Qishloq xo‘jaligiga bilim va innovatsiyalar tatbiq etiladi
Prezidentmizning 2021 yil 3 fevraldagi “Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi hamda zamonaviy xizmatlar ko‘rsatishni yanada rivojlantirish to‘g‘risida”gi farmoni ijrosini ta’minlash bo‘yicha viloyat hokimligining chora-tadbirlar rejasi belgilandi.
Farmon asosida qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimini 2021-2025 yillarda ustuvor rivojlantirish konsepsiyasi tasdiqlangan. Konsepsiyada qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida ta’lim, ilm-fan, ishlab chiqarish va qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga zamonaviy agroxizmatlar ko‘rsatishning uzviy tizimini o‘zaro bog‘laydigan qishloq xo‘jaligi bilim va innovatsiyalar milliy markazi tashkil etilgan. Qishloq xo‘jaligi sohasida ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning uzviy integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha Muvofiqlashtiruvchi kengash tashkil etilgan. 2021-2022 yillarda Milliy markazning viloyat agroxizmatlar markazi, 2022 yildan boshlab bosqichma-bosqich qishloq tumanlarida Milliy markazning tuman agroxizmatlar markazlari tashkil etiladi.
Hududiy va tuman agroxizmatlari markazlari Jahon bankining “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligini modernizatsiya qilish” loyihasi doirasida ajratiladigan mablag‘larni jalb etgan holda yoki davlat-xususiy sheriklik shartlari asosida tashkil etiladi. O‘z faoliyatini axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish tizimi asosida amalga oshiradi.
Hududiy va tuman agroxizmatlar markazlari xorijiy tajriba asosida:
- qishloq xo‘jaligi sohasida faoliyat olib borayotgan kadrlarning malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash;
- hududning qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarishi ehtiyojlaridan kelib chiqib ilmiy tashkilotlarga tayyor ilmiy ishlanmalar va tegishli ilmiy maslahatlarga buyurtmalarni shakllantirish;
- qishloq xo‘jaligi sohalarining dolzarb yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan ilmiy ishlanmalarni hududlar sharoitiga moslashtirish yo‘nalishidagi tadqiqotlarni amalga oshirish, uning natijalarini bevosita qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi sub’yektlarga yetkazish;
- hududlar agrar sohasi asosiy ixtisoslashuvidan kelib chiqqan holda xalqaro tajribalar hamda ilmiy faoliyat natijalarini tijoratlashtirish;
- qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligi sohasidagi barcha xizmatlarni “yagona darcha” tamoyili asosida amalga oshirish;
- qishloq xo‘jaligi sub’yektlariga bevosita va onlayn hamda “Sall-markaz” orqali xizmat ko‘rsatish belgilangan.