Payariqdagi “qizil” toifadagi maktablar bu holatdan qanday chiqib ketadi?

Keyingi yillarda mamlakatimizda ta’lim tizimiga e’tibor davlat siyosati darajasiga chiqdi. Fidoyi o‘qituvchilar, o‘quvchilar shunga yarasha mas’uliyatni his qilib o‘qitmoqda, tahsil olmoqda. Maktablarning umumiy ahvoliga qarab “yashil”, “sariq”, “qizil” toifalarga ajratilgani bugungi maktablar kechagidek emasligini yana bir bor isbotlaydi.

Bugungi kunda Payariq tumanidagi 99 ta maktabning 15 tasi “qizil” toifasida. Xo‘sh, bu maktablar qanday qilib “qizil” toifaga tushib qoldi? Undan chiqib ketish chora-tadbirlari belgilanyaptimi?

- Bizdagi ayrim maktablarda o‘quv jarayoni deymizmi, o‘quvchilarning oliy o‘quv yurtlariga kirib o‘qishni davom ettirishi deymizmi, kadrlar masalasimi, qo‘yingki, o‘z holiga tashlab qo‘yilgan, - deydi tuman xalq ta’limi bo‘limi mudiri O‘tkir Turg‘unboyev. - Keyingi ikki yil davomida birorta o‘quvchisi oliy o‘quv yurtiga o‘qishga kiraolmagan maktabni nima deb atash mumkin?

Hozir “qizil” toifaga tushib qolgan maktablar bilan alohida ishlayapmiz. Ularning orasida 10-15 yildan buyon direktor vazifasida ishlayotganlari ham bor. Shulardan oltita maktabning direktori ishdan olindi. Ular o‘rniga g‘ayratli, yosh, mas’uliyatni his qiladigan kadrlarni tanlab oldik. Masalan, 43-maktabni olaylik. Bu o‘quv dargohiga Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filialida ishlab kelayotgan G‘olib Tulishevni  direktor vazifasiga ishga taklif qildik. Bundan tashqari, 82-maktabga 75-maktab direktori o‘rinbosari vazifasida ishlab kelayotgan Jahongir Ro‘ziyevni direktor etib tayinladik. Chunki u o‘tgan yili 25 nafar o‘quvchini oliy o‘quv yurtiga tayyorlagan. Ularning 24 nafari oliy o‘quv yurti talabasi bo‘ldi.

To‘g‘ri, bu bilan biz qoyillatib ishlayapmiz, deb aytolmayman. Zamon bizdan bundan ham zalvorliroq natijalarni kutyapti. Biz bu haqda chora-tadbirlarni belgilaganmiz. Nima qilsak, maktabni ana shu “qizil” toifadan chiqaramiz?

Bitiruvchilar bilan ko‘p suhbatlashaman. Aksariyat o‘quvchilar osmondagi oyni ko‘zlaydi. Toshkent jahon tillari, huqushunoslik universitetlariga o‘qishni xohlashyapti. To‘g‘ri, ularning fikriga qarshi chiqmayman. Suhbatlarda ularning bu oliy dargohlarda o‘qishi uchun ko‘proq bilimga ega bo‘lishi kerakligi shundoqqina bilinib turibdi. Shuning uchun bu yoshlar bilan bilimlariga monand oliy o‘quv yurtlariga topshirish tavsiya etilyapti. Shunga yarasha o‘quv darslari kuchaytirilyapti. Bola bilimiga yarasha institutda o‘qisin. Har yili topshirib kirolmagandan ko‘ra, bilimi yetgan institutda o‘qigani ma’qul. Buni ularga, ota-onalariga va albatta o‘qituvchilarga tushuntiryapmiz.

Husniddin Xoldorov.