Rossiya mamlakatda yirik loyihani amalga oshirish uchun o‘zbekistonlik ishchilarni jalb qiladi
Gap Rossiyaning Sharqiy poligon loyihasi haqida bormoqda. Uni amalga oshirish uchun Rossiya hukumati O‘zbekiston, Belarus va Qirg‘izistondan quruvchilarni jalb qilishni rejalashtirayotgani ma’lum qilindi. Bu haqda bosh vazir o‘rinbosari Marat Xusnullinning so‘zlariga asoslanib, «TASS» xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, bosh vazir o‘rinbosari ushbu reja to‘g‘risida Rossiya prezidenti Vladimir Putinning hukumat a’zolari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ma’lum qilgan va loyihaning amalga oshirilishiga Rossiya temir yo‘llari tarkibidagi mehnat resurslari ham safarbar etilishini aytgan.
«Biz Belarusdan ishchilar, O‘zbekiston va Qirg‘izistondan esa mutaxassis-ishchilarni loyihaga jalb etish borasida ariza topshirdik. Hozirda ushbu ishchi kuchlarini tezda olib kelish uchun Tatyana Golikovaning komissiyasi bilan ishlayapmiz», deya qayd etgan Xusnullin.
Uning ta’kidlashicha, ayni paytda loyihada 11 ming kishi ishlayotgan bo‘lib, Rossiya temir yo‘llari bu ko‘rsatkichni iyul–avgust oylarida 15 ming kishiga, yil oxiriga qadar esa 20 mingdan ortiq kishiga yetkazishi kerak.
Sharqiy poligonni modernizatsiya qilish Rossiyadagi eng yirik infratuzilma loyihalaridan biri hisoblanib, loyihaning birinchi bosqichi 2021 yilda BAM (Baykal–Amur magistral liniyasi) va Transsib (Trans–Sibir temir yo‘l tarmog‘i)ning dengiz portlari va Uzoq Sharqning chegara o‘tish punktlari orqali yuk tashish hajmini 144 million tonnagacha oshirilishini nazarda tutadi. Ikkinchi bosqichni amalga oshirish esa 2024 yilgacha avtomobil yo‘llarining o‘tkazuvchanligini yiliga 180 million tonnaga yetkazadi.