Qoraqchitog‘ni “qaroqchilar”dan kim qutqaradi?
Bundan ikki-uch yil oldin Payariq tumanidagi Alamota qishlog‘ida joylashgan Qoraqchitog‘dan qadimiy yozuvlar, mehnat qurollari topilganligi xususida shov-shuvlar ko‘tarilgan edi. Shu tog‘da yashovchi Nurpo‘lat To‘qboyevning murojaatidan so‘ng bu yerga kelgan arxeolog va tarixchilar toshlarga chizilgan suratlar, har-xil belgilar, mehnat qurollarini ko‘rib, bular neolit, neozalit, bronza davrlariga borib taqalishini aytgan. Va, bu tog‘ muhofazaga olinishi kerakligini ta’kidlashgan.
Ammo bugun tog‘ni muhofazaga olish o‘rniga ayrim kishilar tomonidan tog‘ toshlari imorat uchun olib ketilmoqda. Agar holat shunday davom etadigan bo‘lsa, tog‘ 4-5 yil ichida butunlay vayron bo‘ladi.
- Xo‘rozqand chet elniki desa yotib olib yalashadi, deganlari rost ekan, - deydi shu tog‘da yashovchi Nurpo‘lat To‘qboyev. - Buni bekorga eslamayapman. Tarixchilarimiz Misrdagi yozuvlar, ehromlar xususida to‘lqinlanib gapirishdan charchamaydi. Bunday narsalar o‘zimizdayam bor-ku!? Yo‘q bo‘lsa, boshqa gap. Boridan foydalanishda esa, yelka qisib turaveramiz. Qoya toshlardagi suratlar qadim o‘tmishdan so‘zlab turganligini bilish uchun tarixchi bo‘lish shart emas. Uni ko‘rgan kishining bu yozuvlar kecha yoki bugun chizilmaganligiga fahmi yetadi. Shunday ekan, yana nima kerak? Bundan tashqari, uyimda barcha davrlarga tegishli uy-anjomlari, palaxmon tosh, chaqmoq tosh, kamon o‘qlari, tangalar, toshdan yasalgan qo‘l tegirmonlari bor. Bir qancha murojaatlardan so‘ng olimlarni bu tog‘ga olib keldik. Arxeologiya institutidan Muhiddin Xo‘jamnazarov va Fransuz olimlari obdon o‘rganishdi. O‘rganish jarayonlarida qoya toshlarga chizilgan suratlar, mehnat qurollari qadimiy degan xulosaga kelishdi. Shundan so‘ng Toshkentdan bir guruh olimlar kelib, bu yerdagi noyob asori-atiqalardan bir qismini muzeyga olib ketishdi. Lekin bu tog‘da bunaqangi tarixiy ashyolar juda ko‘p. Qadimiy g‘or, kon, yerto‘la, qo‘rg‘on, mudofaa devorlari bilan o‘ralgan antik shaharlar bor.
Ochig‘ini aytganda, bu yerga kim kelsa, tog‘ muhofazaga olinishi kerak deydi. Lekin bu gaplarning amalda ijrosi yo‘q. Tog‘ o‘z-o‘zidan ayrim kishilar tomonidan yo‘q qilinmoqda. Hozirda ushbu asori-atiqalar yo‘q bo‘lib ketish arafasida.
Tog‘ni asrab qolish uchun 2018 yil Madaniyat vazirligi madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish bosh boshqarmasining Samarqand va Jizzax viloyatlari bo‘yicha mintaqalararo davlat inspeksiyasiga, 2020 yil Madaniyat vazirligiga murojaat qildim. Ikkalasida ham bir xil gap: “Xatingiz o‘rganilyapti, natijasi ma’lum qilinadi”.
Xulosa o‘rnida shuni aytish mumkinki, Nurpo‘lat aka bekordan-bekor o‘zini u idoradan bu idoraga urmayapti. Maqsadi tog‘dagi asori-atiqalarni asrab qolish. U kishining gaplarini eshitadigan, ijrosini ta’minlaydigan nahotki, yurtimizda bironta idora topilmasa?! Qolaversa, Vazirlar Mahkamasining “Madaniy meros ob’yektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanishni yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ham e’lon qilingan. Shunday ekan, qaror ijrosini ta’minlash payariqliklarga ham taalluqli bo‘lsa kerak!
Husniddin XOLDOROV.