Quyi bo‘g‘in ishlamasa, xalqni rozi qilolmaymiz

Xalq deputatlari viloyat Kengashining qirq beshinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengashi raisi, viloyat hokimi E.Turdimov boshqardi.

Dastlab Prezidentimizning “Ichimlik suvi ta’minoti va oqova suv tizimini yanada takomillashtirish hamda sohadagi investitsiya loyihalari samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi bo‘yicha 2022 yilda viloyatning olis hududlarida yashaydigan va markazlashgan ichimlik suvi bilan ta’minlanmaganlik darajasi og‘ir bo‘lgan 6 ta hudud aholi punktlarini ichimlik suvi bilan ta’minlash bo‘yicha manzilli ro‘yxatini tasdiqlash hamda viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi. Deputatlar viloyat hokimining bu haqdagi qarorini tasdiqladi.

Nurobod tumani hokimi Faxriddin Zairovning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish darajasini baholashning reyting ko‘rsatkichlariga ko‘ra, tumanning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish holatini yaxshilash yuzasidan amaliy chora-tadbirlar dasturining ijrosi to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

Hisobotda ta’kidlanishicha, 2021 yil yakuni bo‘yicha tumanda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 243,6 milliard so‘m (106,9 foiz)ga, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hajmini 925 milliard so‘m (105,3 foiz)ga, qurilish-pudrat ishlarini 106,3 milliard so‘m (116,1 foiz)ga, chakana savdo xizmatlari hajmini 375,2 milliard so‘m (109,7 foiz)ga hamda xizmatlar hajmini 378,3 milliard so‘m (122,4 foiz)ga bajarish rejalashtirilgan.

Joriy yilning 9 oyida 317 ta kichik biznes va 467 ta yakka tartibdagi tadbirkorlik sub’yektlari tashkil etilgan. Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash maqsadida tijorat banklari tomonidan 1168 ta yuridik va jismoniy shaxslarning tadbirkorlik loyihalariga jami 35,1 milliard so‘mlik bank kreditlari ajratilgan.

- Davlat organlari va tashkilotlarning quyi bo‘g‘ini xodimlarining “mahallabay” va “fuqarobay” ishlashdagi sustkashligi bugun barchamizni qiynab kelayotgan eng muammoli masalalardan biri bo‘lib qolmoqda, - dedi viloyat hokimi. – Joylardagi haqiqiy ehtiyojmand oilalar, muhtoj fuqarolar aksariyat hollarda ularning e’tiboridan chetda qolib ketyapti. Tuman va shahar hokimlarining ko‘pchiligi “mahallabay” ishlash tizimi bo‘yicha namuna bo‘ladigan tashabbuslarni ilgari surolmayapti. Joylardagi rahbarlar kachonki, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning mazmun-mohiyatini yetkazish malakasini, sohalar bo‘yicha tayanch bilim va boshqaruv ko‘nikmalarini o‘zlashtirsakgina, xalqni rozi qilamiz, odamlar bizga ergashadi.

Shundan so‘ng viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari J.O‘roqovning 2021 yil 9 oy yakuni bo‘yicha byudjet daromadlarining bajarilishi hamda IV chorakda soliq bazasini oshirish bo‘yicha amalga oshiriladigan ishlar to‘g‘risidagi hisoboti tinglandi.

- Umumiy byudjet (kontingent) daromadlari joriy yilning 9 oyida 2 224,1 milliard so‘mni tashkil etib, 2 008,3 milliard so‘mlik prognozga nisbatan 111 foizga yoki 215,7 milliard so‘m ortig‘i bilan bajarildi, - dedi viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari. - Biroq qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslar mol-mulk solig‘idan prognozga nisbatan kam tushum tushirilgan.

9 oy yakunlari bo‘yicha umumiy byudjet daromadlari Past Darg‘om, Payariq, Narpay va Qo‘shrabot tumanlarida, mahalliy byudjet daromadlari Samarqand shahri, Ishtixon va Payariq tumanlarida mavjud imkoniyatlarga nisbatan past darajada ijro etilgan. Aylanmadan soliq, qo‘shilgan qiymat solig‘i va yuridik shaxslarning mol-mulk solig‘idan prognoz ijrosi ta’minlanmagan.

1 oktyabr holatiga yil boshiga nisbatan boqimanda soliq qarzi Samarqand va Kattaqurg‘on shaharlari, Toyloq, Paxtachi, Samarqand, Ishtixon, Payariq, Nurobod, Jomboy va Bulung‘ur tumanlarida oshgan.

Sessiyada viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari Xurshid Ochilov viloyatda beshta muhim tashabbusni hayotga tatbiq etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan hisobot berdi.

Qayd etilishicha, “Ayollar daftari” va “Temir daftar”da turadigan oilalarning bolalar musiqa va san’at maktablarida tahsil olayotgan farzandlari uchun to‘lovlarda joriy etilgan imtiyozlarning qo‘llanilishida oilaning daftardan chiqarilishi munosabati bilan muammolar yuzaga kelmoqda. Mazkur holatni qonuniy hal qilish bo‘yicha deputatlarimizning amaliy yordami kerak.

Shuningdek, deputatlardan o‘z hududlarida tahsil olayotgan yoshlar uchun kerakli musiqa va sport jihozlariga bo‘lgan ehtiyojlarni aniqlash va mahalliy hokimliklar tomonidan mazkur ehtiyojning butlanishida ko‘mak so‘raldi. Shu bilan birga, yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish uchun tashkil etilgan to‘garaklarning nechog‘li maqsadli faoliyat olib borayotganligini nazorat qilishda ham hamkorlik zarur.

Sessiya ishida shuningdek, viloyat ichki ishlar boshqarmasi migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Davron Norchayevning migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish, boshqarmaning quyi tizimlari tomonidan 2021 yil davomida amalga oshirilgan ishlar va kelgusidagi ustuvor rejalari to‘g‘risidagi hisoboti va Kengash doimiy komissiyasining mazkur masala yuzasidan o‘rganish natijalari bo‘yicha axboroti tinglandi.

Deputatlar fuqarolarga qulaylik yaratish maqsadida, aholi zich joylashgan va migratsiya oqimi yuqori bo‘lgan shahar-tumanlarga o‘rnatish uchun qo‘shimcha 4 ta xorijga chiqish, biometrik pasporti rasmiylashtirish jamlanmasi ajratish yuzasidan Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markaziga, 2022 yilning 1 yanvaridan boshlab, O‘zbekiston Respublikasi xorijga chiqish biometrik pasporti va shaxsini tasdiqlovchi ID-kartalarni Davlat xizmatlari agentliklari orqali rasmiylashtirishni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflarini bildirdilar.

Sessiyada muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan Kengash qarorlari qabul qilindi.