Paxtachida IIB xodimiga pora bermoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi

Samarqand viloyati hududida kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organ xodimlari hamkorligida tezkor-profilaktik tadbirlar o‘tkazilmoqda.

Kecha, 18 mart kuni Paxtachi tumani Zarafshon MFYda yashovchi, 1977 yilda tug‘ilgan, fuqaro J.Z.ning yashash uyida tintuv tergov harakati o‘tkazilib, xonadonida tarkibida oltin moddasi bo‘lgan 30 qop ishlov berilmagan qum va qum yuvish uchun mo‘ljallangan 3 ta uskunalar borligi aniqlangan.

Ushbu holatni rasmiylashtirish jarayonida fuqaro J.Z. qilmishi fosh bo‘lib qolmasligini maqsad qilib, Samarqand viloyati IIB transportda xavfsizlikni ta’minlash boshqarmasi huzuridagi tergov bo‘limi tergovchisiga holatni rasmiylashtirmaslik evaziga 500 AQSh dollari miqdorida pul taklif qilgan.

Mazkur holat yuzasidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida fuqaro J.Z. IIB xodimiga jami 7.000.000 (yetti million) so‘m pul berayotgan vaqtida xolislar ishtirokida daliliy ashyolar bilan hujjatlashtirib olindi.

Bu haqda Samarqand viloyati IIB axborot xizmati xabar berdi.