Prokuratura davlat qoralovchisidan qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi idoraga aylandi
Bugun – Prokuratura organlari xodimlari kuni
Prokuratura. Bir vaqtlar bu nom quloqqa chalinganda ancha-muncha odam bir seskanib tushardi. Ammo keyingi yillarda tizimda amalga oshirilgan islohotlar sabab odamlar ongida prokuratura organlariga nisbatan ijobiy fikr shakllanib bormoqda.
Bu borada olib borilayotgan ishlar va ularning natijasi haqida suhbatlashish uchun viloyat prokurori, adliya katta maslahatchisi Farhod Zufarovga murojaat qildik:
- Keyingi yillarda prokuratura organlari xodimlarining faoliyati xalq manfaatlariga xizmat qilishga yo‘naltirilmoqda. Shu sabab qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlashda soha xodimlari zimmasidagi mas’uliyat yanada ortdi, - dedi F.Zufarov. - Viloyat prokuraturasi organlari tomonidan qonun ustuvorligini ta’minlash, qonuniylikni mustahkamlash, fuqarolarning huquq va erkinliklarini, jamiyat va davlatning qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlarini himoya qilish, jinoyatchilik hamda huquqbuzarliklarning oldini olish va profilaktika qilish borasida 2019 yil davomida muayyan ishlar amalga oshirildi.
Ayniqsa, qabul qilinayotgan qonun, farmon va qarorlarni ijrochilarga o‘z vaqtida yetkazish, ularning bajarilishi ustidan ta’sirchan nazorat o‘rnatish hamda bu jarayonda aniqlangan qonunbuzilishi holatlari yuzasidan aniq choralar qo‘llanilmoqda.
Xususan, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish hamda aholi farovonligini yaxshilashga qaratilgan qonunlar va Prezident qarorlari ijrosini ta’minlash borasida ko‘rilgan choralar, shuningdek, davlat organlari huquqiy hujjatlarining tizimli ravishda o‘rganilishi natijasida 9 mingga yaqin prokuror nazorati hujjatlari qo‘llanildi va 3,5 ming nafar fuqaroning buzilgan huquqlari tiklandi.
O‘tkazilgan tekshiruvlar va jinoyatlarni tergov qilish jarayonida 107 milliard so‘mlik zararning undirilishi ta’minlandi. Qo‘pol qonunbuzilishi holatlari bo‘yicha 356 ta jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
- Olib borilgan ishlar, umuman, prokuratura organlari faoliyatida ijtimoiy masalalarga ham e’tibor qaratiladimi?
- Albatta. Bir narsani ko‘p aytilgan bo‘lsa-da, qayd qilish o‘rinli. Bugun prokuratura ilgarigi davlat qoralovchisi, degan tuzilmadan, qonunlar ijrosini nazorat qiluvchi idoraga aylandi. Shu ma’noda ijtimoiy masalalar ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘lmoqda.
Xususan, viloyat prokuraturasi tashabbusi bilan oilaviy ajrimlarni barvaqt aniqlash va oldini olish bo‘yicha sektor rahbarlari, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar hamkorligida “Harakatlar rejasi” ishlab chiqilib, ishchi guruhlar tuzildi.
Unga ko‘ra, fuqarolik sudlari va FHDYo organlari tomonidan nikohni bekor qilish yuzasidan arizalar kelib tushganligi to‘g‘risidagi xabar hamda yarashish uchun muddat berilganligi haqidagi qarorlar nusxalari joylardagi hokimliklar, sektor rahbarlari, mahallalar raislariga darhol yuborilib, yarashtirish komissiyasi, oila markazi va boshqa mutasaddi idoralar, mahalla faollari ishtirokida ajralishga sabab bo‘layotgan omillar o‘rganilib, muhokama qilish va taraflarni yarashtirish choralari ko‘rilmoqda.
