Samarqand jamoat transporti. Uning saviyasini xalqaro andazalarga tenglashtirish uchun nima qilishimiz kerak?

Bugungi kunda Samarqandda jamoat transportining ahvoli qanday?

Yuzaga kelayotgan muammolarni qanday hal etish mumkin?

Transport xizmatida xorij tajribalari bizda qachon qo‘llaniladi?

Yo‘lovchilarga qulaylik yaratish zarur

Samarqand nafaqat mamlakatimizda, balki Markaziy Osiyo mintaqasidagi yirik shaharlardan biri hisoblanadi. Dovrug‘i yetti iqlimga mashhur, qadimiy va hamisha nav­qiron shahrimizdagi har bir o‘zgarish, yaratilayotgan imkoniyatlar muhim ahamiyat kasb etadi. Negaki, Samarqand o‘zidagi tarixiy-madaniy osori-atiqalari, iqtisodiy salohiyati bilan hamisha xorijlik mehmonlarning diqqat-e’tiborini tortib kelmoqda. Shuning uchun ham viloyatimizda, uning markazi bo‘lmish shahrimizda aholi hamda chet ellik sayyohlar uchun jamoat transporti xizmati ko‘rsatishni tubdan takomillashtirish bugungi kun talabi.

O‘zbekiston Prezidentining 2017 yil 10 yanvardagi "Aholiga transport xizmati ko‘rsatish hamda shaharlar va qishloqlarda avtobuslarda yo‘lovchilar tashish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarorida yo‘lovchilar tashish xavfsizligini kuchaytirish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, yo‘lovchi tashish sohasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilish rejimini shakllantirish, yo‘l kira haqi uchun naqd pulsiz tizimini joriy etish kabi vazifalar belgilab berildi.

Shundan kelib chiqqan holda bugungi kunda Samarqandda jamoat transportining ahvoli qanday? Yuzaga kelayotgan muammolarni qanday hal etish mumkin? Transport xizmatida xorij tajribalari bizda qachon qo‘llaniladi?

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Samarqand viloyat kengashi bu borada o‘z nuqtai nazarini bildirib kelmoqda. Partiya deputatlik guruhi tomonidan tuzilgan ishchi guruhi mazkur masalada o‘rganish olib bordi.

Bugungi kunda viloyatimizda 323 ta yuk va yo‘lovchi tashishga ixtisoslashgan tashkilotlarda jami 8827 ta litsenziyalangan avtotransport vositalari mavjud. Shundan 765 ta avtobus, 115 ta mikroavtobus, 1709 ta "Damas", 3271 ta yo‘nalishsiz taksi va 2967 ta yuk avtomashina bor. Mavjud 399 ta yo‘nalishdan 290 tasi yoki 72,6 foizi faoliyat ko‘rsatmoqda. Transport yo‘nalishlari bo‘yicha xizmatlar ko‘rsatish qamrab olinmaganligi va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatining pastligi sababli litsenziya varaqasiga ega bo‘lmagan noqonuniy faoliyat bilan shug‘ullanuvchi transport vositalarining soni tobora ortib bormoqda. Bunday holat ayniqsa, Samarqand shahrida kuzatilmoqda. Natijada ko‘cha va yo‘llarda tirbandliklar yuzaga kelmoqda.

Yechimini kutayotgan masala ko‘p

Ushbu masala o‘ta jiddiy va ijtimoiy ahamiyat kasb etadi. Shaharda yo‘lovchi tashish tizimini yanada yaxshilash va tubdan takomillashtirish borasida amalga oshirilishi lozim bo‘lgan quyidagi yechimlarni bildirmoqchimiz.

Keyingi paytlarda "ISUZU" NP-37 va NC-40 rusumli avtobuslarning narxi keskin ko‘tarilib ketganligi hisobga olinib, Samarqand shahrida yo‘lovchi tashish avtobuslari suyultirilgan gazga moslashtirilgan bo‘l­sa, suyultirilgan gazni zavoddan ishlab chiqarilgan narxda limit asosida berilishini yo‘lga qo‘yish, investitsiya nadbavkasi va 1 m/kub uchun to‘lanadigan iste’mol solig‘idan ozod etilishi lozim.

