Qo‘shrabotda 158 ta suv inshooti quriladi

Viloyat hokimligida Prezidentimizning 2018 yil 30 noyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasida ichimlik suvi ta’minoti va kanalizatsiya tizimlarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Viloyat hokimi E.Turdimov olib borgan yig‘ilishda 2019 yilda viloyatimizda 17 ta ichimlik suv va 4 ta oqova suv tarmoqlari qurish va rekonstruksiya qilish lozimligi aytildi. Buning uchun esa 47 milliard so‘mdan ortiq mablag‘ sarflanishi belgilangan. Ammo hozirgacha ichimlik va oqova suv ob’yektlariga jami 28,5 milliard so‘m (61 foiz) mablag‘ moliyalashtirilgan, ob’yektlarda esa 32,7 milliard so‘mlik (69 foiz) ishlar bajarilgan.

Misol uchun, Paxtachi tumani markaziy oqova suv tizimlarini qurish ob’yektida belgilangan  2 kilometr uzunlikdagi tarmoqdan 1 kilometri tortilgan, 1 kilometrlik tarmoqqa yetarli zaxira materiallari yaratilgan bo‘lsa-da, 39 foiz ish bajarilgan, xolos. Tumanning Xumor, Do‘ng, Guliston, Yarman va boshqa aholi punktlarida ham ichimlik suv tarmog‘ini qurib bitkazish muddatidan kechikish holati kuzatilmoqda.      

Samarqand shahri, Kattaqo‘rg‘on va Narpay tumanlarida belgilangan ob’yektlarning foydalanish muddati yaqin, ammo buyurtmachi korxonaning e’tiborsizligi va yetarlicha nazorat o‘rnatmaganligi tufayli ishlar paysalga solinmoqda. Yana qaror asosida Payariq tumani Xartang qishlog‘i rejasiga asosan 12,6 milliard so‘m mablag‘ evaziga 14,2 kilometr ichimlik suvi va 8,5 kilometr oqova suv tarmog‘i qurilishi rejalashtirilgandi, ammo hanuzgacha ishlarning yarmi ham bajarilmagan.

Shuningdek, “Obod qishloq” va “Obod mahalla” dasturlari doirasida 48 ta ichimlik suv ob’yektlarida qurish va rekonstruksiya qilish ishlari mos ravishda 36 va 42,5 foizga bajarilgan. Bu ko‘rsatkich Samarqand tumanida 22, Jomboyda 24, Nurobodda 26, Paxtachida 27, Toyloq va Qo‘shrabotda 29, Oqdaryoda 33, Samarqand shahrida 42, Kattaqo‘rg‘on shahrida 43 foizga bajarilgan. Yilning birinchi yarim yilligida foydalanishi rejalashtirilgan 48 ta ichimlik suv ob’yektining 21 tasi hanuzgacha moliyalashtirilmagan.

Saudiya rivojlantirish jamg‘armasi va OPEK fondi mablag‘lari hisobidan Qo‘shrabot tumanida 77 ta qishloq va tuman markazini toza ichimlik suv bilan ta’minlash uchun 158 ta suv inshooti qurish va 408 kilometr suv tarmog‘i tortish rejalashtirilgan.   

 O‘ktam XUDOYBERDIYeV.