Bu boradagi amaliy tadbirlar davomida ajrim yoqasiga kelib qolgan oilalarning 1154 tasi yarashtirildi, shuningdek, shar’iy nikoh asosida yashayotgan 3317 oilaning nikohi rasmiylashtirilib, 33 ta erta nikohning oldi olindi.
“Oila” ilmiy-amaliy tadqiqot markazi viloyat boshqarmasi qoshida “Ishonch-madad” (“Telefon doveriya”) markazi tashkil etilib, qisqa davr mobaynida ishonch telefoni orqali 344 nafar va bevosita fuqaroni qabul qilish orqali 167 nafar shaxsning murojaati ko‘rib chiqildi, natijada 65 oila yarashtirildi, 154 nafari bilan psixologik suhbatlar o‘tkazilib, maslahat, tavsiya va amaliy yordamlar ko‘rsatildi.
Bular natijasida sudlarda nikohdan ajralish bilan bog‘liq ko‘rilgan ajrimlar o‘tgan yilga nisbatan 280 taga kamaydi.
- Farhod Maxamadjanovich, aksariyat hollarda jinoyatchilik bekorchilik, qaysiki iqtisodiy yetishmovchilik tufayli kelib chiqadi. Buning oldini olish uchun prokuratura organlari tomonidan qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
- Aholini ijtimoiy muhofaza qilish, bandligini ta’minlash, yangi ish o‘rinlari yaratish, ijtimoiy yordamga muhtoj oilalarga amaliy ko‘mak berish doimiy e’tiborimizda. Birgina 2019 yilda prokurorlarning amaliy yordami bilan 75 ta mehnat yarmarkasi o‘tkazilib, 2921 nafar, shundan 945 nafar ayol ish bilan ta’minlandi va 7400 nafariga huquqiy maslahat berildi.
Og‘ir turmush sharoitida yashayotgan 1691 nafar xotin-qizga tibbiy yordam ko‘rsatildi, 1045 nafarining bandligi ta’minlandi, 1711 nafariga 864,2 million so‘m moddiy yordam ko‘rsatilib, 325 nafari uy-joy bilan ta’minlandi.
Bundan tashqari, prokurorlar rahbarlik qilayotgan 2-sektorlardagi 290 ta mahallada mavjud 3217 ta kam ta’minlangan oilaning 1839 tasi ushbu toifadan chiqarildi. Qolgan 1 378 tasini ko‘mak orqali chiqarish choralari ko‘rilmoqda.
Viloyat prokurori sektoridagi Payariq tumani Nakurt hududining ijtimoiy-iqtisodiy o‘sish sur’ati pastligi, aholi, ayniqsa, 7 ming nafar yoshning bandligi ta’minlanmaganligi inobatga olinib, foydalanilmasdan kelinayotgan lalmikor yerlarni o‘zlashtirish maqsadida 20 ta tik quduqlar qurilib, 50 gektar yer maydonida yangi 12 ta fermer xo‘jaligi tashkil etildi, intensiv bog‘ va tokzorlar yaratildi. Natijada 500 dan ortiq ishsiz yoshlarning bandligi ta’minlandi.
- Demak, prokuror bugun qaysidir hudud rahbari sifatida o‘sha joyda aholi turmush sharoitini yaxshilash, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish choralarini ko‘rmoqda. Bu borada o‘zingiz rahbarlik qilayotgan sektorda amalga oshirilgan aniq ishlarni misol qilib keltira olasizmi?
- Men rahbarliq qilayotgan sektordagi Payariq tumanining bir qismi sug‘orma dehqonchilik uchun noqulay, tog‘li hudud hisoblanadi. Tuman markazidan 40-60 kilometr uzoqlikda joylashgan ushbu hududning 29 qishlog‘i aholisi uchun toza ichimlik suvi katta muammo edi. O‘tgan yili 3 ta yangi suv inshooti qurildi va 18 kilometr masofaga suv tarmog‘i tortilib, 650 ta xonadon, 3 ta maktab, 1 ta bog‘cha va 2 ta qishloq vrachlik punkti toza ichimlik suvi bilan ta’minlandi.