Samarqand shahrida yo‘­lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanuvchi avtobuslarning cheklangan tarifini bir yo‘lovchi uchun 1500 so‘m, yo‘nalishsiz taksilarning cheklangan tarifini esa 1 kilometrga bir yo‘lovchini tashish narxini 1000 so‘m qilib belgilash hamda cheklangan tarifdan keltirilgan zararni mahalliy byudjetdan, imtiyozli yo‘lovchilarni tashishdan keltirilgan zarar esa respublika byudjetidan qoplanishi maqsadga muvofiq bo‘ladi.

O‘zboshimchalik bilan noqonuniy ravishda tashkil etilgan bekatchalarni nazoratga olish, Samarqand shahridagi ta’mirtalab ko‘chalarni shahardagi avtotransport vositalari tirbandligining oldini olish va jamoat transportining samarali harakatini tashkil etish maqsadida ta’mirlash, shaharda hozirgi kunda jadallik bilan o‘sib borayotgan yo‘nalishsiz taksilar sonini cheklash masalasini ko‘rib chiqish muhim.

I.HAMROYeV,

"O‘zavtotrans" agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i.

Xorij tajribasini bizda ham qo‘llash kerak

Ommaviy axborot vositalaridan birida Kanadadagi jamoat transporti tizimini yoritishibdi. O‘qib hayron qoldim. Masalan, bir joydan chipta sotib  olsangiz necha marta transport almashtirsangiz ham, avtobusmi, tramvaymi, metrogami – o‘sha bitta chipta amal qilar ekan.

Yana bir shaharda chiptaga 1 soatu 45 daqiqa vaqt belgilanar ekan. O‘sha vaqt tugaguncha siz xohlagan joyingizga borib qaytishingiz mumkin. Agar 1 soatu 40 daqiqada ishingiz bitib, chiptangiz yaroqlilik vaqti tugashiga 5 daqiqa qolganida avtobusga chiqsangiz, haydovchi chiptangizni boshqasiga almashtirib berar va chipta yana 1 soatu 45 daqiqa o‘z kuchida bo‘lar ekan.

Shaharlarda avtobuslar tirbandligi bo‘lmasligi taajjubga soldi. Yo‘lning o‘ng cheti avtobuslar uchun ajratilar, bu yo‘lda boshqa transport vositalarining to‘xtashi, to‘sib qo‘yilishi qonun bilan taqiqlangan. Mabodo avtobus yo‘li to‘sib qo‘yilsa, politsiya o‘sha haydovchini jarimaga tortar ekan. Bir polosadan iborat yo‘lda oldingizda avtobus bo‘lsa, bizdagidek uni quvib o‘tish mumkin emas ekan. Bu qonunbuzarlik hisoblanadi. Avtobus avtobusning ortidan ketaveradi.

Haydovchilarga qo‘yilgan eng katta talab yo‘lovchilarga sifatli xizmat ko‘rsatish hisoblanadi, deb yozadi OAV. Xushmuomalalik, yo‘lovchilarni manziliga xavfsiz va o‘z vaqtida yetkazish ularning asosiy vazifasi. Ularning liboslari, ism-familiyasi yozilgan ko‘krak nishonlari bo‘ladi. Haydovchilarga elektron devoyslardan foydalanishga ruxsat berilmaydi. Avtobus haydovchilarini qolgan haydovchilar hurmat qilishadi va ularga doimo yo‘l berishadi.

Yoki Koreya xalq demokratik respublikasini olaylik. Pxenyanning keng ko‘chalarida shaxsiy avtomobillar juda kam bo‘lib, hech qachon tirbandliklar kuzatilmas, yo‘lkira avtobusga ham, metroga bir xil ekan. Taksilar yap-yangi bo‘lib, rulda mashina markasi o‘rniga haydovchi haqida ma’lumot tushirilgan qog‘ozni ko‘rish mumkin ekan. Bizda ham bu borada bir o‘zgarishlar bo‘lgandi. Biroq keyingi paytlarda ularni kam uchratyapmiz.

Egamurod XOLMURODOV,

Samarqand shahri.

Oq "taxi"

Bugungi kunda hisobda turmagan taksilarni legallashtirish – asosiy muammoga aylangan. Oq "taxi" taksilar tizimini uch toifaga bo‘lish mumkin. Ekonom, komfort va biznes yo‘nalishlari bo‘lib, chet ellik sayyohlarga komfort va biznes yo‘nalishlardagi taksilar xizmat qiladi.

