Samarqand davlat chet tillari hamda Samarqand iqtisodiyot va servis instituti kontrakt miqdorini mustaqil belgilaydi

Mamlakatimizdagi o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan 10 ta oliy ta’lim muassasasiga o‘zini-o‘zi to‘liq moliyaviy ta’minlash miqdoridan kelib chiqib, to‘lov-kontrakt asosida o‘qitish qiymatini belgilash huquqi berildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi xabar berdi.

O‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan OTMlar rektorlari bakalavriat ta’lim yo‘nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo‘yicha belgilangan to‘lov-kontrakt miqdori haqidagi ma’lumotlarni bir hafta muddatda ommaviy axborot vositalari va internet tarmog‘ida e’lon qiladi.

Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 3 dekabrda «Oliy ta’lim muassasalarini bosqichma-bosqich o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tkazish to‘g‘risida»gi qaroriga muvofiq, 2020 yil 1 yanvardan quyidagi 10 ta oliy ta’lim muassasasi tajriba-sinov tariqasida o‘zini-o‘zi moliyalashtirish tizimiga o‘tgan edi:

- Samarqand davlat chet tillari instituti;

- Samarqand iqtisodiyot va servis instituti;

- Toshkent davlat yuridik universiteti;

- Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti;

- Toshkent moliya instituti;

- Toshkent davlat sharqshunoslik instituti;

- Toshkent farmatsevtika instituti;

- O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti;

- Urganch davlat universiteti;

- Toshkent temir yo‘l muhandislari instituti.

Mazkur OTMlarning ilmiy pedagogik salohiyati yuqoriligi, moliyaviy faoliyatining barqarorligi, moddiy-texnik bazasi yetarli darajadaligi, ta’lim xizmatlari bozorida mazkur mutaxassisliklarga talab yuqoriligi inobatga olingan.