Paxtachida qidiruvda bo‘lgan otalarga 15 sutkadan ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi

Majburiy ijro byurosi Paxtachi tuman xodimlari tomonidan  voyaga yetmagan, moddiy yordamga muhtoj farzandlarning aliment pullarini o‘z vaqtida undirib berish, tushuntirish va xulosa chiqarmagan qarzdorlarga nibatan choralar ko‘rish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2017 yil 6 yanvardagi buyrug‘iga asosan qarzdor S.S.dan  undiruvchi D.X.ning foydasiga uch nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Davlat ijrochilari tomonidan berilgan tushuntirishlar va ogohlantirishlarga qaramasdan qarzdor shu kunga qadar aliment to‘lashdan bo‘yin tovlab kelgan. Natijada uning aliment qarzdorligi bugunga kelib 20 million so‘mga yetgan. O‘zi esa yashash joyidan ketib qolgan. Unga nisbatan qidiruv e’lon qilingan edi.

Olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor S.Sultonov Narpay tumanidan qidirib topilib, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar Paxtachi tuman ma’muriy sudiga yuborildi.

Ma’muriy sudning qaroriga asosan qarzdor S.S O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shuningdek, fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2010 yil 13 yanvardagi buyrug‘iga asosan qarzdor Sh.N undiruvchi F.S.ning foydasiga ikki nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. U ham sud tomonidan qo‘yilgan talabni buzib qayergadir ishlashga ketgan. Natijada uning alimentdan qarzdorligi 55 mln. 100 ming so‘mni tashkil etgan.

 Qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, olib borilgan tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida u Navoiy viloyatining Uchquduq shahridan topildi. Unga nisbatan to‘plangan hujjatlar tuman ma’muriy sudiga yuborilib, sudning qaroriga asosan qarzdor Sh.N O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 47(4)-moddasida nazarda tutilgan huquqbuzarlikni sodir qilganlikda aybli deb topilib, unga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumanlararo sudining 2010 yil 3 iyundagi sud hujjatiga asosan qarzdor Sh.N.dan undiruvchi M.R.ning foydasiga bir nafar farzandining moddiy ta’minoti uchun aliment undirish belgilangan. Uning qarzi 7 mln. 300 ming so‘mni tashkil etgan.

Ijro hujjati bo‘yicha qarzdorga nisbatan qidiruv e’lon qilinib, olib borilgan sa’y-harakatlar tezkor-qidiruv tadbirlari natijasida qarzdor Sh.N Samarkand shahridan topilib, unga nisbatan to‘plangan hujjatlar tuman ma’muriy sudiga yuborildi.

Sudning qaroriga asosan qarzdor Sh.N.ga nisbatan 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlandi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish joizki, fuqaro berilgan jazodan tegishli xulosa chiqarmagan taqdirda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 122-moddasiga asosan jinoiy javobgarlikka tortiladi, deb xabar bermoqda Majburiy ijro byurosi Paxtachi tuman bo‘limi.