Payariqmi, Poyariq?!
Meni ko‘p yillardan buyon ayrim masalalar qiynab keladi. Masalan, joy nomlarining to‘g‘ri aytilishi va yozilishi.
1990 yilda Poyariq tumani suv xo‘jaligi boshqarmasiga yangi muhr olish uchun eskiz tayyorlagan paytimizda eskizni tuman hokimiyatidan tasdiqlatib olish shart ekan. Eskizni tasdiqlatish uchun tuman hokimining o‘sha paytdagi o‘rinbosariga olib kirdim. U kishi men tayyorlagan eskizdagi Poyariq so‘zini Payariq deb tuzatdi. Ikkalamiz ancha tortishdik. Tuman o‘tgan asrning 70-yillaridan buyon Payariq deb hujjatlashtirilgan deb turib oldi. Men hamma hujjatlar rus tilida yuritilgani uchun «Payarik» bo‘lib ketgan, deb tortishdim. «Yoshligimizdan quloqlarimiz radiodan Poyariq so‘ziga o‘rganib qolgan» dedim. Lekin Payariq deb muhr oldik.
Gazetamizda ham deyarli har sonida Payariq tumani haqida maqola chiqadi. «Yana Payariqmi?» deyman. Poy bilan payning farqiga boradigan payt kelmadimikan? Bolalikdan eshitib kelganim - Yakanshiq qishlog‘idan sal narida Mirzaariq bilan Bulung‘ur ariqlari kesishar ekan. O‘sha joydan Mirzaariqdan o‘tgan suv Poy kanali deb ataladi va 27,4 kilometrga oqadi. U kanalni bir boy kampir tuya yetaklab borib (tuyalar suv yuradigan yo‘llarni tezroq ko‘rsatib berishar ekan degan fikr bor) o‘sha yerdan uning izidan qadamlab, ya’ni poyma-poy yurib, kanalning rejasini tuzib, ariq qazdirib qishlog‘iga suv olib borgan ekan. Shundan Poy ariq so‘zi paydo bo‘lgan. 1960 yillarda qishloq markazidagi simyog‘ochda 1 dona radiokarnay baqirib turar edi. O‘sha paytlar paxta mavsumida qishloq xo‘jalik xodimlari uchun eshittirish chog‘ida Poyariq, Norpoy tumanlarining paxta tayyorlash rejasini bajarganliklari to‘g‘risida eshitganmiz. Norpoy so‘zining o‘zi ham tuya qadamiga to‘g‘ri kelmaydimi? Uni ham ruschalab Narpayga aylantirdik. Hatto ayrim donolar uni Nahrpayga ham aylantirishdi. Shu asnoda Tayloq ham Toyloq so‘zidan kelib chiqmadimi?!
Viloyatimizda qancha tilshunos olimlar, mutaxassislar bor. Shu masalada ular nima deyishar ekan?
Rahmatulla Qorjovov,
Poyariq tumani, Xosa qishlog‘i.