Qarorga kirmay qolgan bandlar

Bo‘lib o‘tgan bu voqea haqida yozgim keldi. Bilaman, o‘qiganlar munosabat bildirmagan taqdirda ham, qandayligidan qat’iy nazar, mazkur holatni o‘zlaricha baholaydilar.

Alqissa, 6 aprel kuni tushga yaqin erta foydalanishga topshirilishi belgilangan mahalla binosida olib borilayotgan tayyorgarlik ishlarini ko‘rish uchun Samarqand shahrining chekka hududida joylashgan bir mahallaga xodimim bilan bordik. Bino yonida bir necha qariya, loyqa suv oqishidan endigina o‘rnatilgani ma’lum “qo‘l krani”dan suv chiqarishayotgan ekan. Salomlashib, “Hormang, bor bo‘ling” deyilishi bilan bizni hokimlik vakili deb o‘ylagan bir otaxon mahallaga biriktirilgan hokim yordamchisi va mahalla yoshlari yetakchisidan nolib qoldi.

Ma’lum bo‘lishicha, mahallada ish boshlagan bu ikki xodim navqiron yoshda bo‘lgani uchun qariyalar ulardan kranni o‘rnatishga yordab berishlarini iltimos qilishgan, lekin ular bu ish o‘zlariga taalluqli emasligi ro‘kach qilishib, yordam berishdan bosh tortishgan ekan. Xodimlarning ochiqdan-ochiq bu e’tirozi keksalarga yoqmagani tushunarli. Chunki davlat ularni mahallaga yuborganmi, demak ular mahallaning har qanday  ishiga yordam berishadi, deb o‘ylashadi. Menda ham shu fikr uyg‘ondi va bu ikki xodim bilan gaplashgim keldi. Yoshlar yetakchisi shaharga – yuqori tashkilotiga ketgan ekan. Hokim yordamchisiga mahalla qariyalari ulardan xafa bo‘lishgani, bunday vaqtda  albatta yordam ko‘rsatish kerakligini, bu xalqqa qo‘shilish uchun bir imkoniyat ekanini tushuntirgandim, u fikrimga qo‘shildi. Telefon raqamini topib, yoshlar yetakchisiga mahalla binosini foydalanishga topshirish uchun tayyorgarlik ketayotgani, u ham bu jarayonga ishtirok etsa, yaxshi bo‘lishini aytdim.

Tayyorgarlik ishlarini ko‘rish uchun soat beshlarga yaqin yana mahalla binosiga keldik. Mahalla raisi tashkiliy ishlarni qilishda bir o‘zi qiynalayotganini ma’lum qildi. Yoshlar yetakchisi kelmagan, hokim yordamchisi ketib qolgan. Hokim yordamchisiga telefon qilib, bino foydalanishga topshirilayotgan vaqtda ishdan erta ketib qolgani yaxshi emasligini aytdim. Shu kuni Yoshlar agentligining shahar bo‘limida ish boshlagan yangi rahbar bilan tanishgandim, unga ob’yekt ishga tushirilayotgan vaqtda yoshlar yetakchisi  mahallada bo‘lishi maqsadga muvofiqligini tushuntirdim.

Kech soat 9 larda mahalla yoshlari yetakchisi telefon qilib, menga o‘ziga yuklatilgan vazifadan tashqari ish buyurilayotganidan shikoyat qildi. 92-qarorda unga nima qilishi lozimligi yozilgani, shu ishlarni bajarishga to‘sqinlik qilinayotgani haqida gapirib, bizdan shikoyat qilishini ma’lum qildi. Qarorda unga topshirilgan vazifalarni sanab o‘tarkan, yoshlarning ijtimoiy faolligini oshirish deganda, men unga yoshlarni hasharlarga jalb qilish orqali ham ularning ijtimoiy faolligini oshirish mumkinligi tushuntirmoqchi bo‘ldim. Esiz, tushunishni istamasligi uning qaysarligidan ma’lum bo‘ldi.

U mening xodimimning kimligini so‘rab oldi. Keyin mendan familiyam, ismim va otamning ismini, kim bo‘lib ishlashimni bitta-bitta so‘rab olarkan, o‘zaro gapimizni diktafonda yozib olganini va tegishli tashkilotga yetkazishini ma’lum qildi.

Shunda, birdan tushkun holatga tushdim, xayolimda esa, negadir  Abdulla Qodiriy va Usmon Nosirlarni, Shukrullo va Said Ahmadlarni qamatib yuborgan odamlarning noma’lum qiyofalari gavdalandi.

Menga hozirgina qo‘ng‘iroq qilgan yoshlar yetakchisining yuzini ham ko‘rmagandim, u ham menga hali noma’lum edi.

Tasavvur qilmoqchi bo‘ldim. Xudo ko‘rsatmasin-u, mahalla binosi yonida bir xonadonga o‘t ketdi. Hamma uni o‘chirishga yopirildi. Faqat bir kishi  chetda turibdi. Uning vazifasiga  o‘t o‘chirish kirmaydi. Yo‘q, tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bunday bo‘lishi mumkin emas – odamiylikka to‘g‘ri kelmaydi.     

Xurshid Nurullayev.

7 aprel 2022 yil.