Rossiyada 3 nafar o‘zbekistonlik koronavirus gumoni bilan kasalxonaga yotqizildi
TIV Konsullik-huquqiy departamentining xabar berishicha, 2020 yilning 3 fevral kuni mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi (Rossiya) Bosh konsulxonasi 3 nafar O‘zbekiston fuqarolarining koronavirus gumoni bilan kasalxonaga yotqizilgani to‘g‘risida OAV xabarini tasdiqladi.
Novosibirsk-Tyumen aviareysida uchgan Xitoy fuqarosida koronavirus aniqlanganidan so‘ng ushbu reysning barcha yo‘lovchilari hamyurtlarimiz bilan kasalxonalarga joylashtirilgan.
Bosh konsulxona yurtdoshlarimiz joylashtirilgan tibbiyot muassasasi bilan aloqa o‘rnatdi.
Shifokorlar bergan ma’lumotga ko‘ra, O‘zbekiston fuqarolarining ahvoli qoniqarli va koronavirus simptomlari kuzatilmayapti. Ularning tibbiy tahlillari Tyumen va Novosibirsk tibbiyot muassasalariga yuborilgan. U yerda puxta o‘rganilganidan so‘ng tibbiy xulosa beriladi.
Konsullik-huquqiy departamenti Rossiyaning Ural federal okrugi (Kurgan viloyati, Sverdlovsk viloyati, Tyumen viloyati, Chelyabinsk viloyati, Xanti-Mansiysk avtonom okrugi – Yugra, Yamal-Nenetsk avtonom okrugi) hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolari zarur holatlarda mamlakatimizning Yekaterinburg shahridagi Bosh konsulxonasiga quyidagi telefon raqamlari orqali murojaat qilishlari mumkinligini eslatib o‘tadi: +7 343 276 31 66, +7 343 272 31 33.