Putin maslahatchisi Mixail Fedotov Samarqandda “Prezident xalq qabulxonalari” ishi bilan tanishgach, bu loyiha haqida fikrlarini bildirdi
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan yo‘lga qo‘yilgan prezident xalq qabulxonalari faoliyati rossiyalik huquq himoyachisi, Rossiya prezidenti maslahatchisi Mixail Fedotovda juda katta taassurot qoldirdi.
Toshkentda o‘tkazilgan O‘zbekiston-Rossiya yuridik forumi doirasida Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusi davomida Fedotov bu borada o‘z fikr-mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.
“Men Samarqandda Prezident xalq qabulxonasi faoliyati bilan yaqindan tanishdim. Haqiqiy ta’sirli manzara! Fuqaro kelib, bir vaqtning o‘zida u yerda istalgan davlat organi: xoh u militsiya bo‘lsin, yoki prokuratura, yoki soliq xizmati va boshqa idoralar mutaxassislaridan maslahat olishi mumkin. Yo‘lga qo‘yilgan ushbu mexanizm juda muhim. O‘ylaymanki, biz bu tajribani o‘rganamiz”, - dedi Fedotov.
Rossiya prezidenti maslahatchisi, shuningdek, O‘zbekiston tomonidan Markaziy Osiyo maydonida huquqni muhofaza qilish sohasini rivojlantirish mavzusida ilgari surilgan tashabbuslarga ham “o‘ta muhim”, deya baho berdi hamda Samarqandda kelajakda muntazam o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan yuridik forumda Rossiya prezidenti huzuridagi fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va inson huquqlari bo‘yicha kengashi ham ishtirok etishga tayyorligini bildirdi.
“O‘zbekiston birinchi qadamni qo‘ydi, biz ikkinchisini tashlashga tayyormiz. Birgalikda qadam tashlaymiz!”, - dedi Fedotov.