Korxona haydovchilari buyurtmadan tushgan pullarning 15 foizini korxonaga, qolganini esa o‘zlariga olishadi.

Hozirgi sharoitda taksilar mashina to‘lmaguncha turib oladi yoki yo‘lma-yo‘l odam olib ketaveradi. Bu hech qaysi mamlakatda yo‘q. Sariq taksilar uyushmasi soliqdan qochish uchun 50 kishigacha bo‘lgan bir nechta uyushmachalar ochib olgan.

Haydovchidan kuniga 35-45 ming so‘m olishadi. O‘rtacha 40 ming so‘m bo‘lganda, 20 kishi kuniga 800 ming so‘m to‘laydi. Ammo 5 foiz soliq berishadi. Ya’ni bir haydovchi hisobiga 1 oyda 40 ming so‘m soliq to‘lanadi.

Shahrimiz turistik shahar bo‘lgani uchun dispetcherlik xizmatini rivojlantirmasdan oldinga yurib bo‘lmaydi.

Rahmon YaZGAROV.

Avtoboshbekatlarni chetga chiqarish lozim

O‘tgan 2018 yil davomida O‘zbekiston avtomobil transporti agentligi viloyat boshqarmasi bilan hamkorlikda o‘tkazilgan 882 ta qo‘shma reyd tadbirlari natijasida ja­mi 6876 ta avtomobil transportida yo‘lovchi va yuk tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullanish ho­latlari aniqlanib, 6876 nafar huquqbuzarga nisbatan ma’muriy chora ko‘rildi.

Bugungi kunda Samarqand shahriga tumanlardan kirib kelayotgan avtotransport vositalarini tartibga solish, shahar bilan shahar atrofi yo‘nalishlarini bog‘lash, shaharga kirib kelayotgan avtotransport vositalari sonini kamaytirib, tartibsizlik va tirbandliklarning oldini olish maqsadida Shohi Zinda ko‘chasining Dahbed ko‘chasidan "Siyob dehqon bozori"gacha bo‘lgan qismini kengaytirish ishlarini nihoyasiga yetkazish kerak.

Oqdaryo, Payariq, Ishtixon, Qo‘shrabot tumanlaridan qatnovchi yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun shahardan tashqarida, M-37 "Samarqand – Buxoro– Turkmanboshi" avtomobil yo‘lining 3-kilometr chap tomonidan avtoshohbekat barpo etish, Nurobod tumani va Qashqadaryo viloyati yo‘nalishlarida qatnovchi yo‘lovchi tashuvchi transport vositalari uchun A-378 "Samar­qand – G‘uzor" avtomobil yo‘lining 6-kilometr o‘ng tomonida avtoshohbekat barpo etib, tuman shifoxonasi oldida to‘planib turadigan transport vositalarini ko‘­chirish lozim.

Shuningdek, "Siyob avtoshohbekatini (Kaptarxona) A-377 "Samarqand – Ayniy" avtomobil yo‘lining 2-kilometr chap tomoni (Chumchuqli qishlog‘i)ga ko‘chirish, "Xazora" avtoboshbekatini 4R-46 "Samarqand – Juma – Kattaqo‘rg‘on avtomobil yo‘lining 5-kilometr o‘ng tomoniga (sobiq "Charxin" YPX maskani yaqiniga) joylashtirish maqsadga muvofiq bo‘ladi.

 A.NOSIROV, viloyat IIB yo‘l harakati xavfsizligi

boshqarmasi boshlig‘i.

Bepul avtoturargohlar qurilsa

Shahar ko‘chalarida tirbandlik kelib chiqishini boshqa shahar va qishloqlardan shaxsiy mashinalar hamda yuk avtoulovlarning kirib kelishi bilan ham izohlash mumkin. Chunki shahardagi halqa yo‘liga boshqa shaharlardan katta trassalar kelib ulangan. Xorij tajribasida bu e’tiborga olingan. Ya’ni, shaxsiy mashinalarda kelganlar uchun halqa yo‘li orqasida bepul avtoturargohlar qurilgan. Haydovchi ulovini shu yerda qoldirib, jamoat transportida kerakli manziliga boradi va ishini bitirib qaytadi. Bu bilan shahardagi tirbandlikning oldi olinadi. Shahar byudjetiga, transport tizimiga mablag‘ kelib tushadi.

