Qoramol, qo‘y va echkiga tegishli bo‘lmagan 1,6 tonnadan ortiq go‘sht to‘xtatib qolindi

Jizzax viloyati G‘allaorol tumanidagi «Sangzor-15» YPX maskanida viloyat IIB patrul-post xizmati va jamoat tartibini saqlash boshqarmasi xodimlari «Kia bongo» rusumli yuk mashinasini to‘xtatib tekshirganlarida, hech qanday hujjatlarsiz 1 ming 679 kilogramm go‘sht olib ketilayotganini aniqladilar. Bu haqda "Postda" nashri xabar berdi.

Qayd etilishicha, surishtiruv davomida Qashqadaryo viloyatining Koson tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan haydovchi J.V. go‘shtni Toshkent shahrida notanish shaxslar qabul qilib olishini, lekin mahsulotning nima maqsadda ishlatilishini bilmasligini ma’lum qildi.

E’tiborlisi, qop va polietilen paketlarga joylangan qo‘lansa hidli go‘sht tarkibidan birorta ham suyak topilmadi. Bu holat etning qaysi hayvonga mansubligini aniqlashni qiyinlashtiradi. Ammo mahsulot qoramol, qo‘y va echkiga tegishli emas, degan xulosaga kelingan.

Ayni vaqtda go‘sht mahsuloti Jizzax shahridagi muzxonada saqlanmoqda. Mutaxassislar mahsulotning sifatini aniqlash, xususan, kasallik uyg‘otuvchi omillar bor-yo‘qligi nuqtai nazaridan tahlildan o‘tkazishyapti.