Samarqandda pochta xizmati nufuzini tiklaydi(mi?)

O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining 2019 yil 12 apreldagi topshirig‘i asosida ilg‘or xorij tajribasi hamda davlat xavfsizlik xizmati takliflarini inobatga olgan holda "O‘zbekiston pochtasi" aksiyadorlik jamiyati Samarqand filiali faoliyatini isloh qilish yuzasidan chora-tadbirlar rejasi tasdiqlandi. Filial faoliyatini rivojlantirish uchun viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari boshchiligida chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqildi. Xo‘sh, jamiyat tanazzulining ibtidosi nimada?

- Filialimiz 2017 yilgacha pensiya va nafaqalarni tarqatish, kommunal to‘lovlar yig‘ish orqali yuqori daromadga erishardi, - deydi "O‘zbekiston pochtasi" AJ Samarqand filiali direktori vazifasini bajaruvchi Qahramon Sattorov. - Keyinchalik bu xizmatlar Xalq banki va Bosh prokuratura huzuridagi majburiy ijro byurosiga o‘tganligi tufayli 9 ta pochta aloqa bog‘lamasi, 79 ta aloqa bo‘limi yopildi, shuningdek, 529 nafar (47 foiz) xodim, 290 nafar (63 foiz) pochtalon ish o‘rni qisqardi.

2017 yilda viloyatimizda 16 ta pochta aloqa bog‘lamasi va 274 ta aloqa bo‘limi faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2018 yilda tuman va tumanlararo pochta aloqa bog‘lamalari 7 tani va aloqa bo‘limlari 195 tani tashkil etdi. Bu, albatta, xodimlar soniga ham salbiy ta’sir o‘tkazdi.

Misol uchun, filialimiz barqaror ishlagan davrda 460 nafar pochtalon bilan birgalikda 1117 nafar xodim jamoamiz a’zosi sanalgan bo‘lsa, 2018 yilda xizmatdagi 170 nafar pochtalon bilan birga jamoamizda mehnat qilayotganlar soni 588 nafarni tashkil etdi.

Tabiiyki, asosiy xizmatlarimiz boshqa tashkilotlarga o‘tganidan so‘ng foyda ham kamaydi. O‘tgan yil daromadimiz 4,5 milliard so‘mni tashkil etdi, xarajatimiz esa 7,3 milliard so‘mga yetdi va yilni 2,8 milliard so‘m zarar bilan yakunladik. Daromadlarning keskin kamayishi natijasida filialning moliyaviy holati, ya’ni to‘lov qobiliyati pasaydi. Oqibatda, ishchi-xodimlarga oylik maoshlarni o‘z vaqtida to‘lab berishda moliyaviy qiyinchiliklar yuzaga keldi. Bu esa kadrlar qo‘nimsizligiga, malakali mutaxassislarning ishdan ketib qolishiga sabab bo‘lmoqda.  

Endi Bosh vazir topshirig‘iga asosan, filialda viloyat davlat soliq boshqarmasining jismoniy shaxslar egaligidagi ko‘chmas mulk ob’yektlari uchun hisoblangan mol-mulk va yer soliqlari bo‘yicha to‘lov xabarnomalarini soliq to‘lovchilariga yetkazish orqali daromad olish maqsadida shartnomalar tuzilmoqda. Filialda "Gibrid pochta" xizmati tashkil etilib, yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarimalar yetkazilmoqda. Majburiy ijro byurosi viloyat boshqarmasining jismoniy va yuridik shaxslarga yuborilayotgan ogohlantirish xatlari va xabarnomalarini elektron ko‘rinishda filialda tashkil etilgan "Gibrid pochta" xizmati orqali yetkazib berish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Aholidan elektr energiyasi va tabiiy gaz uchun to‘lovlarni qabul qilish xizmatlarini qayta yo‘lga qo‘yish borasida "O‘zbekenergo" aksiyadorlik jamiyati va "O‘ztransgaz" aksiya¬dorlik kompaniyasi bilan ish olib borilmoqda. Qo‘shimcha daromad manbalarini topish uchun  3 ta zamonaviy ko‘chma shoxobchalar o‘rnatilib, Samarqand shahriga tashrif buyuruvchi sayyohlarga filyateliya (marka, klyasser, filyateliya va boshqa) mahsulotlari savdosi tashkil etiladi. Ishga solinmagan yangi imkoniyatlarni amalga oshirish va qo‘shimcha mablag‘ topish uchun filial tarmoqlarida yana bir nechta xizmat turlari joriy etilmoqda. Jumladan, mobil aloqa operatorlari bilan dilerlik xizmati ko‘rsatish va sifatini oshirish, sug‘urta kompaniyalarining viloyat filiallari bilan sug‘urta polislarini sotish yo‘lga qo‘yildi. Yo‘l harakati qoidalarini buzganlik uchun jarima to‘lovlari, aholining mol-mulk va yer soliqlarini pochta orqali to‘lanishi bo‘yicha kelishuvlar, korxona-tashkilotlar o‘rtasida xat-xabarlar yetkazish bo‘yicha kurerlik xizmatlarini rivojlantirish borasida amaliy ishlar olib borilmoqda.       

Samarqand shahrida yangi qurilgan va qurilayotgan  ko‘p qavatli turarjoylarda pochta abonement qutilari o‘rnatiladi. Filialga tegishli bo‘sh turgan va foydalanilmayotgan binolar hamda xonalarni shartnoma asosida ijaraga berish choralari ko‘rilmoqda.

- Bu reja, albatta, samara beradi, - deya so‘zini davom ettirdi Q.Sattorov. - Chunki soliq organlari xabarnomalarini tarqatishdan 2 milliard 375 million so‘m, yo‘l harakati xavfsizligi qoidalarini buzganligi uchun jarimalarni qabul qilishdan 850 million so‘m daromad olinadi. MIB xabarnomalarini tarqatishdan 383 million so‘m, boshqa turdagi to‘lovlarni qabul qilish xizmatlaridan 200-240 million so‘m daromad olish mumkin. Buning natijasida yana 140 ta yangi ish o‘rni yaratiladi, jami hisoblanganda ushbu xizmatlar evaziga 5 milliard 250 million so‘mgacha qo‘shimcha daromad olish hisobiga xodimlarning o‘rtacha oylik ish haqi 1500000 so‘mgacha oshiriladi, pochta binolari bosqichma-bosqich zamonaviy uslubda ta’mirlanadi.

Adham HAYITOV,

"Zarafshon" muxbiri.