chop etildi.  

So‘nggi yillarda mamlakatimizda qishloq xo‘jaligining muhim tarmoqlarini jadal rivojlantirish, agrar sohada raqamli texnologiyalarni qo‘llash ko‘lamini kengaytirish, meva-sabzavot mahsulotlarini yetishtirish, ularni qayta ishlash va jahon standartlari bo‘yicha qadoqlashga zamonaviy texnologiyalar keng joriy etilmoqda. Islohotlar jahon hamjamiyati va xalqaro ekspertlar tomonidan e’tirof etilayotgani esa, quvonchli holdir.

Konferensiyaga 200 tadan ziyod ilmiy maqolalar yuborilgan va ular alohida qo‘llanma tarzida chop etiladi.

Samarqand veterinariya meditsinasi instituti axborot xizmati.