Pokiston mudofaa vaziri Hindiston armiyasining mamlakat hududiga kirib kelishi muqarrar ekanini ma’lum qildi

Pokiston Islom Respublikasi mudofaa vaziri Xavadja Asif Hindiston bilan munosabatlarda yuzaga kelayotgan keskinlik fonida Hindiston qurolli kuchlarining Pokiston hududiga harbiy kirib kelishi muqarrar ekanini bayon etdi.
Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Hindiston rasmiylarining so‘nggi bayonotlari va ritorikasi tobora shiddatli tus olmoqda. U ta’kidlashicha, Pokiston harbiy rahbariyati hukumatni vaziyatning jiddiyligi va ehtimoliy harbiy tahdid haqida rasman xabardor qilgan.
Shu bilan birga, Pokiston rasmiylari Xitoy, Fors ko‘rfazi davlatlari, Buyuk Britaniya va AQSh kabi strategik hamkorlar bilan muntazam aloqada ekanini ma’lum qildi.
Vazir bosqinning aniq xarakterini aytmadi, uning to‘liq masshtabdagi harbiy harakat bo‘lish-bo‘lmasligi noma’lum. Shuni ta’kidlash lozimki, har ikkala davlat ham yadroviy qurolga ega.
Xavadja Asif Pokiston yadroviy potensiali faqat mamlakatga bevosita tahdid tug‘ilgan taqdirdagina qo‘llanilishini ta’kidladi.