Qahramon bo‘lish uchun nima qilish kerak?
Ijtimoiy tarmoqlarda ko‘p qavatli uyning derazasidan tushib ketgan qizaloqning hayotini saqlab qolgan maktab bitiruvchilari haqida o‘qib, ta’sirlandim. Bugungi kun qahramoni sifatida e’tirof etilayotgan bu yoshlarning ko‘rsatgan jasoratini har qancha olqishlasak arziydi. Xo‘sh, ularning o‘rnida siz bo‘lganingizda nima qilgan bo‘lar edingiz? Qahramon bo‘lish uchun faqat kimningdir hayotini saqlab qolish kerakmi?
Nazarimda har birimiz har kuni qahramonlik qilamiz. Kimdir ko‘proq, kimdir kamroq. Qahramonlik bolalar yoki keksalarni serqatnov ko‘chalardan o‘tkazib qo‘yish, jamoat transportida joy berish yoki shunchaki, atrofimizdagilarga samimiy va mehribon bo‘lish orqali ham namoyon bo‘ladi. Zero, biz uchun tosh bosmaydigandek tuyuladigan har bir yaxshi amalimiz kimlarningdir taqdirini o‘zgartirishi, balki hayotini saqlab qolishi mumkin. Qaytar dunyo, deb bejiz aytishmaydi, axir. Siz bugun kimgadir yaxshilik qilsangiz, ertaga u ham sizga yoki boshqa bir insonning joniga oro kirishi turgan gap.
Shunday xayollar bilan ijtimoiy tarmoq sahifalarini kuzataman. Ne ko‘z bilan ko‘rayki, katta idoralardan birining rahbari yupun kiyingan bir ayol va uning ikki yalangoyoq farzandining orasiga kirvolib, ehson sifatida olib kelgan ikkita noni va ozgina "qars-qurs"ini ko‘z-ko‘z qilib suratga tushibdi. Suratdagi ayol va bolalarning o‘ng‘aysizlanib, yuzini kameradan yashirishga urinayotganidan anglash mumkinki, bu ehsonning badali ularning g‘ururini toptamoqda. Xo‘sh, buni qahramonlik, deb bo‘ladimi? Ota-bobolarimiz o‘ng qo‘ling berganini chap qo‘ling bilmasin, deb bejiz aytishmagan. Amaldorlar ko‘z-ko‘z qilayotgan “ehson”ini o‘z cho‘ntagidan qilayotgan bo‘lsa ham mayli edi, aslida kam ta’minlanganlarga yetkazilayotgan moddiy yordamning asosiy qismi davlat byudjetidan yoki maxsus jamg‘armalardan ajratilyapti-ku.
Xullas, kimnidir kamsitib yoki qilgan amalini ko‘z-ko‘z qilib qahramon bo‘lib bo‘lmaydi. Yuqorida tilga olingan, 4 yoshli qizaloqni qutqarib qolgan yoshlar bu ishni mashhur bo‘lish uchun qilishgan, deb o‘ylaysizmi? O‘sha vaqtda mashhurlikni o‘ylashga fursat ham bo‘lmagani turgan gap. Ular vijdoniga quloq tutdi, xolos. Shunday ekan, biz ham vijdon bilan hisoblashaylik. Beg‘araz yaxshilik qilishni bugundan, shu ondan boshlaylik.
Adiba O‘rinova,
SamDChTI xalqaro jurnalistika yo‘nalishi talabasi.