Mamadamin MAMATQULOV, mehnat faxriysi.

Haydovchilar maosh olmas ekan

Jamoat transporti uchun yo‘lning o‘ng tomondagi bir yo‘lagini "A" harfi bilan belgilash kerak. Bekatlarni savdo do‘koni bilan birga qurish tajribasidan voz kechish lozim. Chunki savdo do‘koni bekatning 60-70 foizini egallab olyapti. Bekatlarda raqamli tablo qo‘yish kerak va unda avtobuslarning oraliq vaqti ko‘rsatilgan bo‘lishi, kechki vaqtlari esa tablo yonib turishi kerak. Avtobuslarga oldindan minib, orqadan tushib ketish tartibini joriy qilish vaqti yetdi. Bu yo‘lovchilar uchun qulaylik tug‘diradi. Xorij tajribasi shunday. Soat 18:00 dan keyin juda oz yo‘nalishlarda bitta-yarimta avtobus ko‘rinadi. Bu yo‘lovchi uchun noqulayliklar tug‘diradi. Voyaga yetmagan baqiroq bolalar (konduktor) mehnatidan voz kechish lozim. Agar konduktorlar kerak bo‘lsa, o‘rta yoshli madaniyatli fuqarolarni ishga qabul qilish darkor.

Ko‘pgina uyushmalarda hamshira va texnik xodim yo‘l varaqasiga muhr qo‘yganligi uchun pul oladi (1000 so‘m). Hech qanday tibbiy ko‘rik, mashinalarni tekshirish deyarli uchramaydi. Uyushmaga a’zo bo‘lganlar ertalab buning uchun kelishadi va yo‘l varaqasi uchun pul tashlashadi. Lekin bu pullar kitobda qayd qilinmaydi. Taksilarda o‘rnatilgan taksometrlar yashirib qo‘yilgan yo umuman qo‘yilmagan (litsenziya olishda albatta, taksida bo‘ladi, bo‘lmasa litsenziya berilmaydi).

Taksilarning qurilma panelida haydovchining familiyasi, ismi, sharifi, ish vaqti boshlanishi va tugashi, fotosurati, litsenziya raqami, yo‘lkira qiymati, tashuvchining manzili va telefon raqami) yozilgan bo‘lish shart. Ammo hozircha bunday taksilar juda oz.

Taksi haydovchilari tarifni o‘zi belgilaydi, ya’ni savdo qiladi. Ayrim taksilarning sanitariya holati achinarli ahvolda: mashina ichi yuvilmagan, ayrimlarining salonidan noxush hid anqib turadi. Ba’zi haydovchilarning muomala madaniyati past, baland ovozda musiqa qo‘yib, nos chekib, sigareta tutatadi. Bular dilni xira qiladigan holatlar.

Taksi haydovchilari 8 soat ishlashi belgilab qo‘yilganligiga qaramasdan, 10-12 soat ishlashadi. Zo‘riqish nohush holatlarga olib kelishi mumkin. Haydovchilar uyushmaga 20 kun uchun pul to‘laydi. Qolgan 10 kun xech qayerda qayd qilinmaydi.

Yana bir muammo. Haydovchilarga oylik maosh yozilib, mehnat daftarchasi ochilgan. Eng kam ish haqi miqdorida maosh yozilar ekan. Lekin ular bu oylikni olmaganini  aytadi.

 O‘ktam SAIDMURODOV,

xalq deputatlari viloyat kengashining sanoat, transport, qurilish, aloqa, kommunal xo‘jalik hamda aholiga xizmatlar ko‘rsatish muassasalar bo‘yicha doimiy komissiya raisi.

Chora-tadbirlar ijrosi qanday?

O‘tgan yilning avgust oyida viloyat hokimligida o‘tkazilgan yig‘ilishda jamoat transporti xizmatini yaxshilash yuzasidan bir qator chora-tadbirlar belgilanib, mutasaddi rahbarlarga vazifalar yuklatilgan edi. Xo‘sh, u qanday ado etildi?

  1. Samarqand shahrida 14 ta maxsus "TAXI" to‘xtash joylarini tashkil qilish.

Muddati – 2018 yil yakuniga qadar.

Amalda – bu ish boshlanish arafasida.

  1. Samarqand shahrida 130 ta zamonaviy avtobus to‘xtab o‘tish bekatlari qurish. Muddati – 2018-2019 yillar.

Amalda – boshlangan, lekin juda sust.

