Past Darg‘omda sportga e’tibor nega sust?
Ommaviy sport turlarini rivojlantirish, ularni aholi orasida keng targ‘ib etish bo‘yicha qancha ishlar qilinib, chora-tadbirlar belgilanmasin, aksariyat hududlarda bu masalalarga ko‘zbo‘yamachilik bilan yondashilayotgani kuzatilmoqda.
Jumladan, Past Darg‘om tumanidagi 105-maktabning futbol o‘yingohidagi holat e’tiborimizni tortdi. Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi sport kiyimisiz dars o‘tyapti. O‘quvchi bolalar bir-biriga to‘p tepish bilan ovora, qizlar esa o‘yingoh atrofida go‘yoki “sayr” qilishyapti. Sohada 10 yildan ortiq tajribasi bo‘lgan o‘qituvchi Sh.Bobonazarovda, tabiiyki, holatga izoh yo‘q.
Maktab sport zalidagi holat ham achinarli. Inventarlar, mebel jihozlari ma’nan eskirgan, zal yaqin orada tozalanmagan, chiqindilar olinmagan. Hatto derazalarning tashqi qismidagi tokchalarda o‘t o‘sgan. Maktab hududida joylashgan hovuz atrofi o‘ralmagan, xavfsizlik talablariga javob bermaydi.
Tumandagi Qarshiobod mahallasida joylashgan 84-umumiy o‘rta ta’lim maktabining sport maydonidagi basketbol shitlari eskirgan, sport zali shinamgina, ammo kurash gilamlari achinarli ahvolda. Direktor o‘rinbosari Faxriddin Qo‘chqorovning aytishicha, muassasaga sport jihozlari berilmagan. Bu borada bir necha bor murojaat qilingan, lekin natija bo‘lmagach, kurash gilamini o‘z hisobidan olishga majbur bo‘lgan.
Mavzudan tashqari, yana sinf jurnalisiz dars o‘tish mumkinmi?
Avvalgi kollej binosida faoliyat yuritayotgan 127-maktabning sport zali havas qiladigan darajada emas. Pol allaqachon ta’mirga muhtoj. Jismoniy tarbiya fani o‘qituvchisi E.Ortiqovning ta’kidlashicha, “Singan polga kurash gilamini to‘shab voleybol mashg‘uloti olib borilmoqda. Kollej o‘rnida tashkil etilgan maktabni ta’mirlash bo‘yicha ikki yildan buyon tegishli idoralarga taklif berilsa-da, natija bo‘lmayapti. Har yili dastur asosida yangi sport zal qurilishi, sport jihozlari bilan ta’minlanishi va’da beriladi, xolos.
Shu orada stadionda 3-sinf o‘quvchilari uchun o‘tilayotgan jismoniy tarbiya fani darsini kuzatdik. O‘qituvchi B.Pardayevning qo‘lida na jurnal, na bir metodik qo‘llanmani ko‘rdik. U o‘g‘il bolalarga koptokni berdi-yu, futbol o‘ynab turishni tavsiya qildi. Qizlarga esa qanday mashg‘ulot buyurishni bilmay, “boshi qotdi”. O‘quvchilarni yo‘qlama qilish murabbiyning xayoliga ham kelmadi. Aksariyat o‘quvchilarda sport formasi yo‘q. To‘g‘ri-da, mashg‘ulot risoladagidek bo‘lmagach, forma kimga kerak...
B.Pardayev “Jurnal xonamda, darsdan keyin to‘ldirib qo‘yaman”, degan javobidan qoniqmagach, maktab direktorining o‘quv ishlar bo‘yicha o‘rinbosari M.Hazratqulov bilan jurnalni axtarib topdik. Afsuski, o‘qituvchining xonasida turgan sinf jurnali to‘ldirilmagan. Dars mavzusiga “yengil atletika” deya qayd etilgan bo‘lsa-da, amalda o‘tilayotgan mashg‘ulot kishini ajablantiradi.
Salomatlik yo‘lagi qurilsa, xotin-qizlar ham mashg‘ulotlarga jalb etiladi
- Qani endi qishlog‘imizda ham sport maydonchasi, yo‘laklar bo‘lsa, - deydi tumanning Usmonobod qishlog‘ida istiqomat qiluvchi otaxon O‘ktam Mahmudov. - Umrim haydovchilik bilan o‘tgani uchun hozirda yurish qanchalik muhimligini o‘zimda ko‘ryapman. Sport maydoni bo‘lmagani sabab hovlimizda sport bilan shug‘ullanaman. Katta yo‘ldan qishlog‘imizgacha salomatlik yo‘lagi va sport maydonchasi quriladi deyishyapti. Shu ish amalda bitsa, biz, faxriylar xursand bo‘lardik.
- Mahallamizda yashovchi 4411 nafar aholining 1200 nafarini yoshlar tashkil etadi, – deydi Qarshiobod mahallasi raisi Husniddin Do‘stqorayev. – Hududimizda 84- va 127-maktablar bor. Ushbu maktablar o‘yingohlari aholi uchun kunning ikkinchi yarmidan ochiq. Kechasi maktab sport zalida kurash mashg‘ulotlari olib boriladi. Bitta mini stadion faoliyat ko‘rsatib turibdi, yer ajratilsa, bir tadbirkorimiz tomonidan yana bitta davlat-xususiy sherikchiligi asosida qo‘shimcha mini stadion quriladi. Tuman hokimligiga Juma shahrigacha bo‘lgan 4 kilometr masofada salomatlik hamda veloyo‘laklar bunyod etish bo‘yicha taklif berdik. Hozirda dastur asosida yo‘l kengaytirilib ta’mirlash ishlari olib borilyapti. Ammo hozircha yo‘lak masalasi ochiq turibdi. Kelgusida ikki joyda varkout maydonchasi qurilishi bo‘yicha ham joy izlayapmiz.
Suzish havzasidan nega foydalanilmagan?
Tuman markazida joylashgan “Olimp” bolalar suzish havzasi faoliyat ko‘rsatmayapti. Sababi, yaqinda bu maskanda tuman musobaqasi o‘tkazilarmish.
- Sovuq kunlarda havza faoliyat ko‘rsatmadi, - deydi tuman 1-son bolalar-o‘smirlar sport maktabi direktori Jamshid Tillayev. - Musobaqa oldi suvni isitishga harakat qildik. Ammo gaz bosimining pastligi sabab bu ish bir necha kunga cho‘zildi. Hozirgi issiq kunlarda suv harorati yaxshi. Lekin qishki davrda +28 daraja harorat bo‘lishi uchun bir kilometr masofadan alohida tarmoq tortib kelish zarur. Bu borada tuman hokimligiga taklif berganmiz.
Tuman bo‘yicha suzishga ishtiyoqmand 60 nafar yoshlar ushbu sport turi bilan muntazam shug‘ullanadi. Yana 100 nafardan ortiq yoshlar asosiy binoda sportning kurash, taekvondo, dzyudo, sambo, yengil atletika turlari bilan muntazam shug‘ullanadi. Sportga qiziquvchilar soni ortgani bois, BO‘SMning qo‘shimcha binoga ehtiyoji mavjud.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Past Darg‘omda ikkita bolalar-o‘smirlar sport maktabi, 552 ta sport inshooti bor. Ikki kilometr masofada salomatlik va veloyo‘laklar tashkil etilgan. Mavjud 127 maktabning 47 tasida sport zali mavjud emas. 16 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabi sport zalini qayta ta’mirlash va jihozlash zarur. Tumanning Oltiqahramon mahallasida yopiq suzish havzasi qurilishi rejalashtirilgan.
Husan Eltoyev.