Yana bir tashabbus asosida Payariq tumanining olis tog‘li hududi hisoblangan, 18 ming nafar aholi yashayotgan, bolalar uchun birorta bog‘cha bo‘lmagan Nakurt hududida loyiha qiymati 2,5 milliard so‘mlik 180 o‘rinli zamonaviy tipdagi yangi maktabgacha ta’lim tashkiloti tashkil etildi.
- Keyingi vaqtlarda yoshlar, ayniqsa, maktabgacha ta’lim masalasiga prokuratura organlari tomonidan ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Shunday emasmi?
- Yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, umuman, kelajagimiz vorislari bo‘lgan yoshlarga e’tibor, bu boradagi ishlar prokuratura organlarining doimiy e’tiborida.
Shu ma’noda viloyat prokuraturasi organlari tomonidan huquqbuzarliklar sodir etilishi sabab va shart-sharoitlari hamda qonuniylik va huquq-tartibotni ta’minlashga ta’sir etuvchi omillar tizimli tahlilining amalga oshirilishi, shuningdek, qonunchilik, huquqni qo‘llash amaliyoti va prokuratura organlari faoliyatini yanada takomillashtirish bo‘yicha doimiy ravishda takliflar ishlab chiqmoqda.
2019 yilning o‘zida Bosh prokuraturaga turli soha va yo‘nalishlarni takomillashtirish, qonunchilikdagi bo‘shliqlarni, muammoli masalalarni hal etishga doir 298 ta taklif berildi.
Xususan, viloyatdagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati, nodavlat, davlat-xususiy sheriklik va oilaviy tipdagi MTTlarni tashkil etish ishlari ahvoli tahlil qilinib, o‘tkazilgan o‘rganishlar, so‘rovnomalar natijasida olingan 3,5 mingdan ziyod ota-onalar, ishchi xodimlarning taklif hamda mulohazalari, xorij tajribasi asosida 30 dan ortiq takliflar ishlab chiqilgan.
Prokuratura organlari tomonidan mazkur yo‘nalishda 750 ta huquqiy targ‘ibot tadbirlari o‘tkazildi. 230 ta tekshiruv yakuni bo‘yicha 3800 ta prokuror nazorat hujjatlari qo‘llanildi.
Manzilli dastur ishlab chiqilib, 5 ta tashabbus ijrosi bo‘yicha mehribonlik uylarida “Umid” va “Lochin” futbol jamoalari, shashka, shaxmat, muay-tay, o‘zbek qo‘l jangi sport seksiyalari, “Yosh kitobxon” kabi bir qator tadbirlar tashkil etilgan holda o‘qituvchi va murabbiylar biriktirilib, turli musobaqalar, ko‘rgazmali chiqishlar namoyish etildi.
Dastur doirasida Samarqand shahrida faoliyat ko‘rsatuvchi chet tillari, aniq, tabiiy va ijtimoiy-gumanitar fanlarga ixtisoslashgan “Fast education” va “Ta’lim ko‘prigi” kabi nodavlat ta’lim muassasalari bilan mehribonlik uylari o‘rtasida o‘zaro anglashuv memorandumlari tuzilib, viloyatning eng kuchli va yuqori malakali o‘qituvchilari tomonidan boshqa tengqurlariga nisbatan imkoniyatlari cheklangan tarbiyalanuvchilarni o‘quv kurslarida bepul o‘qitish ishlari yo‘lga qo‘yildi.
Sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan tadbirlar natijasida voyaga yetmaganlar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 2018 yilda 8 foiz, 2019 yilda 39 foiz kamayishiga erishildi.
- Farhod Maxamadjanovich, jamiyatda adolatni qaror toptirish, fuqarolar, tadbirkorlik sub’yektlari huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida samarali faoliyat yuritayotgan barcha prokuratura organlari xodimlarini kasb bayrami bilan qutlaymiz.
Yoqubjon MARQAYeV
suhbatlashdi.