Qishlog‘ingiz tarixini bilasizmi?: Ag‘ron - qadimiy maskan

Qadimiy yurtimiz boy va betakror tarixga ega. Mamlakatimizning qayeriga bormang, albatta, muqaddas ziyoratgoh, tarixiy yodgorlik yoki o‘ziga xos bunyodkorlikka duch kelasiz.
150 mingdan ortiq aholi yashayotgan Nurobod tumanida ham shunday me’moriy yodgorliklar, muqaddas qadamjolar mavjud. Jumladan, tumanning 7 mingga yaqin aholisi istiqomat qilayotgan Ag‘ron qishlog‘i tarixi uzoq o‘tmishga borib taqaladi. Qishloq hududida joylashgan "Usmon ota" qabristonida olib borilgan arxeologik tadqiqotlar bu fikrimizni tasdiqlaydi.
Qabriston joylashgan tepalik V-VII asrlarda, Turk hoqonligi davrida mustahkam harbiy qal’a va ko‘chmanchi-chorvador aholining savdogarlar bilan savdo-sotiq qiladigan manzili bo‘lgan. Bu haqda 2011 yil arxeologiya instituti olimlari Amriddin Berdimurodov, Samariddin Suyunov bilan hamkorlikda arxeologik tadqiqotlar olib bordik.
O‘rganishlar shuni ko‘rsatdiki, bu qal’a bir paytlar gavjum joy bo‘lib, harbiy istehkom vazifasini bajargan holda muhim savdo markazi ham hisoblangan. Qo‘shni Tim, Sahoba qishloqlaridan yo‘l olgan savdo karvonlari uchun qo‘nimgoh sifatida xizmat qilgan. Qal’aning pastki qismidan Qo‘rg‘oncha, Buloqboshi qishloqlari joylashgan tog‘dan boshlanuvchi Ingichkasoy oqib, Qashqadaryo viloyatining Koson tumani hududigacha borib yetgan.
Usmon ota qabristonida loy pishiriladigan xumdon qoldiqlarining topilgani bu yerda hayot qizg‘in davom etganidan dalolat beradi.
Qal’adan uncha uzoq bo‘lmagan masofadagi Sariqtepa yodgorligidan yaqinda V-VII asrlarda dafn etilgan turk jangchisining qabri topildi. Jangchi turkiy xalqlar odatiga ko‘ra, qurol-yarog‘i va oti bilan dafn etilgan. Qabrdan topilgan kamon o‘qlari, sopol idishlar va ot suyagi qoldiqlari o‘sha davr hunarmandchiligi va madaniyatini o‘rganishda muhim ahamiyat kasb etadi. Jangchining sopoldan yasalgan suvdoni yaxshi saqlangan. Suvdonning bir tarafi belga yoki otga bog‘lab yurish uchun yassi, silliq qilib yasalgan.
Movarounnahr hududida arablar hukmronligining o‘rnatilishi va islom dinining tarqalishi bilan bu qal’aning ahamiyati yanada ortgan. Arab xalifaligi hukmdorlari qal’ada turib islom dinini keng yoygan. Doimo odamlar bilan gavjum bo‘ladigan bu maskan o‘zaro muloqot qilish, targ‘ibot-tashviqot ishlarini olib borishda ularga qo‘l kelgan. Ko‘chmanchi chorvador, lalmikor dehqonchilik va savdo ishlari bilan shug‘ullanuvchi aholi o‘rtasida islom dinini targ‘ib qilish bo‘yicha ana shunday sa’y-harakatlar natijasida Tim qishlog‘ida Markaziy Osiyodagi ilk diniy markazlardan biri – Arab ota maqbarasi vujudga kelgan. Afsuski, bu diniy markaz faoliyati haqida ilmiy-tadqiqot ishlari olib borilmagan.
"Usmon ota" qabristonida ko‘plab diniy ulamolarning dafn etilganini maskandagi X-XIII asrlarga tegishli qayroqtoshlar, XIV-XVI asrlarga oid marmar qabr toshlari isbotlaydi.
Joriy yil arxeologiya instituti olimlari Alisher Sandiboyev, Komil Rahimov, Azbiddin Xolmatov Tim hamda Changalli qishloqlarida olib borgan arxeologik izlanishlari natijasida IX-XII asrlarga oid arab manbalarida Abg‘ar (Ag‘ron) rustoq sifatida tilga olingani va u Darg‘om rustoqiga tutash bo‘lganligi haqida xulosa bildirishdi. Arab manbalarida keltirilishicha, “Abg‘arning o‘tloqlari Movarounnahrdagi boshqa o‘tloqlardan ortiqroq. Agar ekinlari zarar ko‘rmasa, butun Sug‘d va Buxoro uchun ikki yilga yetadi”. Shuningdek, Abg‘arning yeri lalmikor bo‘lsa ham uning qishloqlarida aholi ko‘p, odamlarining asosiy boyligi chorvachilik bo‘lgani qayd etilgan.
Xolmurod Soriyev.