Quyosh panellarini o‘rnatib, foyda olishni boshladingizmi?
Viloyatimizda joriy yil 1074 ta ijtimoiy soha ob’yekti va davlat idorasida qayta tiklanuvchi elektr manbalari o‘rnatilishi rejalashtirilgan bo‘lib, hozirgacha 795 tashkilotda jami quvvati 9,83 mVt bo‘lgan quyosh panellari va 75,70 ming litr sig‘imdagi gelio-kollektorlar o‘rnatildi.
Shu kungacha barcha tumanlarda davlat idoralarida belgilangan rejadagi quyosh panellari o‘rnatib bo‘lingan bo‘lsa, Samarqand shahrida bu boradagi reja 68 foizga bajarilgan. Quyosh energiyasi yordamida suv istish qurilmalari, ya’ni gelio-kollektorlar o‘rnatish ishlari Payariq, Samarqand, Urgut, Paxtachi tumanlarida sust ketmoqda.
Jumladan, 3751 ta hovlida kichik quvvatdagi energiya manbalarini o‘rnatish ko‘zda tutilgan bo‘lsa-da, vazifalar o‘z vaqtida bajarilmayapti. Hozirgacha, 17,53 megavatt o‘rniga 5,56 megavatt quvvatga ega bo‘lgan qurilmalar o‘rnatilib, bu boradagi ishlar bor-yo‘g‘i 32 foizga bajarilgan. Tuman hokimliklari va mutasaddi tashkilotlar tomonidan aholi xonadonlarida quyosh panellari o‘rnatish ishlari Payariq, Paxtachi, Past Darg‘om, Urgut, Qo‘shrabot tumanlarida yaxshi tashkil etilmagan.
Xonadonlarda quyosh energiyasi yordamida suv isitish uskunalaridan foydalansa bo‘ladi. Jomboy, Narpay, Oqdaryo tumanlarida kichik quvvatli gelio-kollektorlarni o‘rnatish ishlari yaxshi tashkil etilgan.
Joriy yilda foydalanishga topshiriladigan ko‘p qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan ta’minlash ham ko‘zda tutilgan. Viloyatdagi 6 ta shahar va tumanda qurilgan ko‘p qavatli uylarda quyosh panellari o‘rnatiladi. Biroq quruvchi tashkilotlar tomonidan bu ishlar yetarli darajada amalga oshirilmayapti. Hozirgacha Samarqand shahrida foydalanishga topshirilgan 5 ta ko‘p qavatli uyning 1 tasiga, Payariqda 1 ta uyga quyosh panellari o‘rnatilgan bo‘lsa, Jomboy, Narpay, Oqdaryo, Urgut tumanlarida bu ishga hali qo‘l urilgan emas.
Viloyatdagi tadbirkorlik sub’yektlari tomonidan bugungi kunga qadar 50500 kVt o‘rniga, 2820 kVt quvvatga ega bo‘lgan quyosh panellari o‘rnatilgan, xolos. Dehqon bozorlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, yirik savdo do‘konlari va boshqa korxonalar tomonidan hanuzgacha bu kabi qurilmalar qo‘yilmagan. Jumladan, eng ko‘p tadbirkorlar faoliyat yuritayotgan Samarqand shahrida 128 ta o‘rniga bor-yo‘g‘i 17 ta xususiy korxonaga qarashli binolarda quyosh panellari o‘rnatilgan.
Kattaqo‘rg‘on tumani Andoqsoy mahallasida yashovchi xususiy tadbirkor Sh.Ernazarov 0,7 kVt, 2-sektorga qarashli Do‘stlik mahallasidan S.Hakimov esa 0,6 kVt quvvatga ega quyosh panellaridan foydalanib kelmoqda.
- Korxonamizga 0,7 kVt quvvatli quyosh panellarini o‘rnatib, bir oyda qariyb 300 ming so‘mlik elektr energiyasini tejayapmiz, - deydi xususiy tadbirkor Sh.Ernazarov. – Endi mahsulotlarimiz elektr yo‘qligidan buzilib qolmaydigan bo‘ldi. Ortiqcha ishlab chiqarilgan elektr energiyani esa davlatga sotamiz.
Prezident qaroriga muvofiq, joriy yildan boshlab umumiy quvvati 100 kVt.gacha bo‘lgan qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini o‘rnatgan jismoniy va yuridik shaxslar ushbu qurilmalar bo‘yicha mol-mulk solig‘i, yer solig‘i hamda yuridik shaxslar sotgan elektr energiyasi uchun olgan foydadan hisoblanadigan soliqni to‘lashdan uch yil muddatga, quyosh panellarining quvvatiga nisbatan 25 foizdan kam bo‘lmagan quvvatga ega elektr energiyasini saqlash tizimi bilan o‘rnatgan bo‘lsa, o‘n yil muddatga ozod etilishi ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, “Quyoshli xonadon” dasturiga ulangan aholi va tadbirkorlik sub’yektlari, qayta tiklanuvchi energiya manbalarida ishlab chiqarilgan elektr energiyasini davlat organiga va hududiy elektr tarmoqlariga o‘rnatilgan tariflarda, o‘zaro kelishilgan narxlarda uzoq muddatli shartnomalar asosida sotishlari mumkin.
Quyosh panellari o‘rnatgan tadbirkorlar yagona energetika tizimiga uzatilgan va iste’mol qilingan elektr hajmining hisobi billing tizimida yuritilib, oy yakuni bilan o‘zaro hisob-kitob qilinadi.
Aholi o‘rnatgan quyosh panellarida ishlab chiqarilgan va o‘z iste’molidan orttirib uzatilgan energiyaning har bir kilovatt-soati uchun byudjetdan 1000 so‘mdan subsidiya ajratiladi. Ushbu mablag‘ soliq organlari tomonidan har oyda “Soliq.uz” mobil ilovasi orqali fuqarolarning bank kartalariga o‘tkazib berilishi ko‘zda tutilgan.
- Hozirda viloyatimizda aholi xonadonlariga kichik quvvatli, ya’ni, umumiy quvvati 50 kVt.gacha bo‘lgan quyosh panellarini o‘rnatishni rag‘batlantirish bo‘yicha “Quyoshli xonadon” dasturi amalga oshirilmoqda, - deydi Samarqand elektr tarmoqlari korxonasi ASKUE bo‘limi boshlig‘i Temur Oripov. – Bu dastur hali yangi bo‘lganligi uchun ham ko‘pchilik yetarlicha tushunchaga ega emas, mazkur dasturga a’zo bo‘lishga shoshilmayapti. Hozirgacha, viloyatdagi 16 ta yuridik shaxs dasturda ro‘yxatga olingan. Aholi tomonidan ham 4 nafar fuqaro elektron tarzda ariza bergan, xolos. Ammo ularning xonadonlariga borib o‘rganganimizda hali quyosh panellari o‘rnatilmaganligining guvohi bo‘ldik.
Yana bir gap. Siz xonadoningizga quyosh panellari sotib olib, o‘rnatdingizmi, albatta, “Quyoshli xonadon” dasturida elektron tarzda ro‘yxatdan o‘ting. Bu siz sarflagan elektr energiyasi hisobini yuritish, xarajatni qoplashdan tashqari, qo‘shimcha daromad ham keltirishini unutmang!
Dilmurod TO‘XTAYeV.