Paxtachiliklar ham navoiyliklarga berilgan imtiyozga egami?

Parlament quyi palatasiga viloyatimizdan saylangan deputat Sherbek Bo‘ronov bilan suhbatimiz saylovchilarning qaysi muammolarini hal qilib bergani, ular manfaatlarini himoya qilish borasida olib borayotgan ishlari xususida bo‘ldi.

- Parlament quyi palatasi deputatligiga vakillik organida bir kun ham tajribaga ega bo‘lmasdan saylandingiz. Bu holat va yoshingiz faoliyatingizga qanday ta’sir qilmoqda?

- To‘g‘ri, Qonunchilik palatasi deputati uchun tajriba juda muhim ahamiyatga ega. Garchi deputatlik tajribam bo‘lmasa-da, shu paytgacha real hayotning ichida edim. Faoliyatimiz bo‘yicha qonunlar, qarorlar odamlarga qanchalik manfaat keltirayotgani haqida ma’lum xulosalarga ega bo‘ldim.

Bundan tashqari, 35 yosh ustozlardan maslahat va kuch olib, ayni qizg‘in ishlaydigan, yelib-yuguradigan davr, deb o‘ylayman. Shuning uchun hozirgi yoshim faoliyatimga faqat ijobiy ta’sir etadi. Chunki parlament quyi palatasida qonun loyihalari muhokamalarida qatnashish uchun juda ko‘p hujjat va ma’lumotlar bilan tanishib, tahlil qilish kerak bo‘ladi.

- O‘tgan davr mobaynida saylovchilaringizning qanday aniq muammolarini hal qilib berdingiz?

- O‘zim saylangan hududda ya’ni, Narpay tumani Do‘stlik mahallasidagi 43-maktab 1982 yilda, Ipak yo‘li mahallasidagi 30-maktab 1992 yilda qurilgan. Ikkita maktab ham o‘tgan yillar davomida mutlaqo ta’mirlanmagan. Deputatligimning ilk kunlaridanoq ushbu masalani hal qilishga kirishdim. Ta’lim muassasalarini qaytadan to‘liq rekonstruksiya qilish uchun mutasaddi tashkilotlarga deputatlik so‘rovi yubordim.

Natijada ikkita maktab ham manzilli ro‘yxatga kiritilib, davlat byudjetidan ajratilgan 4 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ asosida qayta ta’mirlandi.

Paxtachi tumani Chorgusha mahallasida elektr energiyasi ta’minotini yaxshilash uchun qishloqqa qo‘shimcha yangi transformator punkti, 25 ta temir beton ustun o‘rnatilib, 650 metrdan ziyod past va yuqori kuchlanishli havo liniyalari tortildi. Hayit Elbegi mahallasida ham shunday ishlar amalga oshirildi.

Umuman olganda, saylovchilarimning, menga murojaat qilgan har bir fuqaroning muammosini baholi qudrat ijobiy hal etishga, ular ishonchini oqlashga harakat qilyapman.

- Parlament quyi palatasi deputati sifatida qaysi tashkilotlar faoliyati Sizda salbiy taassurot qoldirdi. Nima uchun?

- Parlamentdagi o‘tgan to‘qqiz oydan ziyod davr mobaynida bir qator vazirlik va idoralar rahbarlarining axborot va hisobotlarini eshitdik. Ularning barchasiga davlat rahbariyati tomonidan aniq va muhim vazifalar belgilab berilgan. Faoliyatda natijalar ham, o‘ziga yarasha kamchiliklar ham bor, albatta.

Ammo bu salbiy munosabatda bo‘lish uchun asos bo‘lmasa kerak. Agar kamchiliklar keyingi hisobotlar davrida ham bartaraf etilmasa, o‘shanda biror bir tashkilot nomini aytib, asoslab berishim mumkin bo‘ladi, deb o‘ylayman.

- Shu paytgacha aynan Siz tomoningizdan bildirilgan qanday takliflar qonunlarda yoki qonun loyihasida o‘z aksini topdi?

– Bunga ko‘plab misollar keltirish mumkin. Keling, bitta aniq misolni aytaman.

Joriy yilning mart oyida Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasida (shu fraksiya a’zosiman) “Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi keskin bahs-munozara, tortishuvlar bilan tanqidiy ko‘rib chiqildi.

