O‘zbekistonda yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatiladi
O‘zbekistonda Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, 1 apreldan joriy etilayotgan yangi karantin choralari doirasida yakka tartibdagi xayriya aksiyalari vaqtincha to‘xtatiladi.
Xayriya tadbirlari quyidagi markazlashgan tartibda amalga oshiriladi:
- Toshkent shahrida Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazi O‘zekspomarkaz Milliy ko‘rgazma majmuasi tarkibidagi pavilonda tashkil etiladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Nukus shahri hamda viloyatlar markazlarida shunday mexanizm joriy etiladi;
- Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘limlari joylardagi ehtiyojmand oilalar, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar va aholining boshqa yordamga muhtoj qatlami haqidagi ma’lumotni hududiy tegishliligi bo‘yicha Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlariga taqdim etadi;
- jismoniy va yuridik shaxslarning beg‘araz yordamlari Homiylik xayriyalarini muvofiqlashtirish markazlari orqali sanitar-gigiyenik talablarga muvofiqligi ko‘rikdan o‘tkazilib, karantin talablariga qa’tiy rioya etilgan holda (maxsus kiyim bosh va shaxsiy himoya vositalari bilan ta’minlangan holda) ehtiyojmandlarga yetkazib beriladi;
- aholining yordamga muhtoj qatlamiga xayriya yordamlarini shaxsan yetkazish istagida bo‘lgan nodavlat-notijorat tashkilotlari vakillari hamda saxovatpesha insonlar va ko‘ngilli (volontyor)lar ushbu xayriya tadbirlarida yaqindan hamkorlik qilish va jarayonda qatnashishga taklif etiladi;
- ehtiyojmand oilalarga berilgan xayriya yordamlari haqidagi ma’lumotlar jamoatchilikka muntazam yetkazib boriladi.
Pul ko‘rinishidagi mablag‘larni “Mehr-shafqat va salomatlik” jamoat fondiga o‘tkazish tavsiya qilinadi.