Quyosh panellari: Xarid qilish va o‘rnatish dastlab katta mablag‘ talab qiladi, ammo iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi

Ochig‘i, telegram kanalimiz va saytimizda bu mavzuda juda ko‘p maqolalar berganmiz. Negaki, ekologik toza, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan foydalanishga e’tibor qaratishni bugungi kun, davrning o‘zi talab qilmoqda.

Joriy yilning 10 iyun kuni Prezidentimiz rahbarligida o‘tkazilgan qayta tiklanuvchi energiyadan foydalanishni kengaytirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ham bu borada muhim vazifalar belgilanib, barcha vazirlik va idoralar, hokimliklar, mahalla binolarini muqobil energiyaga o‘tkazish zarurligi ta’kidlangan edi.

Ayni kunlarda viloyatimizdagi bir qator korxona va tashkilotlar binolarida muqobil energiya ishlab chiqaruvchi qulay hamda sifatli bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, elektr energiyasi tejalishiga erishilmoqda. “Yashil iqtisodiyot” tizimini joriy qilish, ijtimoiy sohada energiya samaradorligini oshirish va qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanish maqsadida korxona va tashkilotlarda elektr va issiqlik energiyasi xarajatlarini 25 foizga qisqartirish bo‘yicha dasturga muvofiq, ma’muriy va yordamchi binolarda 600 ta kichik quyosh fotoelektr stansiyalari o‘rnatiladi. Ularning 360 tasi quyosh panellari, 240 tasi quyosh suv isitish qurilmasi bo‘ladi. Hozirgacha faqat viloyat hokimligi binosi tom qismida 150 kVt bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilib, stansiyaga nominal quvvati 450 Vt bo‘lgan 334 dona monokristalli quyosh paneli va 4 ta invertor joylashtirildi. Mazkur stansiya yiliga 341 ming kVt elektr energiya ishlab chiqarish bilan birga, atmosferaga 1,1 tonna zararli chiqindilar chiqishining oldini oladi.

- Prezidentimizning 2022 yil 9 sentyabrdagi “Energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilish va kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalarini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoniga asosan, viloyatimizda 4 ta quyosh stansiyalari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda, - deydi viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i To‘raxon Hoshimov. - Jumladan, Nurobod tumanidagi yiliga 100 million kVt tok ishlab chiqaruvchi stansiya foydalanishga topshirildi. Cho‘ponota massivida Samarqand turistik markazini tok bilan ta’minlovchi 500 million kVtga mo‘ljallangan quyosh stansiyasi tez orada ishga tushadi. Shuningdek, Past Darg‘om va Nurobod tumanlarida yana bittadan stansiya qurish ishlari boshlangan.

Bir necha yil ilgari “O‘zBAT” qo‘shma korxonasi tomonidan yuzlab urgutliklarning xonadonlarda, shuningdek, Samarqand va Qo‘shrabot tumanlaridagi qishloq vrachlik punktlari, maktab va bolalar bog‘chalarida quyosh panellari orqali suv isitish batareyalari o‘rnatilgan edi. Boshqarmamiz ham o‘z hisobidan 12 ta kichik quyosh stansiyalari qurib berdi.

Viloyat mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi hamda uning quyi tuzilmalarida ham muqobil energiya manbalaridan foydalanib kelinmoqda. Xususan, boshqarma binosining tom qismiga 45 ta quyosh paneli o‘rnatilgani xizmat xonalarini to‘liq elektr energiyasi bilan ta’minlash imkonini bermoqda.

Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalari xarid qilganlarga kompensatsiya to‘lanishi haqida qaror qabul qilingach, aholi orasida ham o‘z xonadonlariga ana shunday quyosh panellarini o‘rnatishga bo‘lgan qiziqish ortdi. Samarqand shahridagi Mir Said Baraka mahallasi binosiga quyosh panellari o‘rnatilgach, hozirda muqobil energiya quvvatidan beminnat foydalanilmoqda.

- Keyingi ikki oy ichida 130 dan ortiq mahalla binolarida muqobil energiya uskunalarini qurish ishlari jadal olib borilmoqda, -deydi viloyat Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi bosh mutaxassisi Hasan Turdiyev. – Hisob-kitoblarga ko‘ra, viloyatdagi barcha - 1126 ta mahalla binosini elektr energiyasi bilan ta’minlash uchun bir yilda 2 milliard so‘m mablag‘ sarflanadi. Kelgusida mahalla fuqarolar yig‘inlari binolariga quyosh panellarini to‘liq o‘rnatish bilan ular to‘liq energiya bilan ta’minlanadi.

Tan olish kerak, bugungi kunda yurtimizda sohani rivojlantirish asosan chet el investitsiyasi hisobiga amalga oshirilmoqda. Biroq kichik quvvatli, energiya tejovchi texnologiyalarni joriy qilishda boshqa davlatlar ko‘rsatkichidan ancha past darajada qolyapmiz.

- Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini xarid qilish va o‘rnatish dastlab katta mablag‘ talab etsa-da, ular keyinchalik iqtisodiy jihatdan o‘zini oqlaydi, - deydi T.Hoshimov. - Jismoniy shaxslarga qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini 3 yil mobaynida foizsiz bo‘lib-bo‘lib to‘lagan holda sotib olish imkoniyati yaratilgan. Ularni sotib olgan va o‘rnatgan fuqarolarga xarid xarajatlarining bir qismi belgilangan tartibda kompensatsiya qilinishi ham nazarda tutilgan. Shuningdek, “temir daftar”ga kiritilgan ehtiyojmand oilalarga quyosh panellari byudjet mablag‘lari hisobidan o‘rnatilishi belgilab qo‘yilgan. Bunda qurilmalarda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining ehtiyojidan ortiqcha qismini davlatga sotish amaliyoti joriy etilmoqda. Ushbu huquqiy mexanizm esa o‘z navbatida energiya tejamkorligini ta’minlashni, shuningdek, elektr energiyasi ishlab chiqarish jarayonlarida xususiy sektor ulushini ko‘paytirish imkonini yaratadi, aholining daromadlari oshishiga xizmat qiladi.

Viloyatda shamol elektr stansiyalarini rivojlantirishga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. Xususan, Bulung‘ur tumanining Yuqori nuqtasida, Urgut, Nurobod, Payariq tumanlaridan o‘tgan shamol yo‘llarida shamol elektr stansiyalari qurish ham ko‘zda tutilgan. Buning uchun Niderlandiya davlati tajribasidan kelib chiqib, balandligi 70 metrli shamol stansiyalari o‘rnatiladi.   

Bugungi kunda mamlakatimizda qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqaruvchi 50 dan ortiq tadbirkorlik sub’yekti faoliyat olib boradi. Ushbu faoliyat uchun ularga soliq va mol-mulk imtiyozlari berilmoqda. Bulung‘ur va Urgut tumanlarida bunyod etilayotgan “Yangi O‘zbekiston” massivlarida joylashgan besh yuzga yaqin xonadonda muqobil energiya manbalari joriy qilinadi.

Dilmurod To‘xtayev.