Rossiya-Ukraina chegaralariga yadroviy minalarni ko‘mish taklif etildi
"Ukraina Rossiya chegaralariga yadroviy minalarini ko‘mib chiqishi kerak" dedi Kiyevdagi Yevroatlantika hamkorligi instituti tahlilchisi Igor Koziy, ObozTV telekanalida.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaning agressiyasidan, zo‘ravonligidan va xavfidan Ukrainani faqatgina Rossiya bilan o‘rtadagi chegaraga yadro minalarini ko‘mib chiqish asraydi. Uning eslatishicha, "Sovuq urush" yillarida Germaniya Federativ Respublikasi ana shunday yo‘l tutgan.
Koziyning so‘zlariga ko‘ra, Ukraina yadro minalarni mustaqil ravishda o‘zi ishlab chiqarsa ham bo‘ladi. Buning uchun Ukrainada sharoit va tajriba bor. Faqat bu ish xalqaro hamjamiyatdan sir tutilishi kerak. "Masalan, Isroil o‘z hududida yadro qurollari borligini inkor ham etmaydi, tasdiqlamaydi ham. Lekin hamma biladi u yerda bunday qurollar bor. Biz ham ana shu tartibda ishlashimiz lozim", degan u.
2018 yilning dekabrida Ukrainaning NATOdagi sobiq vakili general-mayor Petr Garashuk Ukrainada o‘z yadro qurollariga ega bo‘lish uchun hamma sharoit borligini aytgan edi.
Eslatib o‘tamiz, SSSRning 30 foiz yadro qurollari Ukraina hududida joylashtirilgan edi. SSSR tarqab ketgandan keyin, oradan 3 yil o‘tib o‘sha yadro qurollarini Ukraina bir necha shartlar evaziga Rossiyaga topshirgan edi. Tarixda "Budapesht kelishuvi" deb nomlangan o‘sha kelishuv imzolanganda o‘rtada AQSh, Buyuk Britaniya va BMT vositachilik qilishgan va shartlardan birida "Rossiya hech qachon Ukraina hududiy yaxlitligiga daxl qilmaydi va Ukrainada ehtimoliy ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlamaydi" deb yozilgan edi. Ammo, 2014 yilda Rossiya-Ukraina mojarolari boshlanganda Rossiya tomoni o‘sha shartnomani ham, uning shartlarini ham shunchaki tan olmadi.