Qotillik va og‘ir tan jarohati yetkazish o‘zaro kelishmovchilik hamda nizolar oqibatida sodir etilyapti
Bu haqda kecha bo‘lib o‘tgan xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi sessiyasida viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov ma’lum qilgan.
Sessiya ishida viloyat ichki ishlar organlarining 2019 yilning 9 oyi mobaynida jinoyatchilikning oldini olish va huquqbuzarliklar profilaktikasini ta’minlash borasidagi faoliyati to‘g‘risidagi masala ham muhokama qilingan.
Ushbu masala bo‘yicha viloyat ichki ishlar boshqarmasi boshlig‘i Sh.Rahmonov axborot bergan.
Axborotda qayd etilishicha, o‘tgan hisobot davrida mavjud 1095 ta mahallaning 523 tasida yoki 47,8 foizida jinoyat sodir etilishiga yo‘l qo‘yilmagan. Shuningdek, 239 mahallada jinoyatlar o‘tgan yilning mos davriga nisbatan kamaygan.
Yilning o‘tgan 9 oyi davomida ichki ishlar organlariga 21 528 ta murojaatlar kelib tushib, ularning 19686 tasi yoki 90,9 foizi qanoatlantirilgan. Bundan tashqari, 6959 ta murojaatlar bo‘yicha tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 1034 ta murojaatlarda bildirilgan vajlar o‘z tasdig‘ini topmagan.
Viloyatda joriy yilning 9 oyida og‘ir turdagi jinoyatlar 142 taga (441-299), o‘rta og‘ir turdagi jinoyatlar 19 taga (168-149) kamaygan.
Hisobotda qayd etilishicha, yuqorida keltirilgan ijobiy natijalar bilan bir qatorda olib borilayotgan profilaktik tadbirlar ayrim hududlarda o‘zining ijobiy samarasini ko‘rsatmagan. Xususan, Bulung‘ur, Narpay, Payariq va Urgut tumanlarida o‘ta og‘ir jinoyatlarning o‘sishiga yo‘l qo‘yilgan.
Yo.GADOYeV.