Payariq tumani hokimligi nega sud qaroriga e’tiborsiz qarayapti?

Basharti shunday bo‘lmaganida sudda yutib chiqqan yigitning tilloga teng vaqti bu qadar isrof bo‘lmasmidi?! Shundog‘am oradan o‘tayotgan har kun qonunan mulkdor, amalda esa idorama-idora yugurishdan nariga o‘tolmayotgan Jo‘rabek Vahobovning zarariga ishlayotganini takror-takror anglatadi. Payariq tumani hokimligi esa yuzi shuvut qilingan sud qarorini katta mamnuniyat bilan qabul qilib, ijrosi uchun shoshmayotgani afsuslanarli.

- Aslida muammoni jamoatchilikka oshkor qilish niyatim yo‘q, - deydi tahririyatga kelgan J.Vahobov. – Ammo saytlaringizda “Payariq tumani hokimligidan “Rayxona Sharq” MJCh foydasiga qariyb 316 million so‘m undirildi” sarlavhali maqolani o‘qib hayron qoldim.

Maqolada e’lon qilingan boshqa holatlar to‘g‘ri. Lekin ko‘rsatilgan summani hali tuman hokimligi to‘lab bergani yo‘q.

Vaholanki, menga tegishli zavod 3 kun ichida buzib tashlandi. Aslida ogohlantirib, 6 oy muddat berishi kerak edi. Zavod o‘rniga namunali uy-joylar qurilgan. Qolgan 1 gektar yer maydoni tuman hokimligi tomonidan auksion orqali aholiga sotib yuborilgan.

Tuman hokimligiga bir necha marta kompensatsiya to‘lashni so‘rab murojaat qildim. Biroq yetkazilgan zararni to‘lab berishmadi. Kamiga yer ham ajratib berishmayapti.

2019 yilda viloyat adliya boshqarmasiga qilgan murojaatimizdan keyin ular kiritgan taqdimnoma asosida Payariq tumani hokimligi kengaytirilgan yig‘ilish o‘tkazgan. Yig‘ilishda zavod buzilishi oqibatida yetkazilgan zararni qoplash va tovon tariqasida yer maydoni ajratish choralarini ko‘rishga qaror qilingan.

2020 yil Payariq tumanlararo iqtisodiy sudi qaroriga asosan 315 million 520 ming so‘m undirish belgilandi. Bundan tashqari, tuman hokimligidan 6 million 310 ming 400 so‘m davlat boji undiriladigan bo‘ldi.

Bunga ham mana 3 oydan ko‘proq vaqt bo‘lyapti. Lekin hamon bir necha yil oldin yetkazilgan zararni undirolmay sarsonman. Hali tovon tariqasidagi yer haqida gap ham bo‘lishi mumkin emas. Bilishimcha, tuman hokimligi hali-beri zarar uchun sud belgilagan summani to‘lab bermoqchi emas.

Tahririyatdan: Maqoladan muddao masalani chigallashtirish yoki boshqa emas. Shunchaki, Payariq tumani hokimligiga asl muammoga real nigoh tashlab, fuqaroning muammosini hal qilishga ko‘maklashing, demoqchi edik. Zero, bunday holatda ishtiyoq va qat’iyatga putur yetib, fuqarolarning nainki, mahalliy rahbarlar, hatto adolatga nisbatan ishonchi qolmasligi mumkin.