Past Darg‘omda «Samarqand viloyati imtihon markazi» ochildi
Ayni paytda ushbu innovatsion majmuaning ochilishiga bag‘ishlangan marosim bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirda viloyat hokimi Erkinjon Turdimov, viloyat sektor rahbarlari, respublika mas’ullari va tuman rahbariyati ishtirok etmoqda.
Ta’kidlanishicha, “Samarqand viloyati imtihon markazi” innovatsion majmuasi har kuni nazariy imtihon topshirish bo‘yicha 800 ga yaqin nomzodni, avtomobil boshqarish imtihoni bo‘yicha esa 400 nafar nomzodni qabul qila oladi.
Butun jarayon to‘liq avtomatlashtirilgan. Nomzod markazga kelganida o‘ziga tegishli individual QR-kodini oladi, bunda u topshiradigan imtihonlarning har bir bosqichi belgilab qo‘yilgan bo‘ladi. Nazariy imtihondan o‘tish uchun 20 ta savoldan kamida 18 tasiga to‘g‘ri javob berish talab etiladi, bunga 25 daqiqa vaqt ajratiladi. Agar ushbu sinov bosqichidan muvaffaqiyatli o‘tsa, nomzod haydovchilik bo‘yicha amaliy imtihonni topshirish huquqiga ega bo‘ladi.
Kutish zalida unga zarur ko‘rsatmalar beriladi, shuningdek, qaysi mashg‘ulotlarni va qanday ketma-ketlikda bajarish kerakligi to‘liq aks ettirilgan video ma’lumotnoma namoyish etiladi. 99 jarima ball chegarasidan oshib ketilmasa, imtihon topshirilgan hisoblanadi. Agar nomzod amaliy imtihondan o‘ta olmasa, u nazariy imtihonni muvaffaqiyatli topshirgan paytdan boshlab 2 oy ichida 7 kunlik interval bilan qayta topshirishi mumkin.
Amaliy imtihonni topshirish uchun markazda uchta maydonga bo‘lingan avtomatlashtirilgan avtodrom mavjud. Birida «B», «C» va «D» toifalari, ya’ni yengil avtomobil, yuk mashinasi va avtobusni boshqarish huquqini beruvchi haydovchilik guvohnomasini olishga da’vogar nomzodlar imtihon topshiradi. Ikkinchi maydonda esa «A» toifasi uchun – mototransport boshqarish huquqiga ega bo‘lishni xohlovchilar amaliy ko‘nikmalarini namoyish etadilar. Uchinchi maydon «BE», «CE» va «DE» toifalari uchun, ya’ni tirkamali avtotransport vositalarini boshqarish bo‘yicha imtihonlarga mo‘ljallangan.
Nazariy va amaliy imtihonlar bo‘yicha qo‘shimcha tayyorgarlikka muhtoj nomzodlar uchun markazda ekspress-kurslar mavjud.
Imtihonlarning ikkala bosqichi muvaffaqiyatli topshirilganidan so‘ng, sertifikat beriladi, nomzodlar bu sertifikat bilan viloyat YHXBga murojaat qilishlari lozim. Sertifikat ma’lumotlar bazasida tekshirilganidan so‘ng, ularga belgilangan tartibda haydovchilik guvohnomasi taqdim etiladi.
- Bugungi kunda yo‘l harakati xavfsizligi masalasi juda dolzarb, - dedi viloyat hokimi ochilish marosimida. - Bunday markazlarning faoliyati haydovchilik guvohnomasini olish sohasidagi korrupsiyaga to‘liq barham berish imkoni borligini amalda namoyon etmoqda. Bu, o‘z navbatida, yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlashning muhim shartidir, chunki imtihonni muvaffaqiyatli topshirganligi to‘g‘risidagi guvohnomani faqat yo‘l harakati qoidalarini, haydovchilik ko‘nikmalarini bilgan va buni amalda qo‘llay oladiganlargina olishlari shart.