  1. Shahardagi 118 ta avtobus bekatlarini ta’mirlash, toza saqlash, ortiqcha reklama yozuvlarga yo‘l qo‘ymaslik.

Muddati – 2018 yakuniga qadar.

Amalda – bugungi kun talabiga tozalik jihatidan ham javob bermaydi. Ortiqcha reklamalar juda ko‘p.

  1. Shaharga tumanlardan kirib kelayotgan noqonuniy yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan avtotransport vositalarini aniqlash uchun doimiy ravishda reyd o‘tkazish.

Muddati – 2018-2019 yillar.

Amalda – reyd o‘tkazilyapti.

  1. Jeton va plastik kartochkalar sotilayotgan 12 ta shoxobchalar sonini yana 5 taga ko‘paytirish (SamDAQI, Sug‘diyona, Univer­sitet xiyoboni, Dahbed ko‘chasi, Kimyogarlar shaharchasi).

Muddati – 2018 yil. Amalda – shoxobchalar keltirib qo‘yilgan, lekin hali ishga tushgani yo‘q.

  1. Shahar avtobus yo‘nalishlaridagi avtobuslar harakatini nazorat qilish uchun har bir avtobusga GPRS o‘rnatish va "O‘zavto­trans"da markazlashgan kuzatuv xonasini tashkil etish. Muddati – 2018 yil oxirigacha.

Amalda – 438 ta avtobusdan 46 tasida GPRS o‘rnatilgan, lekin ular markazlashgan kuzatuv  xonasi bilan bog‘lanmagan. Kuzatuv xonasiga  tushirilmagan. Xullas, mamlakatimizda keng qamrovli, inson manfaatiga xizmat qiladigan bunyodkorlik ishlari tobora jadal tus olmoqda. "Obod qishloq" va "Obod mahalla" dasturlari hayotga keng tatbiq etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz ravnaq topayapti. Qishloq va shaharlarimizda aholiga transport xizmati ko‘rsatish ham shunga yarasha bo‘lmog‘i lozim.

Yo‘lovchi nima deydi?

Zafar DO‘SANOV: – Ayrim avtobuslar yo‘nalishlarida avtobus kam qo‘yilgan. Oqibatda odamlar ishga, talabalar darsga vaqtida yetib borolmayapti. Tirbandlik esa oshib tushmoqda. Taklifim, hech bo‘lmaganda ertalab va kechki paytlarda avtobus qatnovi oralig‘ini qisqaroq qilish yoki qo‘shimcha transport qo‘yish lozim. Taksilar narxini 4000 so‘mdan tushirish kerak.

Shahzodjon RAHIMOV: – Baqiroq chiptachilardan voz kechish kerak. Ular orasida maktab o‘quvchilari ham bor.

Fotima USMONOVA: – Eskirib ketgan avtobuslarni yangilash lozim. Ularning harakatlanishini kech soat 22:00 ga qadar uzaytirish kerak. Biroq avtobuslarning ko‘pi soat 18:00 dan keyin ishlamaydi, soatlab kutib qolamiz.

Zulfiya BEKMUROTOVA: – "Payariq – Chelak" yo‘nalishida qatnaydigan avtobusda yo‘l narxi turlicha. Odam ko‘p bo‘lsa narxi ham oshadi. Masalan biri 500 so‘m, ikkinchisi esa uyalmasdan 1000 so‘m talab qiladi.

Aziz mushtariy!

Ko‘tarilgan muammo nihoyatda dolzarb. O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi ushbu masalani xalq deputatlari viloyat Kengashi sessiyasiga olib chiqishni rejalashtirgan. Ishchi guruhi ushbu masalani imkoni boricha o‘rganib chiqdi, to‘plangan ma’lumotlar, mas’ullar va mutaxassislar fikri e’tiboringizga havola etilayotir. Ammo biz qat’iy va to‘g‘ri xulosaga kelish uchun siz, aziz mushtariylar nuqtai nazari hamda takliflaringizni bilmoqchimiz. Mulohazalaringizni 233-91-54, 233-91-53 telefonlari orqali yetkazishingizni so‘raymiz.

Sahifani O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat kengashi materiallari asosida "Zarafshon" muxbiri Adham HAYITOV tayyorladi.