Pullarini xayriya ishlariga sarflaydigan mashhurlar
2015 yilda amerikalik mediamagnat va internet-tadbirkor Mark Sukerberg deyarli barcha boyligini xayriya qilishini aytgan edi. Bu birdaniga emas, balki tadbirkorning butun hayoti davomida sodir bo‘ladi. Mark o‘zining saxiy harakatlarida yolg‘iz emas, yana ko‘plab mashhurlar vaqti-vaqti bilan muxlislarini bir-birimizga va biz yashayotgan dunyoga g‘amxo‘rlik qilishga chaqirib, turli aksiyalarda qatnashadi va katta xayriyalarni amalga oshiradi.
ADME saxiy hissalari va hayotining ko‘p yillarini xayriya ishlariga bag‘ishlagan mashhur kishilar haqida so‘zlab berishga qaror qildi.
Devid Bekxem. Taxminan 1,4 million AQSh dollari
Sobiq futbolchi va YuNISEFning yaxshi niyat elchisi Devid Bekhem o‘tgan yilda tashkilot fondiga 1 million funt-sterling (1 million 350 ming dollardan ortiq) yuborgani ma’lum bo‘ldi.
Bu Devidning bunday ishni birinchi marta qilishi emas. Parijning “Pari Sen-Jermen” futbol klubida o‘ynab yurgan paytlari futbolchi doimiy ravishda o‘z maoshini mahalliy xayriya tashkilotlariga o‘tkazib turgan.
Brijit Bardo. Taxminan 3,5 million AQSh dollari
Intervyularning birida muxlislariga aktyor sifatida emas, balki xayriya ishlari bilan eslab qolinishini istagan fransuz aktrisasi Brijit Bardo o‘zini “hayvonlar parisi” deb atash u uchun eng yoqimli iltifot bo‘lishini aytdi.
Bardo 1970 yillardan beri hayvonlarga har tomonlama yordam berib kelib, ular huquqi uchun faol kurashadi. U 30 yildan ortiq vaqt davomida o‘z fondini boshqarib keladi. Jamg‘armaning qarorlaridan biri hayvonlar uchun boshpana yaratish edi. So‘nggi yillarda birgina boshpananing tovush izolyasiyasini yaxshilash uchun 3 million yevro sarflangan.
Maykl Jordan. 10 million AQSh dollari
O‘tgan yili Maykl Jordan keyingi 10 yil davomida ijtimoiy adolat va barcha odamlarning ta’lim olishda teng huquqliligi uchun kurashayotgan tashkilotlarga 100 million dollar xayriya qilishini ma’lum qilgan edi. Basketbolchi tibbiyot klinikalari ochilishi uchun ham 10 million dollar xayriya qildi.
Jeff Bezos. 10 milliard AQSh dollari
Keyingi yillarda dunyodagi eng boy odamlar reytingida yetakchilik qilib kelayotgan tadbirkor Jeff Bezos kosmosga uchadi va millionlab dollarlarni xayriya ishlariga sarflaydi. Tadbirkor iqlim o‘zgarishining oldini olish bo‘yicha loyihalarni moliyalashtiradi va ekologik faollikni qo‘llab-quvvatlaydi. O‘tgan yili Bezos ushbu maqsadlar uchun 10 milliard dollar ajratgan.
Bill Geyts. Yarim boyligi
2010 yilda Bill Geyts, Melinda Geyts va investitsiyachi Uorren Baffet “Tortiq qilish qasamyodi” deb nomlangan shartnomani imzoladilar. Boyligining kamida yarmini xayriya ishlariga berish majburiyati hujjatning mohiyati bo‘lib xizmat qiladi. Aytgancha, ushbu “Qasamyod”ni turli mamlakatlardan 200 dan ortiq kishi imzolagan.
Chak Fini. Boyligining 99 foizi
2023 yilning 9 oktyabrida “Duty Free” do‘konlar tarmog‘i asoschisi Charlz Chak Fini 93 yoshida San-Fransiskoda vafot etdi. So‘nggi 40 yil ichida Fini o‘zining “The Atlantic Philanthropies” jamg‘armasi orqali dunyo bo‘ylab xayriya tashkilotlari, jamg‘armalari va universitetlariga 8 milliard dollardan ortiq mablag‘ni anonim tarzda xayriya qilgan.
“Pullaringizni sarf qilish uchun keksalikni va eng yomoni, o‘limni kutmang. Buning o‘rniga hali kuchingiz, aloqalar va biror bir ta’sirga ega bo‘lganingizda xayr-ehson qiling. Puli bor odamning majburiyatlari ham bo‘lishi kerak”, degan edi Fini “Forbes”ga bergan intervyusida.
Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.