Past Darg‘om o‘zgaradi: yangi loyihalar bor
Prezidentimiz topshirig‘iga asosan joriy yil 1 maydan mahalliy boshqaruv organlarini aholiga yanada yaqinlashtirish, mahallalarda olib borilayotgan ish samaradorligini oshirish maqsadida Past Darg‘om tumanida iqtisodiy blok strukturasini takomillashtirgan holda mahallabay ishlash tizimi joriy etildi.
Xo‘sh, yangi tizimning o‘ziga xosligi nimada? Umuman, bu yangilik hudud rivoji, aholi turmush farovonligida qanday ahamiyatga ega?
Topshiriqqa asosan hokimning moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosari boshqaruvida 45 kishidan iborat “Mahallabay ishlash markazi” tashkil etildi. Uning tarkibida mahallalarda tadbirkorlikni, infratuzilmani rivojlantirish, aholi bandligini ta’minlash (oilaviy tadbirkorlik, hunarmandchilik va o‘zini o‘zi band qilish), aholini kasb-hunarga va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘limlari hamda mahallabay ishlash inspektorlari faoliyati yo‘lga qo‘yilmoqda.
Markaz o‘z ishini mahala fuqarolar yig‘ini raisining tomorqa va tadbirkorlik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, mahallalarga biriktirilgan doimiy vakillar, sektorlar boshqaruv ofislari, o‘quv markazlari, monomarkazlar, tijorat banklari, aholi bandligiga ko‘maklashish markazlari, infratuzilma va kommunal tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etadi.
“Mahallabay” ishlar natijadorligi haftaning har shanba kuni muhokama qilib boriladi. Tahlil shuni ko‘rsatmoqdaki, shu paytgacha mahallabay ishlashda faoliyat tizimli tashkil etilmagan. Oqibatda hokimiyat bilan mahalla o‘rtasida uzilish bo‘lib qolgan.
Misol uchun, Chimboy mahallasi aholisining yashash tarzini yaxshilash va doimiy daromadga ega qilish uchun 124 gektar lalmi yer maydonida kooperatsiya asosida anorzor tashkil etilib, 124 ta kam daromadli fuqarolarga 1 gektardan yer maydoni bo‘lib berildi. Bundan tashqari, hududda 100 o‘rinli tikuvchilik korxonasi qurilishi boshlandi, 5 ta boshqa savdo va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari qurilmoqda.
Shundan kelib chiqib, tumanda 1 ta 100 gektarlik sanoat zonasi hamda 10 ta maxsus kichik sanoat zonalarini tashkil etish hisobiga qiymati 1,3 trillion so‘m bo‘lgan 150 dan ortiq sanoat, savdo va xizmat korxonalari tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Masalan, Do‘stlik massivida 100 gektarlik sanoat zonasi tashkil etiladi, shuningdek, shu hududdagi garaj binosi ham 15 yildan buyon foydalanilmasdan bo‘sh turgan edi. Xuddi shunday, Ilm hududidagi sobiq paxta qabul qilish punktining foydalanilmay yotgan maydonlarida kichik sanoat zonalari tashkil etiladi.
Umuman, tumanni rivojlantirish drayverlarini belgilashda geografik joylashuvi, mavjud imkoniyat va sharoitlardan kelib chiqib tumanni 3 hududga bo‘lib oldik. Birinchisi, Samarqand shahri bilan chegaradosh bo‘lgan Charxin massivida yirik ishlab chiqarish korxonalari joylashgan hudud. Bu yerda infrastruktura yaxshi rivojlangan. Qurilish uchun katta xomashyo bazasi mavjud. Bu yerda sanoat shundan kelib chiqib rivojlantiriladi.
Juma hududida savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi rivojlangan. Demak, savdo va servisni, ayniqsa yo‘l bo‘yi infrastruktasini rivojlantirish asosiy yo‘nalishimiz bo‘ladi. Misol uchun, Qorag‘uppa mahallasida 15 ta mebel mahsulotlari ishlab chiqarish loyihasi amalga oshiriladi.
Aslida mahalladagi 695 ta xonadondan 71 tasi mebel tayyorlash bilan shug‘ullanadi. Ularning talabi asosida ishlab chiqarishni kengaytirish uchun mahalla hududidagi 2,5 gektar yerda kichik sanoat zonasi tashkil etishni rejalashtirgandik. Bu taklif davlatimiz rahbarining tashrifi davomida qo‘llab-quvvatlandi.
Tumanimizning Go‘zalkent hududi aholisi asosan qishloq xo‘jaligi bilan shug‘ullanadi. Shuning uchun qishloq xo‘jaligi, ayniqsa, anorchilik, bog‘dorchilik va chorvani rivojlantirish drayver etib belgilandi.
Masalan, 504 gektar maydonda anorchilik, 500 gektar maydonda bog‘dorchilik tashkil etiladi. Anor maydonlari doimiy daromad manbaiga ega bo‘lmagan oilalarga 1 gektardan bo‘lib beriladi. Oilaviy tadbirkorlik tashkil qilib, qator orasiga poliz ekinlari ekish hisobiga yiliga o‘rtacha 11,5 million so‘m, 3 yildan boshlab anor hosilga kirgach o‘rtacha 25 million so‘mdan 120 million so‘mgacha daromad olish mumkin.
Aholi tomorqalaridan samarali foydalanish hisobiga chorvachilik bo‘yicha 1500 ta xonadonga 45 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Barcha yo‘nalishlar bo‘yicha amalga oshiriladigan loyihalar hisobiga byudjetga qo‘shimcha 140 milliard so‘mlik soliq bazasi yaratiladi. 10 mingga yaqin ish o‘rinlari ochiladi.
Oilalar daromadi ortsa, puli ko‘paysa, tabiiyki, avvalo uy-joyi yaxshi bo‘lishini istaydi. Shu bois, joriy yilda Furqat mahallasi hududidan namunaviy loyiha asosida 4 ta 5 qavatli (80 xonadonli) uy-joy quriladi.
Bundan tashqari, yangi tartibda 630 xonadonli 9 ta ko‘p qavatli (shundan 240 tasi subsidiya asosida) uy joy qurish rejalashtirilgan. Hozirda Mirzo Ulug‘bek mahallasida 3 ta 7 qavatli (210 xonadonli) uy-joy uchun yer ishlari bajarilmoqda. Go‘zalkent mahallasidan 6 ta 7 qavatli (420 xonadonli) uy qurish uchun tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Bundan tashqari, 200 ta yakka tartibdagi uy-joylarni qurish va rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan bo‘lib, shundan 120 tasiga subsidiya ajratilishi ko‘zda tutilgan.
Darvoqe, davlatimiz rahbari Eski Juma mahallasi hududidan 5,5 gektar sug‘oriladigan yer maydonidan uy-joy qurishga ruxsat berdi. Bu yerda 1386 xonadonli 22 ta ko‘p qavatli uy quriladi.
Umuman, Prezidentimizning viloyatimizga bu galgi tashrifi tumanimiz uchun ham yangi istiqbolli yo‘nalishlar belgilangani bilan ahamiyatli bo‘ladi.
Shunqor Xudoyberdiyev,
Past Darg‘om tumani hokimi.