Past Darg‘om tumanida “Mening oilam – mening baxtim” tadbirida yigirmaga yaqin ayollar ish bilan ta’minlandi

Past Darg‘om tumanida 15 may – Xalqaro oila kuni munosabati bilan “Mening oilam – mening baxtim” deb nomlangan tadbir hamda Prezidentimizning besh tashabbusi bo‘yicha ommaviy sayl ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Tuman markazidagi “Yoshlar bog‘i”da o‘tkazilgan tadbirlarda hududdagi eng chekka qishloqlardan oilalar va yoshlar ishtirok etdi.
Bog‘ga kiraverishda mehmon va mezbonlarni musiqa va san’at maktabi o‘qituvchi va o‘quvchilari karnay-surnay sadolari ostida kutib oldi.
Ichkariga yo‘l olarkanmiz bir tomonda onaxonlarimizning laparlariyu, baxshi akamizning san’atidan bahramand bo‘lasiz. Sportchi yoshlar o‘z chiqishlarini namoyish etayotgan bo‘lsa, bir tomonda yoshlar rassomchilik mahoratini namoyon etmoqda. Kitoblar ko‘rgazmasi, “Farzandingizga kitob sovg‘a qiling” aksiyasi o‘tkazilgani bayramga hamohanglik bermoqda. Bir tomonda tadbirkorlar mahsulotlari ham namoyish etildi.
Erta tongdan boshlangan tadbir kechgacha davom etdi va besh tashabbus bo‘yicha eng munosib oilalar taqdirlandi. Mukofotlarni viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi G.Alimova topshirdi.
Jumladan, Jag‘alboyli mahallasida yashovchi Olmazor mahallasidan Sherzod Jumaboyev oilasi eng namunali san’atkor oila, Gulbahor Rahimova oilasi eng faol sportchi oila, Juma shahrida yashovchi Ulug‘bek Rahimov oilasi kompyuter savodxonligi bo‘yicha eng namunali oila, Sazag‘on mahallasidan Gulchehra Imomova oilasi eng namunali kitobsevar oila, To‘qboy mahallasidan Gulbeka Qo‘chqorova oilasi eng ko‘p xotin-qizlar bandligini ta’minlagan oila deb topilib tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.
- Tumanimizda sakson mingdan ortiq oilalar mavjud bo‘lib, bugungi tadbirga ularning ko‘pchiligini taklif etdik va ayrimlarining xonadonlariga borib ular holidan xabar oldik, - dedi tuman hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi M.Sanaqulova. – Shuningdek, tadbir doirasida bo‘sh ish o‘rinlar yarmarkasi orqali yigirmaga yaqin xotin-qizlar ish bilan ta’minlandi. Bu kabi tadbirlar hali davom etadi.
Husan ELTOYeV.