Samarqand shahar DXM 188 nafar abituriyentni ro‘yxatga oldi

Bu yil abituriyentlar Toshkent davlat yuridik universiteti, Qoraqalpoq davlat universiteti, Guliston davlat universiteti, Farg‘ona davlat universiteti hamda Samarqand davlat universiteti bakalavr ta’lim yo‘nalishlariga o‘qishga kirish uchun davlat xizmatlari markazlari orqali ham ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin.

Bugungi kunda Samarqand viloyatidagi davlat xizmatlari markazlarida ham ushbu xizmat yo‘lga qo‘yilgan. Abituriyentlar qimmatli vaqti va mablag‘ini tejab, mazkur markazlar orqali ro‘yxatdan o‘tmoqda.

–Shu paytgacha markazimiz orqali 188 nafar abituriyent ro‘yxatdan o‘tdi, – deydi Samarqand shahar davlat xizmatlari markazi bo‘lim boshlig‘i Aziz Sobirov. – Ularning 133 nafari avvalgi yillarda ta’lim muassasalarini bitirgan yoshlar, 5 nafari nogironligi bo‘lgan shaxslardir. Keyingi kunlarda bunday xizmatdan foydalanish istagida bo‘lgan fuqarolar ko‘paymoqda. Buning uchun markazda barcha zarur shart-sharoit yaratilgan. Faqatgina abituriyentlarga xizmat ko‘rsatish uchun xodimlar ajratilgan. Hozirgacha eng ko‘p murojaat Samarqand davlat universiteti va Toshkent davlat yuridik universitetiga o‘qishga kirish istagida bo‘lgan abituriyentlardan tushdi.