Amaldagi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda, ko‘k yoki ko‘k va qizil rangli tovlanuvchi chiroq-mayoqcha va maxsus tovushli ishoralarini yoqqan holda yaqinlashib kelayotgan tezkor va maxsus xizmatlarning transport vositalari to‘siqsiz o‘tib ketishiga xalaqit berganligi uchun haydovchilarga bazaviy hisoblash miqdori (BHM)ning besh baravari, ya’ni 1 million 115 ming so‘m jarima belgilangan. Qonun loyihasida ushbu jarima miqdorini BHMning o‘n baravari miqdoriga (2 230 000 so‘mga) oshirish taklif qilingan.

Huquqbuzarlik ma’muriy jazo qo‘llanilgandan keyin bir yil davomida takroran sodir etilgan taqdirda, jarimani bazaviy hisoblash miqdorining yigirma besh baravari darajasida belgilash taklifi berilgan. Fraksiyamiz a’zolari qatori men ham jarimani oshirishga qarshi ekanligimni bildirdim. Nega?

Poytaxtimizda, tuman va shahar markazlarida avtomobil yo‘llari talab darajasida emasligi, respublikamizning barcha hududlarida transport qatnovi ko‘paygani, yo‘llar bunday yuklamaga tayyor emasligi sababli tirbandliklar yuzaga kelmoqda. Majburiy tirbandlik holatlarida haydovchilar qanday qilib maxsus transport vositalariga yo‘l berishi mumkin? Bu haydovchining aybi emasku?..

Shu o‘rinda yana bir gap. Qonun tashabbuskorlari xorij davlatlari, jumladan, Singapurda jarimalar bizdagidan yuqori ekanini payqabdi. Lekin u davlatda aholining o‘rtacha daromadi qancha-yu bizda qancha?.. Maxsus transport vositalariga yo‘l bermaganlik uchun jarima miqdori Rossiya Federatsiyasida 10 baravarga oshirilgan (750 ming so‘mga to‘g‘ri keladi), ammo bu bizda amalda bo‘lgan eng kam jarima - 1 million 115 ming so‘mdan ham oz. Bunday huquqbuzarlik uchun jarima miqdori Fransiya va Germaniya kabi davlatlarda ham bizdagidan past. Qozog‘iston, Moldova va Ozarbayjonda esa jarima miqdori bizdagidan qariyb 2 baravar kam.

Demak, jarimalar miqdori aholi daromadiga uzviy bog‘liq bo‘lishi shart. Shu va boshqa ko‘plab asoslarga ko‘ra qonun loyihasi qabul qilinmadi.

- Qonunchilikka Samarqand yoki aynan sizning saylovchilaringiz manfaatlari bilan bog‘liq yana qanday takliflaringiz bor?

- Paxtachi tumani Samarqand shahridan 140 kilometr uzoqlikda joylashgan, 143,9 mingdan ziyod aholining aksariyat qismi asosan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va xomashyo ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi.

Muammo shundaki, tuman Navoiy shahriga ancha yaqin joylashgan. Shahardagi “Navoiy kon-metallurgiya”, “Navoiyazot”, “Navoiyelektrkimyo”, “Qizilqumsement” kabi yirik ishlab chiqarish korxonalari havoga chiqarayotgan zaharli gaz va chiqindilari tuman aholisi salomatligiga ham salbiy ta’sir ko‘rsatib kelyapti. Lekin yetkazilayotgan zarar uchun hech qanday ustama yoki boshqacha shaklda ijtimoiy himoya choralari belgilanmagan. Vaholanki, bunday imtiyozga ega bo‘lgan Navoiy shahri markazi bilan Paxtachi tumanining chegarasi bor-yo‘g‘i 14-15 kilometrni tashkil etadi, xolos.

Shu bois, saylovchilarimning talabi va ularning manfaatlarini himoya qilish maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 6 sentyabrdagi «Mehnat bozorida mehnat munosabatlarini tartibga solishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi qarori bilan tasdiqlangan nizomning 1-ilovasidagi tumanlar ro‘yxatiga Paxtachi tumanini ham kiritish bo‘yicha hukumatga taklif kiritdim.

Ma’lumki, bola parvarishi muddati, ayolga tug‘ish va undan keyingi davr uchun berilgan ta’til (jami 126 kun) ish stajiga kiritilmaydi. Bu albatta, keyinchalik pensiya miqdoriga salbiy ta’sir qiladi. Biz buni huquqqa, ijtimoiy himoya va adolat tamoyiliga, farzand tarbiyasi uchun borini baxshida etishga tayyor onalar manfaatlariga zid, deb hisoblaymiz. Shuning uchun “dekret ta’tillari” davrini to‘liq mehnat stajiga qo‘shib hisoblash bo‘yicha qonunchilikka o‘zgartirish kiritish taklifini tayyorlayapmiz.

Yo.MARQAYeV suhbatlashdi.